• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Tibbiyot sohasi xodimlariga bayram tabrigi

08 Noyabr 2024, 16:36 218

Hurmatli va qadrli tibbiyot xodimlari va soha fidoyilari!

Barchangizni, Tibbiyot xodimlari kuni bilan chin qalbimdan tabriklayman!

Inson hayotiga dahldor bo‘lgan o‘ta mas'uliyatli kasbni zimmasiga olib,  bugungi murakkab sharoitda butun salohiyati va tajribasi, kuch va g‘ayratini unga baxshida etib, xizmat vazifalarini sharaf bilan ado etayotgan shifokorlarning har biri e'zozga va e'tirofga munosibdir.

Zero, bemorlar hayotini asrash, ularga yuksak e'tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, aholi salomatligi muhofazasi borasida ham betinim xizmat qilib, o‘z burchingiz va qasamyodingizga sodiq qolib, zimmangizdagi vazifalarni doimo  fidoyilik bilan bajarmoqdasiz. 

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tasarrufidagi sanatoriy profilaktoriy, korxonalardagi tibbiy sanitariya punktlari, oilaviy poliklinika hamda maktabgacha ta'lim muassalarida faoliyat yuritayotgan  shifokor va hamshiralar har qanday vaziyatlarda ham  ishchi-xodimlar salomatligi uchun kurashib, ularga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatib kelayotganliklari alohida e'tirofga loyiq. Sizlar ishchi-xodimlarimizning salomatligini muhofaza qilish, ularga yuksak e'tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish borasida  fidoyilik namunalarini ko‘rsatib kelayapsiz. Buning uchun barchangizga alohida minnatdorlik bildiraman.

Bugun davlatimiz tomonidan tibbiyot sohasida ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu islohotlar, eng avvalo tibbiyot tizimini yanada rivojlantirish, zamon talablari va jahon andozalariga mos bo‘lishini ta'minlashni maqsad qilgan. Albatta, bu islohotlarni amalga oshirishda va Davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan kuchli ijtimoiy siyosatni izchil hayotga tatbiq etilishida sizlarning alohida o‘rningiz va ishtirokingiz bor.

Jumladan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ham Olmaliqdagi tibbiyot  muassasalarini doimo qo‘llab-quvvatlab keladi.  Soha xodimlariga munosib mehnat sharoitlarini yaratish va sifatli tibbiy xizmat bilan ta'minlash maqsadida  Olmaliq shahar tug‘ruq kompleksi va Tibbiyot birlashmasi qoshidagi kombinat poliklinikasida  to‘liq rekonstruksiya  qilinib, zamonaviy tibbiyot jihozlari bilan ta'minlagan holda foydalanishga topshirildi.

Biz bu yo‘nalishdagi ishlarni davom ettiramiz. Zero, inson qadri va uning salomatligi biz uchun ustuvor vazifalardan biridir.

Fursatdan foydalanib, barchangizni Olmaliq kon-metalurgiya kombinati ko‘p ming sonli mehnat jamoasi va shaxsan o‘z nomimdan yana bir bor samimiy tabriklab, sizlarga mustahkam sog‘lik, tinchlik-xotirjamlik, mas'uliyatli va sharafli ishlaringizga ulkan zafarlar tilayman!

   Abdulla Xursanov,

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi, senator

Bo`lishmoq:
Text to speech