• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Istiqbollar ro‘yobi yaqin bo‘lganda

30 Dekabr 2023, 8:20 1294

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining qadrli mehnatkashlari, hurmatli ishlab chiqarish faxriylari, aziz hamshaharlar!

Poyoniga yetib borayotgan yil mamlakatimiz va O‘zbekistonning barcha fuqarolari uchun o‘ziga xos yil bo‘ldi. U ikki muhim voqelik bilan yodda qolayapti. Bular O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining umummilliy qabul qilinishi, unga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarning keng jamoatchilik hamda har birimizning faol ishtirokimizda qabul qilinishi, shu bilan birga O‘zbekistonning amaldagi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning qayta saylanishi bo‘ldi.

Yakunlanib borayotgan yilni tahlil qilib, natijalarni sarhisob etar ekanmiz, 2023 yil biz uchun ko‘p jabhada omadli, samarador va sermazmunlik kasb etdi.

Chunonchi “Olmaliq KMK” AJning mehnat jamoasi tomonidan joriy yilda amaldagi narxlarda 31,4 trln so‘mlik tovar mahsulotlari ishlab chiqarildi, bashoratlarning bajarilishi 105,1%ni, mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha o‘sish sur'atlari 102,8%ni tashkil qildi. Yil davomida 148,5 ming tonna miqdorida mis ishlab chiqarildi, rux, kadmiy, volfram uch oksidi, texnik tellur va selen, sulfat kislotasi, mis kuporosi, palladiy kukuni, reniy olinishi va realizatsiya qilinishi borasida ishlar davom ettirildi.

Rux zavodida yarim sanoat usulida 100 kg.ga yaqin kadmiy oksidi olindi. Korxonalarda eskirgan uskunalarni almashtirish, texnologik jarayonlarni avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlariga o‘tkazish ishlari davom ettirilayapti, IT- texnologiyalari faollikda joriy etilmoqda, yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish o‘zlashtirilayapti, mahalliylashtirish dasturi tobora keng ko‘lamda amalga oshirilmoqda. Mazkur dastur joriy yilda deyarli ikki barobarga ortig‘i bilan bajarildi va keyingi yil uchun ham mustahkam asos qo‘yilishiga erishdik.

Ko‘plab ko‘rsatkichlar muddatidan oldin bajarildi. Bular orasida mahsulotlarni eksport qilish bashorati yil davomida 657,7 mln dollarni, bashoratga nisbatan 101,9%ni tashkil qildi.

Joriy yilda biz 3-Mis boyitish fabrikasini qurishning yakuniy hal qiluvchi bosqichiga chiqdik. Uning birinchi navbati yaqin vaqtlarda ishga tushirilishiga tayyor holatda. Ruda qazib olinayotgan joydan to‘xtovsiz oqim texnologiyasini qo‘llagan holda fabrikaga yetkazilishi tizimi sinovdan o‘tkazildi. Yangi mis kompleksini va 4-MBFni qurish loyihalarini ishlab chiqish ishlari boshlab yuborildi. Kuni kecha Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan nimstansiyani foydalanishga topshirdik. U nafaqat kombinatning yangi va bunyod etilayotgan obyektlarini elektr energiyasi bilan ta'minlaydi, balki mamlakatimizning markazlashgan energetika tizimiga ham elektr energiyasini jo‘natib boradi. Yangi korxonalarimizning suv ta'minoti obyektlarida ham deyarli ishlar yakunlangan va ular ham ishga tushirilishga shay holatda.

Ushbu yilda “Oliy Ziyo” kon maydoni(“Qalmoqqir” va “Yoshlik I” uchastkalari) hamda kombinat tomonidan o‘zlashtirilayotgan boshqa konlarning zahiralarini JORC kodeksi asosida hisoblash ishlari yakuniga yetkazildi. Shuni alohida ta'kidlab o‘tish joizki, ushbu tadqiqotlarning natijalari dunyo hamjamiyatida katta qiziqish uyg‘otdi. Chunki, aynan bu jihat rudalarda foydali qazilmalar tarkib miqdori ko‘rsatkichlari bo‘yicha OKMKning yetakchiligini tasdiqlab berdi.

Biz o‘z oldimizga qo‘ygan yangi vazifalar - ularning yechimiga yangicha yondoshuvni ham talab qiladi. Buning uchun esa ko‘zda tutilgan maqsadlar ro‘yobi uchun kurashadigan yuqori salohiyatli kadrlar kerak. Bugungi kunga kelib OKMK uchun mutaxassislarni birgina Respublikamizning ixtisoslashgan oliy o‘quv yurtlari emas, balki yaqin va uzoq xorijning yetakchi ta'lim muassasalari ham tayyorlab bermoqda. Jumladan, eng keksa ixtisoslashgan texnik universitetlardan biri hisoblangan Frayberg tog‘-konchilik akademiyasi bilan bizning samarali hamkorligimiz yo‘lga qo‘yilgan.

Yil yakunlari sarhisobini qilar ekanmiz, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan amalga oshirilgan ijtimoiy loyihalar borasida alohida to‘xtalib o‘tishim zarur. Joriy yilning “Insonga e'tibor va sifatli ta'lim yili” sifatida e'lon qilinishi bir qator e'tirofli voqeliklari bilan biz uchun yodda qolarli bo‘ldi. Biz tomonimizdan ishlab chiqarishga yo‘naltirilayotgan keng qamrovli moliyaviy oqimlarga qaramasdan, Jamoa shartnomasida nazarda tutilgan xodimlarimiz, ularning oila a'zolari, ishlab chiqarish faxriylari oldidagi majburiyatlarni deyarli to‘liq hajmda saqlab qolishga harakat qildik. Ijtimoiy muassasalardagi aholi qatlamlari va ixtisoslashtirilgan maktablar o‘quvchilariga qaratilgan e'tibor va g‘amxo‘rlikni ta'minladik. Kombinatning mazkur muassasalarga biriktirilgan tarmoq bo‘linmalari zarur ta'mir ishlarini olib borishdi, ko‘kalamzorlashtirish ishlarida yordam berishdi, ko‘plab xayriya tadbirlarini amalga oshirishdi. Jismoniy imkoniyatlari cheklangan farzandlari bo‘lgan yoki ishlab chiqarish tufayli boquvchisini yo‘qotgan, ko‘p farzandli va ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan kombinat mehnatkashlarining oilalari ham e'tibordan chetda qolmadi.

Birgina shu yilning o‘zida ikkita muhim sog‘liqni saqlash muassasalari - OKMKning Tibbiy-sanitar qismi hamda tumanlararo Perinatal markaz kapital ta'mir va rekonstruksiyadan so‘ng foydalanishga topshirildi. Shu bilan birga ularning har biri zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlandi. Krasnogorsk posyolkasidagi “Chotqol” madaniyat uyini rekonstruksiya qilish borasida katta hajmda ishlar olib borildi. Har yili kombinat tomonidan uning balansida bo‘lgan bolalar bog‘chalaridan biri kapital ta'mirlanishi yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilda 33-“Ertak” MTTda kapital ta'mir ishlari olib borilib yakuniga yetkazildi

Mehnatkashlar uchun munosib ish sharoitlarini yaratish borasidagi ishlar ham davom ettirildi. Bir qator bo‘linmalarda maishiy xonalar va yuvinish xonalarida ta'mir ishlari yakuniga yetkazildi, kapital ta'mirdan chiqarilgan oshxonalar ishga tushirildi, ish taqsimoti xonalari, sanitariya qismlari, ovqatlanish xonalarida ta'mir ishlari olib borildi.

Salmoqli sarf-xarajatlarga qaramasdan “Olmaliq KMK” AJ rahbariyati joriy yilda yillar uchun to‘lovlar va bashorat ko‘rsatkichlari bajarilganligi uchun mukofot pullarini muntazam to‘lab borish bilan birga mehnatkashlarning ish haqlarini oshirish, bir necha marta butun jamoani moddiy rag‘batlantirishning imkonini topa oldi. O‘z ish joylarida halol mehnat qilish bilan birga davlat dasturlarini ijro etishda faol ishtirok etayotgan xodimlarimizning farovon turmush tarzini oshirish borasida har qanday imkoniyatlardan unumli foydalanishni kelgusida ham davom ettiramiz.

“Yashil makon” dasturi doirasida kombinat tomonidan turli navlardagi minglab daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi. Bunda alohida e'tibor yangi obyektlarimiz, xususan 3-MBF va uning infratuzilmalariga qaratildi.

Kirib kelayotgan yil Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mehnatkashlari uchun nihoyatda sermahsul bo‘ladi, bo‘linmalarimiz oldiga bashorat ko‘rsatkichlari, tejamkorlik, rekonstruksiya va modernizatsiyalash, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish yo‘nalishida qator ishlarni bajarish vazifalari qo‘yiladi. Shuningdek, investitsiyaviy loyihalar borasida ham ishlar davom ettiriladi. Bularning barchasi har birimizdan ish joylarimizda zo‘r g‘ayrat, shijoat, belgilangan vazifalarga nisbatan halol va vijdonan yondoshuvni talab qiladi. Men shunday bo‘lib qolishiga, Vatanimiz bizning oldimizga qo‘ygan barcha topshiriqlar astoydil bajarilishiga qat'iy ishonaman. Zero, OKMKda har qanday ishlab chiqarish topshiriqlarini sabot va matonat bilan hal qilishga qodir bo‘lgan professionallar mehnat qilishadi.

Ayni damda, yangi yil arafasida Sizlarga matonatli mehnatingiz, barcha intilishlarimizning yakuniy natijalariga xayrixohligingiz uchun o‘z tashakkurimni bildiraman!

Barchangizga kirib kelayotgan yangi 2024-yil muborak bo‘lsin! Yangi yil har biringizning hayotingizda yanada a'lo, qiziqarli va samarali kechsin! Xonadoningiz quvonchli va unutilmas voqeliklarga to‘lsin! Barcha orzular va ko‘zlangan maqsadlar amalga oshsin!

Barchangizga, sog‘lik, tinchlik va baxt-saodat yor bo‘lsin!

Abdulla XURSANOV,

“Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senatori

Bo`lishmoq:
Text to speech