Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Aziz kombinatimiz xotin-qizlari! Muhtarama onaxonlar, qadrli opa-singillar!
Bugun siz, mo‘'tabar ayollar, hurmatli opa-singillar, munis qizlarimizni fasllar go‘zali, bahorning eng chiroyli bayrami - Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman!
Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning “Biz xalqimiz roziligini avvalo, siz, muhtarama onalarimiz, opa-singillarimizning roziligi deb tushunamiz. Sizlarning sog‘-salomat bo‘lib, baxtli bo‘lib yashashingizni amalga oshirayotgan barcha-barcha islohotlarimizning asosiy maqsadi va mezoni deb bilamiz. Bu yo‘lda erishgan natijalarimiz faqatgina birinchi qadamlar bo‘lib, sizlarning qo‘llab-quvvatlashingiz, duolaringiz, hech shubhasiz, bizga cheksiz kuch-g‘ayrat bag‘ishlaydi”, degan so‘zlari biz uchun ibratdir.
Bugungi kunda kombinatimizda 8 ming nafardan ziyod xotin-qizlar fidokorona mehnat qilishmoqda. Ularning 1500 nafari rahbarlik lavozimlarida faoliyat olib borishadi. Munis opa-singillarimiz o‘zlarining kamtarona, ammo zalvorli mehnatlari bilan oldimizga qo‘yilgan ustuvor vazifalarning bajarilishida munosib hissa qo‘shib kelishmoqda. Sizning samarali mehnatingiz yuksak e'tiroflarga munosibdir va biz bundan to‘liq faxrlanamiz.
Har qanday xalqning yetuklik darajasini, avvalo, ayollarning ma'naviy-ma'rifiy kamoloti belgilab berishi, oqila va o‘qimishli onalar millatning buyuk kelajagini yaratishlari hammamizga yaxshi ayon. Ushbu maqsad yo‘lida kombinatimiz xotin-qizlari ishdan ajralmagan holda zamonaviy bilimlar olib, oliy ma'lumotli bo‘lishlari va o‘z kasbini mustahkam egallashlari uchun oliy ta'lim muassasalariga yo‘llanmalar ajratilmoqda. Xususan, bu yil “Insonga e'tibor va sifatli ta'lim yili”da 30 nafarga yaqin ayollarimizga yo‘llanmalar berildi.
Ta'kidlash joizki, bugungi kunda mehnatkash ayollarimiz orasida ko‘plab olimalar, iste'dodli tadqiqotchilar bor. Ilm-fan yo‘lida yangilik yaratish, ilmiy tadqiqotlar olib borish ham kasbiy vazifasini bajarish, farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanish ayoldan irodayu matonatni talab etadi. Bu borada amaliy yutuq va natijalarga erishayotgan olima ayollarni shaxsan men chinakam jasorat sohibalari deb bilaman va qadrlayman. Ularning mehnatini ulug‘lash va rag‘batlantirish biz uchun sharafli burch hisoblanadi. Hayotimizning fayzi bo‘lgan Siz ayollarimiz bois, turmushimiz go‘zal, xonadonlarimiz obod.
Yangi O‘zbekistonimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlar davrida OKMK jamoasi oldiga katta vazifalar qo‘yilmoqda. Albatta, bu mas'uliyatli vazifalarni amalga oshirishda Siz aziz opa-singillarimizning o‘ziga xos o‘rningiz va ishtirokingiz bor. Men ishonch bilan aytamanki, belgilangan yuksak rejalarni Sizlar bilan birgalikda sharaf bilan uddalaymiz.
Qadrli opa-singillar! Fursatdan foydalanib, barchangizni 8-mart Xalqaro xotin-qizlar ayyomi bilan samimiy tabriklayman!
Barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, xonadoningizga tinchlik-hotirjamlik, mehnat faoliyatingizda muvaffaqiyat tilayman. Sizlarga bahoriy latofat, go‘zallik va quvonch doimo hamroh bo‘lsin.
Abdulla XURSANOV,
“Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senatori