• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Qurilish sohasi xodimlari kuni munosabati bilan “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ boshqaruv raisining bayram tabrigi

09 Avgust 2024, 16:3 593

Hurmatli qurilish sohasi xodimlari, aziz mehnat faxriylari!

Bunyodkorlar, loyihachilar, arxitektorlar, muhandis-konstruktorlar, ta'mirchilar, soha faxriylari - Sizlarni O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kuni bilan samimiy tabriklayman!

Ushbu bayramni bugun kombinat tarkibida faoliyat yuritib kelayotgan Loyiha ishlari boshqarmasi, Kapital qurilish boshqarmasi, “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti, Ixtisoslashtirilgan ta'mirlash ishlari boshqarmasi kabi qurilish sohasi bilan bog‘liq korxonalarimizda  jami 2877 nafar ishchi-xodimlar nishonlashmoqda.

Azal azaldan o‘zining bunyodkorligi bilan  o‘zbek xalqi nafaqat O‘rta Osiyoda, balki butun dunyoda mashhur bo‘lgan.

Bugun yurtimizga kelayotgan sayyohlar ham ajdodlarimizdan meros bo‘lgan muhtasham imoratlarni tomosha qilib hayratlanishlari bejiz emas.

E'tiborlisi, bugungi kunda mamlakatimizda qurilish sohasi o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga ko‘tarilmoqda.

Birgina kombinatimiz misolida olsak, nafaqat korxonalardagi obyektlarni qurish va ta'mirlash ishlarida balki bir qator yirik sanoat va ijtimoiy obyektlarni barpo etishda va ishga tushirishda, investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirilishida ham quruvchilarimiz faollik ko‘rsatayapti. Ular tomonidan bunyod etilayotgan inshootlar,  bog‘u-xiyobonlar, so‘lim go‘shalar xalqimizga xizmat qilmoqda.

Kombinat bunyodkorlari belgilab berilgan vazifalarni muvaffaqiyat bilan ado etib kelayotganini ham alohida ta'kidlash joiz.

Jumladan, “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti mehnat jamoasining kapital qurilish bo‘yicha amalga oshirgan ishlari 143,8 mlrd so‘mni tashkil etgan. Prognoz ko‘rsatkichlari 109,9%ga bajarilib, 280,4 mlrd so‘mlik ishlar amalga oshirilgan. 47,3 mlrd so‘mlik qurilish materiallari ishlab chiqarilib, 80,6 mlrd so‘mlik ta'mir ishlarini bajarishgan. Mehnat jamoasi Mis boyitish fabrikasi, Mis eritish zavodi, Rux zavodi, Sanoat temiryo‘l transport boshqarmasi, Chirchiqdagi birlashma,  Angren va  Qalmoqqir kon boshqarmalari kabi tarkibiy bo‘linmalardagi sanoat va maishiy binolarni ta'mirlash, rekonstruksiya qilish, texnologik uskunalar o‘rnatilishida faollik ko‘rsatishdi.

Shuningdek, Ixtisoslashtirilgan ta'mirlash ishlari boshqarmasi mehnat jamoasi ham 1-yarim yillikda barcha belgilangan vazifalarni bajarib, reja ko‘rsatkichlariga nisbatan 116,3% samaradorlikka erishishdi. Kombinatda amalga oshirilayotgan modernizatsiya ishlari doirasida Rux zavodi, Mis boyitish fabrikasi sex va bo‘linmalarida texnologik uskunalarning o‘rnatish, montaj ishlarini bajarishdi.

Bundan tashqari, ITIB mutaxassislari 3-Mis boyitish fabrikasining ishga tushirilishini jadallashtirish uchun yangi uskunalarni yig‘ish va o‘rnatish bo‘yicha bosh pudratchi ishchi-xodimlariga ham tajriba-o‘rgatish, ham montaj ishlarida ko‘makchi bo‘lib kelmoqda. Portlovchi moddalar zavodining kengaytirilishi bilan bog‘liq 3 ta sexda shamollatish tizimlarini, Ohak zavodining kengayishi doirasida ohakni kuydirish 2-liniyasining asosiy metallqurilmalarini yasash va o‘rnatish, barcha texnologik va aspiratsion uskunalarni yig‘ish va montaj qilish ishlari amalga oshirildi.

Shuningdek, mamlakatimiz mustaqilligining 33 yilligi arafasida kombinat bunyodkorlari tomonidan Ingichka boyitish fabrikasining II navbatini ishga tushirish doirasida rekonstruksiya qilingan fabrika binosi, 12-sonli maktabgacha ta'lim tashkiloti, Oqqo‘rg‘on tumani, “Eltamg‘ali” MFYda bolalar bog‘chasi va turar joy binolari, Muhandislik maktabi foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan.

Investitsiya loyihalarini amalga oshirishda ham quruvchilarimiz “Yoshlik-1” konini o‘zlashtirish” investitsiyaviy loyihasi asosida barpo etilayotgan infratuzilma obyektlari, Xitoy davlati bilan hamkorlikda tashkil etilgan qo‘shma korxona binosi qurilishi ishlarida, murakkab texnologik uskunalarini, quvurlarini yig‘ish va montaj qilishda faol ishtirok etishmoqda.

Fursatdan foydalanib, ushbu sohada sidqidildan mehnat qilayotgan barcha yuksak mahoratli, jonkuyar xodimlarga tashakkur bildiraman.

Katta bilim va tajribaga ega quruvchilar o‘zlarining fidoyi mehnatlari bilan oldimizga qo‘yilgan barcha vazifalarni ado etishlariga ishonaman.

Qadrli bunyodkorlar!

Barchangizni kasb bayramingiz bilan yana bir bor samimiy tabriklayman. Sizlarga mustahkam salomatlik, oilaviy baxt va farovonlik, yangi mehnat zafarlarini tilayman.

Abdulla Xursanov,

“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ boshqaruv raisi, senator

Bo`lishmoq:
Text to speech