• Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Yuksak marralar sizlarni kutmoqda, aziz yoshlar!

28 Iyun 2022, 9:30 1749

«Men har gal yoshlarimiz bilan uchrashganimda sizlarning gʻayrat-shijoatingizdan kuch-quvvat olaman, koʻnglim togʻday koʻtariladi. Har biringiz jonajon Vatanimiz va xalqimizga sidqidildan xizmat qilish orzusi bilan yonib yashayotganingizni yaxshi bilaman. Sizlarni Oʻzbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi sifatida qadrlayman».

 Shavkat Mirziyoev

Xabaringiz bor, ayni kunlarda yurtimizda “Yoshlar oyligi” davom etmoqda. 30 iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan qator tadbirlar tashkil etilayapti. Shu jumladan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ham sana munosabati bilan tanlovlar, seminar treninglar, sport musobaqalar va boshqa tadbirlar oʻtkazib kelinmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri 2022 yil 27 iyun kuni shahrimizdagi “Oltin olma” xiyobonida tashkil etildi. Olmaliq kon-metallurgiya kombinati hamda Olmaliq shahar hokimligi tomonidan tashkil etilgan konsert dasturi avvalida tanlov va musobaqalarning gʻoliblarini hamda faol yoshlarni taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda soʻz olgan “Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi, senator Abdulla Xursanov va Olmaliq shahar hokimi Qobil Hamdamov bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar siyosati borasida amalga oshirilayotgan ishlar, yoshlarga boʻlgan e’tibor haqida toʻxtalib, yurtimizda yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash bardavomlik kasb etishini ta’kidlashib, bayram bilan barchani muborakbod etishdi.

Shundan soʻng, OKMK Yoshlar ittifoqi Kengashi hamda Yoshlar ishlari agentligi Olmaliq shahar boʻlimi hamkorligida “Oʻzbekiston yoshlari birlashaylik” shiori ostida oʻtkazilgan “Zakovat” intellektual oʻyini festivali, “Eng yaxshi yosh rahbar-2022”, “Ingliz tili bilimdoni”, “Yosh kitobxon-2022” koʻrik-tanlovlari, velopoyga musobaqasi gʻoliblariga pul mukofotlari, qimmatbaho sovgʻalar tuhfa etildi.

Shuningdek, kombinat yoshlar ittifoqi faoliyatida ilgʻor boʻlgan 65 nafar yoshlar ham qimmatbaho sovgʻalar, Faxriy Yorliqlar bilan ragʻbatlantirildi. 

Tadbir davomida yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlab kelayotgan AGMK-Futzal jamoasi bosh murabbiysi Aleksandr Petrov, Rux zavodi direktori Farrux Utanov, Idoraviy harbiylashtirilgan qoʻriqlash xizmati boshligʻi Botir Bekmuratovga “Yoshlar fidokori” koʻkrak nishoni taqdim etildi.

Tadbirning badiiy qismida yoshlarning sevimli xonandasi Doston Ergashevning shoʻx-shodon qoʻshiqlari barchani raqsga chorladi. "Metallurg" madaniyat saroyi ijodiy guruhlari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi ham barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.

Ma’lumot oʻrnida shuni aytish mumkin bugunda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 14 mingga yaqin yoshlar mehnat qiladi. Ularning oʻz iste’dodlarini yuzaga chiqarishlari uchun barcha sharoitlar yaratib berilgan.

OKMK Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech