Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Hurmatli Ommaviy axborot vositalari xodimlari, qadrli jurnalistlar!
Sizlarni bugungi kasb bayramingiz bilan samimiy tabriklayman.
27-iyun sanasi har yili Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni sifatida keng nishonlanib kelinishi albatta bejizga emas. Bu - Siz tanlagan kasb, ijod yo‘li davlatimiz va jamiyatimiz hayotida nechog‘li muhim ahamiyat kasb etishidan dalolat beradi.
Bugun dunyoda kechayotgan globallashuv davrida hamda qaltis geosiyosiy vaziyatda aholiga haqqoniy va tezkor axborot yetkazishda sizlarning muhim o‘rningiz bor.
Taraqqiyot bosqichiga dadil qadam tashlayotgan Yangi O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisiga, odamlarimizni, keng ommani yangicha fikrlashga, ma'naviy uyg‘oqlikka, ongu tafakkurimizni o‘zgartirishga da'vat etadigan qudratli kuchga aylanmoqda.
Kuni kecha davlatimiz rahbari Ommaviy axborot vositalari xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigida bugungi kunda matbuot ishi, jurnalistlar faoliyati nafaqat “to‘rtinchi hokimiyat”, balki mudofaa, xavfsizlik kabi hal qiluvchi sohaga aylanib borayotganini alohida ta'kidladilar. Bu esa mazkur yo‘nalishda aynan sizlardek jasur va dovyurak, Vatanni chin dildan sevadigan, o‘z kasbiga sodiq va fidoyi insonlar tobora ko‘proq bo‘lishini taqozo etmoqda.
Mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, soha xodimlarining ijtimoiy hayotdagi o‘rni va nufuzini oshirish, mashaqqatli mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda.
Xususan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tasarrufidagi matbuot nashrlari, ijtimoiy tarmoqlar va telekanal ham har tomonlama qo‘llab-quvvatlanib, ijodiy jamoaning zamonga mos faoliyat yuritishi, bugungi ijtimoiy-siyosiy hayotimizdagi islohotlarni, kombinat va shahar hayotini xolis va obyektiv yoritishlari uchun yetarli sharoitlar yaratib berilmoqda.
Buning natijasida OKMK Ochiqlik indeksi-2023 natijalari bo‘yicha aksiyadorlik jamiyatlari o‘rtasida 86,8 ball bilan birinchi o‘rinni egallagan edi. Respublika idoralari va tashkilotlari orasida esa 2-o‘ringa loyiq ko‘rildi.
Bundan tashqari, Aksiyadorlik jamiyatlari va kompaniyalar o‘rtasida “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ Axborot xizmati rahbarining faoliyati 86,3 ball bilan yuqori darajada baholangan. 2022-yilga nisbatan esa o‘sish samaradorligi +4,3 barobarni tashkil etgan.
Kuni kecha Prezidentimiz farmoni bilan bir guruh jurnalist va ijodkorlar davlatimiznnig yuksak mukofotlari bilan taqdirlandilar. Mas'uliyatli va sharafli kasbi ortidan xalqimiz mehrini qozonayotgan mana shunday fidoyilar safida Sizlar - mahalliy ommaviy axborot vositalari xodimlari ham bo‘lishingizga ishonaman. Buning uchun marrani yuqori oling, ijod va izlanishdan aslo to‘xtamang!
Fursatdan foydalanib, milliy OAV rivoji yo‘lida o‘zini ayamasdan, fidokorona mehnat qilib kelayotgan kombinat Axborot xizmatining “OKMK TV” telekanali, “Rangli metallar”, “За цветные металлы” gazetalari va www.agmk.uz veb-saytini, “Olmaliq hayoti”, “Алмалыкский рабочий” nashrlarining ijodiy va texnik xodimlarini, barcha jurnalistlarimizni, muhtaram faxriylarimizni ushbu qutlug‘ sana bilan samimiy tabriklayman!
Sizlarga mustahkam sog‘liq, oilaviy xotirjamlik, ijodiy faoliyatingizda ulkan zafarlar tilayman! Hamisha qalamingiz o‘tkir, qadamingiz dadil bo‘lsin!
Abdulla Xursanov,
“Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi, senator