Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Hurmatli Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ishchi-xodimlari, mehnat faxriylari, aziz hamshaharlar!
Barchangizni eng ulug‘, eng aziz bayram - O‘zbekistonimiz mustaqillikka erishgan kunning o‘ttiz ikki yilligi bilan chin qalbimdan tabriklayman.
O‘tgan davrda mamlakatimiz nafaqat iqtisodiy o‘sishga, balki qurilish, madaniyat, sport va ijtimoiy sohalarda ulkan yutuqlarga erishdi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha islohotlar jadal amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ishlab chiqarishlarni yanada rivojlantirish, mavjud quvvatlarni kengaytirish, raqobatbardoshlikni oshirish va sohaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish yo‘lida misli ko‘rilmagan ishlar olib borilmoqda.
Xususan, “Yoshlik I” konini o‘zlashtirish va yangi metallurgiya majmuasini qurish loyihalari, Mis eritish, Rux va Markaziy ta'mirlash mexanika zavodlari, Mis boyitish fabrikasida amalga oshirilgan modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari kombinatning yangi tarixini belgilab berdi.
Ayni kunlarda yiliga 60 mln tonna ma'danni qayta ishlaydigan 3-Mis boyitish fabrikasini qurish, xuddi shunday quvvatdagi 4-Mis boyitish fabrikasini va mis mahsulotlari hajmini 500 ming tonnaga yetkazishni nazarda tutuvchi yangi metallurgiya majmuasini loyihalash, Uch-quloch polimetall konini qayta tiklash, shuningdek “Ingichka” konida boyitish fabrikasining ikkinchi bosqichini jadallashtirishga barcha imkoniyatlar safarbar qilindi.
Mavjud quvvatlarni rekonstruksiya va modernizatsiya qilish hisobiga barcha bashorat ko‘rsatkichlarning oshirib bajarilishiga erishilmoqda. Xususan, o‘tgan yetti oyda 17,7 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi, investitsiya dasturi doirasida 545,6 million dollar mablag‘ o‘zlashtirilishi ta'minlandi. Mahsulotlarni eksport qilish 413,2 million dollarni tashkil etdi.
Bundan tashqari, aholi turmush darajasini oshirish va ijtimoiy sohani rivojlantirish kombinat rahbariyatining doimiy e'tiborida bo‘lib keladi. Masalan, joriy yilda “OKMK” sport kompleksi va Tibbiy-sanitariya qismi rekonstruksiya qilindi, shahar tug‘ruq majmuasi foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan. Eng zamonaviy, jahon standartlariga mos asbob-uskunalar bilan jihozlangan ushbu majmualar aholi salomatligini mustahkamlashda muhim rol o‘ynashi shubhasiz.
Bunday salmoqli natijalarga haqiqiy professionallar, tajribali muhandis va malakali mutaxassislar, chin ma'nodagi o‘z kasbining ustalari erishadi. Fidoyilardan tashkil topgan jamoamiz kombinatni tubdan rivojlantirish bo‘yicha qo‘yilgan ulkan vazifalarni uddalashiga ishonamiz.
Bu yilgi bayram tantanalari ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida nishonlanmoqda.
Ushbu bayram bilan Vatanimiz istiqboli yo‘lida hormay-tolmay mehnat qilayotgan barcha hamkasblarni, jonajon shahrimiz aholisini chin dildan tabriklayman.
Sizlarga sihat-salomatlik, ezgu ishlaringizda yutuq va omadlar, xonadoningizga tinchlik-xotirjamlik va fayzu baraka tilayman.
Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!
Abdulla XURSANOV,
“Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi, senator