• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMK boshqaruv raisi Abdulla Xursanovning Oʻzbek tili bayramiga tabrigi

21 Oktyabr 2024, 17:51 183

Hurmatli hamkasblar, aziz ustozlar, talaba yoshlar!

Kuni kecha kombinatimizda tarixiy voqealar roʻy berdi. Davlatimiz rahbarining kombinatimizga tashrifi barchamizni katta hayajonga soldi, qalbimizni gʻururga toʻldirdi.  

Bugun esa azaliy qadriyatlarimiz gultoji boʻlgan ona tilimiz – Oʻzbek tili bayramini nishonlayapmiz.

Bu yil yurtimizda Oʻzbek tiliga Davlat tili maqomi berilganiga 35 yil toʻldi.

1989 yil 21 oktyabr – Vatanimiz, xalqimiz Mustaqillikka erishish orzu-umidida yonayotgan bir davrda Oʻzbek tilining Davlat tili sifatida maydonga kirib kelishi xalqimizda yorugʻ kelajakka ishonch uygʻotgan edi.  Ana shu ishonch va umidning mevasi – Ozod va obod Oʻzbekistonimiz bugun barcha sohalarda ulkan yutuqlar bilan dunyoga tanildi. Oʻzbek tilimiz xalqaro anjumanlarda, Birlashgan Millatlar Tashkiloti minbaridan yangramoqda. Bu albatta, barchamizga gʻurur-iftixor bagʻishlaydi.

Biz davlat tili taraqqiyotini jahondagi yetakchi xorijiy tillar va mamlakatimizdagi turli millat vakillarining tili va madaniyatini rivojlantirish bilan bogʻliq holda koʻramiz.

Bu tamoyil xalqaro hamjamiyat tomonidan qoʻllab-quvvatlanib, ona tilimizni oʻrganishga intilayotgan koʻplab xorijliklar safini tobora kengaytirmoqda.

Oʻtgan asr boshlarida ma’rifatparvar jadid bobolarimiz “Tilda, fikrda, ishda birlik” degan ezgu gʻoya asosida maydonga chiqib, xalqimizni mustamlaka zulmidan xalos qilish, uni zamonaviy ilm-fan, kasb-hunar va madaniyatga oshno etish boʻyicha ulkan ishlarni amalga oshirgan edilar.

Ana shunday mushtarak maqsadlar, umummilliy birlik va ahillik bugun biz uchun har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Qadrli hamkasblar!

Mamlakatimizda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar natijasiga yaqqol misol boʻlgan “Yoshlik I” konini oʻzlashtirish investitsiyaviy loyihasi va ushbu loyiha doirasida 3-Mis boyitish fabrikasini qurish jadal sur’atlarda amalga oshirilmoqda.

Ushbu megaloyihaning davomi sifatida Prezidentimiz boshchiligida kuni kecha kombinatda 4-Mis boyitish fabrikasi qurilishiga start berildi.

Bu ishlarimizning barchasi respublika iqtisodiyotini yanada mustahkamlash va xalqimiz farovonligini oshirishga qaratilgan.

Ishonchimiz komil, ushbu vazifalarni koʻp millatli jamoamiz bir oila boʻlib sharaf bilan uddalaydi.

Jamoamizdagi totuvlik va doʻstona munosabatlar kombinatimizning katta boyligidir!

Hurmatli hamkasblar, aziz ustozlar va yoshlar, barchangizga bugungi bayram bilan tabriklayman.

Sizlarga mustahkam sogʻliq, oilaviy baxt va ishlaringizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman!

Abdulla Xursanov,

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisi, 

Oliy Majlis senatori

Bo`lishmoq:
Text to speech