Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMKda “Sanoat uchburchagi” dasturi ijrosi amalda

06 Fevral 2025, 9:55 833

Fotolar: Piskent tumani hokimligi axborot xizmati

Ma'lumki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2024-yil 14-15 oktyabr kunlari Toshkent viloyatiga tashrifi chog‘ida “Sanoat uchburchagi” dasturi doirasida tarmoq korxonalari hamda kichik tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini kengaytirish bo‘yicha topshiriq berilgan edi. 

Ushbu vazifaning ijrosini ta'minlash maqsadida Olmaliq kon-metalurgiya kombinati tomonidan bir qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Jumladan, mahalliy sanoatni rivojlantirish yo‘nalishida amaliy ishlarni tashkil etish uchun Olmaliq shahri atrofidagi tadbirkorlar uchun joriy yilning 5-fevral kuni seminar tashkil etildi.

OKMK mahalliylashtirish bo‘limi tomonidan tashkil etilgan seminarda mas'ullar hududlarda faoliyat yuritib kelayotgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazishdi.

Piskent tumani hokimligida tashkil etilgan tadbirda Toshkent viloyati hokimining mahalliy sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi Umid Ubaydullayev, “Olmaliq KMK” AJ Mahalliylashtirish bo‘limi boshlig‘i Abbos Abdullayev, Piskent tuman hokimi o‘rinbosari Alisher To‘xtayev, Piskent savdo-sanoat palatasi rahbari Nodir Qodirqulov hamda Piskent, Bo‘ka va Bekobod tumanlari tadbirkorlari ishtirok etishdi.

Uchrashuvda tadbirkorlik sub'ektlari va sanoat korxonalari o‘rtasida kooperasiyani rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda “Sanoat uchburchagi” doirasida yangi loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, tadbirkorlarning taklif va muammolari tinglanib, ularga tegishli tavsiyalar berildi.

Tadbir davomida tadbikorlarga Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining faoliyati hamda import qilinadigan mahsulotlar bo‘yicha batafsil ma'lumot berildi. Ishbilarmonlar o‘z faoliyatini yanada kengaytirish va OKMK bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlariga ega ekanligi ta'kidlandi.

Ma'lumot uchun: dasturda belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida 2024-yilning noyabr oyida Ishlab chiqarishni kooperatsiya va klaster asosida tashkil etish – “Sanoat uchburchagi” dasturi asosida import mahsulotlari yarmarkasi o‘tkazildi. Yarmarkada mahalliy tadbirkorlarga kombinat tomonidan import qilinadigan mahsulotlar namoyish etilib, bir qator import mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.

OKMK Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech