Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

"Davlat xaridlari toʻgʻrisida"gi Qonuniga muhim oʻzgartirishlar

06 Iyun 2025, 15:15 1716

2025 yil 1 martdan Oʻzbekiston Respublikasining "Davlat xaridlari toʻgʻrisida"gi Qonuniga muhim oʻzgartirishlar kuchga kirdi

Yangiliklar davlat xaridlari tizimining samaradorligi, shaffofligi va barqarorligini oshirishga qaratilgan.  Oʻzgartirish va qoʻshimchalar orasida xarid qilish tartib-taomillarining ikkita yangi turi, hadli kelishuvni tuzish qoidalarining yangilanishi, davlat xaridlari tamoyillarining toʻldirilishi, manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish choralarining kuchaytirilishi bor.

Ayrim asosiy oʻzgarishlar haqida batafsil toʻxtalib oʻtamiz:

Davlat xaridlarining ikkita yangi turi joriy etildi: kichik qiymatdagi xaridlarning soddalashtirilgan tartibi va ikki bosqichli davlat xaridlari. Ularni tuzish tartibi Qonunga kiritilgan qoʻshimcha 5-1 va 8-1-boblar bilan tartibga solinadi.

  1. Kam qiymatli xarid qilishning soddalashtirilgan tartib-taomili xarid qilish tartib-taomillari axborotining ochiq manbalaridagi narxlarni taqqoslash yoʻli bilan yoki tovarlarni, ishlarni, xizmatlarni kamida uchta potensial yetkazib beruvchidan narxlarni soʻrab olish yoʻli bilan oʻtkaziladi. Xaridning bu turi tovar (ish, xizmat)larni kam miqdorda sotib olish jarayonini tezlashtiradi.

Ushbu xaridlar Qonunning 61-moddasida nazarda tutilgan xarid oʻrniga amalga oshirildi.

Bunday xarid quyidagi cheklovlar bilan amalga oshirilishi mumkin:

- Korporativ buyurtmachilar uchun bitta shartnoma boʻyicha bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha;

- BHMning 25 baravarigacha - byudjet tashkilotlari uchun;

Soddalashtirilgan tartib-taomil boʻyicha xaridlarning umumiy yillik hajmi korporativ buyurtmachilar uchun BHMning 1000 baravaridan va byudjet buyurtmachilari uchun BHMning 500 baravaridan oshmasligi kerak.

Soddalashtirilgan xaridda ESGZda e’lon berish talab etilmaydi. Eng past narxni taklif qilgan ishtirokchi gʻolib deb topiladi. Tuzilgan shartnoma toʻgʻrisidagi ma’lumotlar 5 ish kuni ichida YaIDXPga joylashtiriladi.

  1. Ikki bosqichli davlat xaridlari - xaridlarning raqobatli turi boʻlib, oʻzaro bogʻliq ikki bosqichda amalga oshiriladi. Xaridlarning ushbu turi murakkab tovarlar, ishlar va xizmatlar uchun moʻljallangan boʻlib, ular boʻyicha barcha texnik va ekspluatatsion xususiyatlarni oldindan aniqlash mumkin emas (masalan, innovatsion ishlanmalar yoki yirik qurilish loyihalari).

Birinchi bosqichda ishtirokchilar oʻzlarining texnik takliflarini beradilar. Takliflarni koʻrib chiqishda buyurtmachining ehtiyojlari, sotib olinadigan buyumning maqsadi va vazifalari hisobga olinadi, natijada malakali ishtirokchilar tanlab olinadi.

Ikkinchi bosqich kamida ikki nafar ishtirokchi birinchi bosqichdan oʻtgan taqdirda oʻtkaziladi. Ikkinchi bosqichga kelib buyurtmachi kelib tushgan dastlabki takliflarga muvofiq oʻzining dastlabki talablarini qayta koʻrib chiqadi va takomillashtiradi, bunda xarid predmetini oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Shundan soʻng, 20 ish kuni ichida birinchi bosqichdan muvaffaqiyatli oʻtgan ishtirokchilarga oʻzgartirilgan xarid hujjatlari yuboriladi va yakuniy takliflarni taqdim etish orqali xaridda ishtirok etish taklif etiladi.

Ikki bosqichli xarid natijalariga koʻra buyurtmachi gʻolib bilan shartnoma tuzadi va u toʻgʻrisidagi axborotni 5 ish kuni ichida YaIDXPga joylashtiradi.

  1. Toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar tuzish mumkin boʻlgan holatlar roʻyxati kengaytirilib, Qonunning 71-moddasi bilan toʻldirildi.

Tuzilgan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar toʻgʻrisidagi axborotni davlat buyurtmachilari ular tuzilgan paytdan e’tiboran besh ish kuni ichida maxsus axborot portaliga joylashtirishi shart.

Agar tuzilgan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar toʻgʻrisidagi axborot maxsus axborot portaliga joylashtirilmagan boʻlsa, ushbu shartnomalar boʻyicha toʻlov amalga oshirilmaydi.

  1. Hadli kelishuv tuzishni nazarda tutuvchi 38-2-modda kiritildi. Bu, ayniqsa, yil davomida muntazam ravishda tovarlar yoki xizmatlarni xarid qilish kerak boʻlsa, juda qulay.

Buyurtmachi tanlov yoki tender natijalari boʻyicha aniqlanadigan bir necha gʻolib bilan bir yildan uch yilgacha muddatga hadli kelishuv tuzishi mumkin.

Xarid qilish hujjatlarida buyurtmachi hadli kelishuv tuzishni shartlarini, shuningdek hadli bitimning amal qilish muddati davomida moʻljallanayotgan xaridlar hajmidan kelib chiqqan holda tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) umumiy hajmini koʻrsatadi. Bunda davlat buyurtmachisi hadli bitimda koʻrsatilgan toʻliq summaga shartnoma tuzishi shart emas.

. Hadli bitimlarni tuzish va amalga oshirish xarid shartlarini ma’lum muddatga oldindan belgilash imkonini beradi.

Yangilangan "Davlat xaridlari toʻgʻrisida"gi Qonun davlat xaridlarining samarali, shaffof va barqaror tizimini yanada rivojlantirish, manfaatlar toʻqnashuvining oldini olish, nazoratni kuchaytirish, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirish va xaridlar tizimiga boʻlgan ishonchni mustahkamlashga qaratilgan.

Z.Mamajanova,

Yuridik departament yuriskonsulti

Bo`lishmoq:
Text to speech