Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Hurmatli Olmaliq kon-metallurgiya kombinati kasaba uyushmasi xodimlari, aziz hamkasblar!
Sizlarni kombinat mehnat jamoasi va oʻz nomimdan kasb bayramingiz – Oʻzbekiston kasaba uyushmalari kuni bilan chin qalbimdan tabriklayman! Bugungi kunda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati xodimlari kasaba uyushmasi mehnatkashlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning mehnat, ijtimoiy, iqtisodiy huquq va manfaatlarini himoya qilish yoʻlida beqiyos xizmat koʻrsatib kelmoqda. Kombinatimiz kasaba uyushmasi tuzilmasida 40 ta boshlangʻich tashkilotlar faoliyat yuritib, qariyb 55 ming a’zosi mavjud. Shuningdek, jamoatchilik komissiyalarida 2 mingga yaqin faollar ishtirok etmoqda. Soha vakillarining oʻz ishiga vijdonan yondashishi va ishchi-xodimlarning ijtimoiy manfaatlarini doimo himoya qilishi e’tiborga sazavor. Ishchixodimlarning oila a’zolarini sogʻlomlashtirish, “Saxovat” va “Muruvvat” uylari, maktab-internatlarni moddiy va ma’naviy qoʻllab-quvvatlashni yuksak darajada amalga oshirayotganingizni qadrlaymiz. Sizlarning ijtimoiy-iqtisodiy islohotlardagi faol ishtirokingiz, ayollar, yoshlar, bolalar huquq va manfaatlarini himoyalash yoʻlidagi tashabbuslaringiz, madaniy-ma’rifiy hayotimizni yuksaltirish yoʻlidagi mehnatlaringiz e’tirofga loyiq. Bugun cheksiz iftixor bilan ayta olamizki, kasaba uyushmasi a’zolarining sa’y-harakatlari, birdamligi va fidoyi mehnati jamoamiz ma’naviy va madaniy hamda ijtimoiy hayotida ijobiy oʻzgarishlarga sabab boʻlmoqda. Eng muhimi, ishchi-xizmatchilarning ertangi kunga ishonchi yuksalib bormoqda. Ishonchim komilki, bundan keyin ham oʻz oldimizga qoʻygan ulkan va ezgu vazifalarni amalga oshirish, mehnatni farovonlik va baxt manbaiga aylantirishda matonatli xizmatingizni ayamaysiz. Fursatdan foydalanib, barchangizga Vatanimiz ravnaqi va inson manfaatlari himoyasi yoʻlida olib borayotgan mas’uliyatli va sharafli faoliyatingizga muvaffaqiyatlar, mustahkam sogʻliq, oilangizga tinchlik va farovonlik tilayman.
Abdulla XURSANOV,
“Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi,
Oliy Majlis Senatori