Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Joriy yilnig 14-dekabr kuni “Metallurg” MSda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi, senator Abdulla Xursanov kombinat mehnat faxriylari, Olmaliq shahar nuroniylari bilan uchrashdi.
Uchrashuvga kombinat mehnat faxriylari, Kon-metallurgiya sanoati faxriylar kengashi Olmaliq filiali, Olmaliq shahar “Nuroniylar” kengashi mas'ullari, pensionerlar taklif etildi.
Samimiy va ochiq muloqot tarzida o‘tgan uchrashuvda so‘z olgan Abdulla Xursanov davlatimiz rahbarining sa'yi-harakatlari bilan bugun yurtimizda inson manfaatlari yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar tahsinga loyiqligini ta'kidladi. Ayniqsa, keksa avlod vakillari hamisha e'zozlanishini, ularga barcha shart-sharoitlar yaratib berilayotganini aytib o‘tdi. Jumladan, kombinat tomonidan ham nuroniylarga hamisha e'tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilishini, bu kabi ezgu ishlar bardavomlik kasb etishini bildirdi.
Tadbir davomida mehnat faxriylari tomonidan bir qator takliflar bildirildi. Jumladan, sog‘liqni saqlash, madaniy tadbirlarni muntazam o‘tkazish, mamlakatimizning tarixiy shaharlariga sayohatlar tashkil etish, sport musobaqalarini o‘tkazish kabi bildirilgan takliflar Abdulla Xursanov tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
“Metallurg” MS ijodkorlari tomonidan tayyorlangan madaniy dastur barchaga manzur bo‘ldi.
Ma'lumot uchun: Bugungi kunda shahrimizda 14 119 nafar nuroniylar istiqomat qiladi. Ularning 9 ming nafarga yaqini OKMK mehnat faxriylari hisoblanadi. OKMK tomonidan mehnat faxriylariga doimo e'tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelinadi. OKMK va Kon-metallurgiya sanoati faxriylar kengashi Olmaliq filiali kengashi hamkorligida nuroniylarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun turli xil ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etiladi. 2024-yil avgust oyida OKMK homiyligida “Nuroniylar maskani” foydalanishga topshirildi. Maskanda otaxon va onaxonlar turli xil adabiyotlarni mutolaa qilishlari, shaxmat, shashka kabi sport o‘yinlarini o‘ynashlari hamda ovqatlanishlari uchun sharoitlar yaratilgan.
Ushbu maskanda bir vaqtning o‘zida 30 nafar nuroniylar vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari mumkin bo‘ladi. Shuningdek, OKMK Jamoa shartnomasiga ko‘ra, bir qator imtiyozlar belgilangan. Masalan, kombinatning barcha ishlamaydigan pensionerlariga yiliga bir marta mamlakatimiz hududida belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1,64 baravari miqdorida moddiy yordam ko‘rsatiladi.
Tadbirda nuroniylar davlatimiz rahbarining keksa avlod vakillariga e'tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish bo‘yicha amalga oshirayotgan islohotlarini doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlab kelayotgan kombinat rahbariyatiga o‘z minnatdorchiliklarini bildirishdi.
Axborot xizmati