Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Joriy yilning 29-noyabr kuni “Olmaliq KMK” AJ va Olmaliq shahar hokimligi hamkorligida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda, O‘zbekiston xalq shoiri, senator Mahmud Toir, “Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisi, senator Abdulla Xursanov, Olmaliq shahar hokimi Qobil Xamdamov, tadbirkorlar, jamoatchilik vakillari va deputatlar ishtirok etishdi.
Tadbirda “Sanoat uchburchagi” dasturi asosida Olmaliq shahridan OKMK bilan shatakka olish mexanizmi asosida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish, Prezident Shavkat Mirziyoyevning «Kambag‘allikdan farovonlik sari» dasturini amalga oshirish maqsadida ishsizlikni keskin qisqartirish va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlarga biriktirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tadbirda so‘z olgan Abdulla Xursanov mamlakatimizda mahalliy Kengashlar hamda Parlamentimizga bo‘lgan saylovlarning yakunlariga to‘xtalib, saylovlarning demokratik tamoyillar asosida shaffof va adolatli o‘tkazilganligini ta'kidladi. Endilikda senatorlar, deputatlar hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojida tadbirkorlar bilan hamkorlikda ishlashini bildirdi.
Abdulla Xolmurodovich, o‘z so‘zida Prezidentimiz tashabbusi bilan ilgari surilayotgan “Sanoat uchburchagi” dasturi tadbirkorlarga keng imkoniyat ekanligini ta'kidlab, kombinat tomonidan import qilinayotgan mahsulotlarni Olmaliq shahrida ishlab chiqarishni tashkil etish lozimligini, buning uchun tadbirkorlarga kombinat tomonidan barcha zaruriy ko‘mak berilishini ma'lum qildi. Ayniqsa, kombinatda amalga oshirilayotgan investitsiyaviy loyihalar doirasida barpo etilayotgan 3-Mis boyitish fabrikasi hamda kelgusida qurilishi rejalashtirilgan 4-, 5- va 6-sonli mis boyitish fabrikalari, qurilishi boshlangan yangi metallurgiya kompleksi uchun ko‘plab ehtiyot qismlar zarurligini, kombinat tadbirkorlar uchun zo‘r bozor ekanligini ta'kidladi.
Unga ko‘ra, kombinatdagi amalga oshirilayotgan yangi loyihalar nafaqat mahalliy sanoatni rivojlantirish, balki xalqaro bozorlarga chiqish uchun ham keng imkoniyatlar ochadi.
Abdulla Xursanov, shuningdek, Olmaliq sanoat hududining istiqbolli ekanligini va bu yerda faoliyat yuritgan tadbirkorlar uchun yangi investitsiya loyihalari orqali katta iqtisodiy imkoniyatlarining mavjudligini qayd etdi.
Tadbirda so‘z olgan Mahmud Toir kombinat bugun mamlakatimiz iqtisodiy qudratiga qo‘shayotgan hissasini e'tirof etib, davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan islohotlar zamirida inson manfaatlari yotganini, tinch-osuda hayotimizning qadriga yetish lozimligini qayd etib o‘tdi.
Olmaliq shahar hokimi Qobil Hamdamov kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirar ekan, kambag‘allikni kamaytirish va aholi turmush darajasini yaxshilash ustuvor maqsadlaridan biri hisoblanishini ta'kidladi.
Kambag‘allikni qisqartirish uchun shahrimizda bir qator ijobiy chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini aytib o‘tdi. Uning fikricha, sanoatni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash kabi tashkiliy tadbirlar aholi bandligini oshirish va daromadlarini ko‘paytirishga xizmat qiladi.
Tadbir davomida tadbirkorlarga kambag‘al oilalar biriktirildi.
Shahar hokimi, shuningdek, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, turli dasturlar orqali kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan ishlar davom ettirilishini, kambag‘allikka qarshi kurashishda har bir shaxsning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ijtimoiy ahamiyatga ega dasturlardan foydalanish muhimligi ta'kidlandi.
OKMK Axborot xizmati