• Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Bayramingiz muborak bo‘lsin salomatlik posbonlari!

12 Noyabr 2023, 8:0 416

Inson uchun eng ulug‘ ne'mat bo‘lgan sog‘liqni asrash va uni mustahkamlashdek olijanob ishga o‘z hayotini bag‘ishlagan qadrli tibbiyot xodimlari!

Siz azizlarni tibbiyot xodimlari kuni bilan chin qalbimdan tabriklayman!

Darhaqiqat, inson hayotiga dahldor bo‘lgan o‘ta mas'uliyatli kasbni zimmasiga olib, butun salohiyati va tajribasi, kuch va g‘ayratini unga baxshida etib, xizmat vazifalarini sharaf bilan ado etayotgan shifokorlarning har biri e'zozga va e'tirofga munosibdir.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tasarrufidagi sanatoriy-profilaktoriy, korxonalardagi tibbiy sanitariya punktlari, oilaviy poliklinika hamda maktabgacha ta'lim muassalarida faoliyat yuritayotgan shifokor va hamshiralar ham har qanday vaziyatda ishchi-xodimlar va farzandlarimiz salomatligi uchun kurashib, ularga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatib kelishmoqda.

Sizlar inson hayotini asrash, ularga yuksak e'tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish borasida betinim xizmat qilib, o‘z burchingiz va qasamyodingizga sodiq qolib, zimmangizdagi vazifalarni fidoyilik bilan bajarmoqdasiz.

Sizlarning matonat va bilimingiz, tajriba va professional mahoratingiz tibbiyot sohasidagi islohotlarning amalga oshirilishida va jahon andozalariga mos ravishda rivojlanishini ta'minlashda zamin bo‘lmoqda.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ham soha xodimlariga munosib mehnat sharoitlarini yaratish va sifatli xizmatni ta'minlash maqsadida tibbiyot muassasalarini doimo qo‘llab-quvvatlab keladi. Xususan, joriy yilda Olmaliq shahar tumanlararo perinatal markazi va Tibbiy sanitar qism rekonstruksiya qilinib, zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi.

Biz bu yo‘nalishdagi ishlarni kelgusida ham davom ettiramiz. Zero, inson qadri va uning salomatligi biz uchun ustuvor vazifadir.

Fursatdan foydalanib, barchangizni Olmaliq kon-metalurgiya kombinatining ko‘p ming sonli mehnat jamoasi va shaxsan o‘z nomimdan yana bir bor samimiy tabriklab, Sizlarga mustahkam sog‘liq, tinchlik-xotirjamlik, mas'uliyatli va sharafli ishlaringizda ulkan zafarlar tilayman!

Abdulla Xursanov,

“Olmaliq KMK” aksiyadorlik jamiyati

boshqaruvi raisi, senator

Bo`lishmoq:
Text to speech