Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari tabrigi

27 Iyun 2026, 8:4 72

Hurmatli matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari, qadrli jurnalistlar va sohaning fidoyi faxriylari!

Sizlarni, kasb bayramingiz bilan chin qalbimdan muborakbod etaman!

Muhtaram Prezidentimiz olib borayotgan oqilona siyosat tufayli yurtimizda soʻz erkinligi va oshkoralik hayotimizning bosh mezoniga aylandi. Bu yuksak ishonch sizlarning zimmangizga nafaqat sharaf, balki xalq oldidagi ulkan ijtimoiy mas’uliyatni ham yuklaydi.

Bugun jurnalist va blogerlar jamiyatdagi ogʻriqli nuqtalarni dadillik va shijoat bilan koʻtarib chiqib, adolat va haqiqatning chinakam posboniga aylanmoqdalar. Shiddat bilan oʻzgarayotgan, axborot toʻfoni har soniyada dunyoni qamrab olayotgan davrda jamiyat islohotlarining bosh koʻzgusi, shubhasiz, sizlarsiz.

Kombinatimizning Axborot xizmati, “Rangli metallar” va “За цветные металлы” gazetalari, zamonaviy veb-tahririyat hamda «OKMK TV» telekanali ham korxonalarning mehnat yutuqlarini tezkor yoritib kelmoqda.

Aynan mana shu tizimli va shaffof mehnat samarasi tufayli, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati soʻngi yillarda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining ochiqlik reytingida 90 balldan yuqori baholanib, an’anaviy ravishda «yashil toifa»dagi eng namunali va peshqadam tashkilotlar qatoridan joy olib kelmoqda.

Shuningdek, zamon bilan hamnafas odimlab, mushtariylar qalbiga yoʻl topgan, koʻhna va navqiron shahrimizning nafasini aks ettiruvchi “Olmaliq hayoti” va “Алмалыкский рабочий” gazetalarining ijodiy faoliyati ham tahsinga loyiq.

Qadrli doʻstlar, hurmatli jurnalistlar!

Fursatdan foydalanib, kombinat va shahrimizning barcha ijodkorlarini, soha faxriylarini ushbu qutlugʻ ayyom bilan yana bir bor tabriklayman. Sizlarga ulugʻvor va sharafli vazifangizda bitmas-tuganmas kuch-quvvat, mustahkam sogʻlik va yangi ijodiy zafarlar tilayman.

Xalq xizmatidagi qadamingiz hamisha dadil, haqiqatni yozuvchi qalamingiz esa doimo oʻtkir boʻlsin!

Abdulla Xursanov,
“Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisi, senator

Bo`lishmoq:
Text to speech