"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Kiberjinoyatlar - bu axborot texnologiyalari, kompyuter tizimlari, tarmoqlar yoki internetdan foydalangan holda sodir etiladigan huquqbuzarliklar va jinoyatlardir.
Ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistondagi asosiy kiber firibgarliklar xorijdan turib sodir etilayotganligi ham huquq-tartibot idoralari tomonidan ushbu jinoyatlarni fosh etishda qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Mazkur turdagi jinoyatlarning ortishiga asosiy sabablardan biri aholida moliyaviy savodxonlik yetishmayotganligi ham hisoblanadi. Kiberjinoyatlarni oldini olishning eng samarali yo‘li profilaktik tadbirlardir.
Kombinat ishchi-xodimlari o‘rtasida kiberjinoyatlarni oldini olish hamda ularda moliyaviy savodxonlikni oshirish maqsadida muntazam ravishda o‘tkazib kelinayotgan profilaktik tadbirlar barchani yana bir bor ogohlikka chorlamoqda.
Joriy yilning 27-30 iyun kunlari Sanoat temiryo‘l transport boshqarmasi, Rux zavodi hamda Markaziy ta'mirlash mexanika zavodi kabi tarkibiy bo‘linmalarda tashkil etilgan profilaktik tadbirlarda Olmaliq KMK” AJ boshqaruv raisining xodimlar va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Sa'di Shermatov, Olmaliq ixtisoslashtirilgan prokurori Rasul Matxalikov, Toshkent viloyati IIBB OKMKdagi IIB xodimlari ishtirok etishdi.
- Kiberjinoyatlar asosan zararli havolalar va dasturlar yuborish orqali bank kartasi yoki mobil qurilma boshqaruvini qo‘lga kiritish yo‘li bilan, turli aldovlar bilan bank kartasi hamda mobil ilovalardagi akkauntlar boshqaruvini tasdiqlovchi SMS kodni qo‘lga kiritish orqali, shaxs nomiga onlayn kredit rasmiylashtirish tarzida amalga oshirilmoqda, deydi - Olmaliq ixtisoslashtirilgan prokurori Rasul Matxalikov. – Shuningdek, kiberjinoyatchilar jinoyatlarni onlayn savdo platformalari yordamida, turli usuldagi firibgarlik sxemalari orqali fuqarolarning pul mablag‘larini jalb qilish tarzida sodir etishmoqda.
Bundan tashqari, so‘nggi yillarda yoshlar orasida tobora ommalashib borayotgan turli xil virtual qimor o‘yinlari ham yoshlarimizning boshi berk ko‘chalarga kiritib qo‘ymoqda. Birdaniga boyib ketish xayolida bir zumda katta pulidan ayrilgan yoshlar, onlayn kreditlar olib, yana qimor o‘ynayapti. Bor-budidan ayrilgach, jinoyat ko‘chasiga kirayapti. Sizlarga hayotiy misol keltiradigan bo‘lsam, o‘tgan yili Yangiyo‘l tumanida sodir etilgan mudhish jinoyatning sabablari tahlil etilganda, virtual qimordan yutqazgan yigit, bir xonadonga o‘g‘rilikka tushadi. Uning hatti-harakatlarini bilib qolgan oila a'zolarining joniga qasd qilib, butun bir oilaning umriga zomin bo‘ladi. Texnika rivojlanib borayotgan hozirgi kunda barchangizni yana bir bor ogohlikka chaqiraman.
Ma'lumotlarga ko‘ra, yurtimizda so‘nggi besh yillikda kiberjinoyatlar 68 barobarga, o‘tgan yilning o‘zida esa 2023-yildagiga nisbatan 9,1 barobarga oshgan. Mazkur jinoyatlar natijasida fuqarolarning 1,9 trillion so‘mdan ortiq mablag‘lari talon-taroj qilingan. Kiberjinoyatchilikning umumiy jinoyatlardagi ulushi 44,4 foizga yetgan.
Tadbir davomida mas'ullar mazkur turdagi jinoyatchilikni barvaqt oldini olish bo‘yicha fuqarolarning zamonaviy kibertahdidlardan ogohligini va raqamli savodxonligini oshirish har qachongidan muhim ekanligini ta'kidlashdi.
Tadbirlar davomida ishchi-xodimlarga ogohlikka chorlovchi tarqatma materiallar taqdim etildi.
Axborot xizmati