• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Bayramingiz muborak bo‘lsin salomatligimiz posbonlari!

11 Noyabr 2022, 17:33 1623

Inson uchun eng ulug‘ ne'mat bo‘lgan salomatlikni asrash va uni mustahkamlashdek olijanob ishga o‘z hayotini bag‘ishlayotgan qadrli  tibbiyot xodimlari!

Siz azizlarni Tibbiyot xodimlari kuni bilan chin qalbimdan tabriklayman!

Darhaqiqat, inson hayotiga dahldor bo‘lgan o‘ta mas'uliyatli kasbni zimmasiga olib, bugungi murakkab sharoitda butun salohiyati va tajribasi, kuch va g‘ayratini unga baxshida etib, xizmat vazifalarini sharaf bilan ado etayotgan shifokorlarning har biri e'zozga va e'tirofga munosibdir.

Ta'kidlash joizki, so‘nggi ikki yil tibbiyot xodimlari uchun o‘ziga xos sinov davriga aylandi. Koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan tahlikali va sinovli kunlarda hayotingiz va sog‘ligingizni xavfga qo‘yib, mavjud xatarlarga qarshi kurashib keldingiz. Ming shukurki, davlatimiz tomondan o‘z paytida ko‘rilgan tezkor, tizimli chora-tadbirlar hamda Sizlarning matonat va bilimingiz, salohiyat va professional mahoratingiz natijasida ushbu xatarli kasallikning keng tarqalishiga yo‘l qo‘yilmadi.

Bemorlar hayotini asrash, ularga yuksak e'tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish borasida betinim xizmat qilib, o‘z burchingiz va qasamyodingizga sodiq qolib, zimmangizdagi vazifalarni bugun ham fidoyilik bilan bajarmoqdasiz. 

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tasarrufidagi sanatoriy profilaktoriy, korxonalardagi tibbiy sanitariya punktlari, oilaviy poliklinika hamda maktabgacha ta'lim muassalarida faoliyat yuritayotgan shifokor va hamshiralar har qanday vaziyatlarda ham ishchi-xodimlar salomatligi uchun kurashib, ularga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatib kelayotganliklari alohida e'tirofga loyiq. Sizlar ishchi-xodimlarimizning salomatligini muhofaza qilish, ularga yuksak e'tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish borasida fidoyilik namunalarini ko‘rsatib kelmoqdasiz. Buning uchun barchangizga alohida minnatdorlik bildiraman.

Bugun davlatimiz tomonidan tibbiyot sohasida ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu islohotlar, eng avvalo tibbiyot tizimini yanada rivojlantirish, zamon talablari va jahon andozalariga mos bo‘lishini ta'minlashni maqsad qilgan. Jumladan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ham Olmaliqdagi tibbiyot muassasalarini doimo qo‘llab-quvvatlab keladi. Soha xodimlariga munosib mehnat sharoitlarini yaratish va sifatli tibbiy xizmat bilan ta'minlash maqsadida joriy yilda Olmaliq shahar tug‘ruq kompleksi va Tibbiyot birlashmasi qoshidagi shartnomaviy poliklinikasida rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda. Biz bu yo‘nalishdagi ishlarni davom ettiramiz. Zero, inson qadri va uning salomatligi biz uchun ustuvor vazifalardan biridir.

Fursatdan foydalanib, barchangizni Olmaliq kon-metalurgiya kombinati ko‘p ming sonli mehnat jamoasi va shaxsan o‘z nomimdan yana bir bor samimiy tabriklab, sizlarga mustahkam sog‘lik, tinchlik-xotirjamlik, mas'uliyatli va sharafli ishlaringizga ulkan zafarlar tilayman!

Abdulla Xursanov,

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi, senator

Bo`lishmoq:
Text to speech