Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Raqamli transformatsiya va innovatsiyalar: ishlab chiqarishda korrupsiyaning oldini olishning zamonaviy yechimlari

07 Avgust 2026, 8:53 68

Joriy yilning 6-avgust kuni “Metallurg” madaniyat saroyida “Raqamli transformatsiya va innovatsiyalar: ishlab chiqarishda korrupsiyaning oldini olishning zamonaviy yechimlari” mavzusida Rahbar va yoshlar uchrashuvi tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov va “Olmaliq KMK“ AJ boshqaruv raisi, senator Abdulla Xursanov, kombinat mas’ullari va yoshlari ishtirok etishdi.
Uchrashuvni “Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisi, Oliy Majlis Senati a’zosi Abdulla Xursanov kirish so‘zi bilan ochib berar ekan, u o‘z nutqida mamlakatimizda Prezidentimiz boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida to‘xtalib, ishlab chiqarish tarmoqlariga innovatsion texnologiyalarni joriy etish korrupsiyaviy xavflarni bartaraf etishning eng samarali omili ekanligini ta’kidladi.

Tadbirda so‘z olgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi ekanligi, bu jarayonda raqamli transformatsiyaning roli va yoshlarning faolligi nihoyatda muhim ahamiyatga ega ekanligiga alohida to‘xtaldi. Ayniqsa, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islothotlar va o‘zgarishlarning amaldagi ifodasini kombinat misolida ko‘rish mumkiligini ta’kidladi.

Akmal Burxonov tomonidan kombinatda korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan “Korrupsiyasiz sanoat” loyihasini yo‘lga qo‘yish hamda ushbu maqsad yo‘lida eng yaxshi yechimlarni aniqlovchi maxsus tanlovlar tashkil etishni taklif qildi. Ta’kidlanganidek, mazkur loyiha yoshlar tomonidan beriladigan innovatsion g‘oya va takliflarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri amaliyotga tezkorlik bilan joriy etish imkonini beradi.
Uchrashuvda mamlakatimiz taraqqiyoti, sanoat rivoji va korrupsiyaning oldini olishda raqamli transformatsiya, innovatsiyalar hamda ishlab chiqarish jarayonlarida halollik tamoyillarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Muloqot davomida kombinatda keng joriy etilayotgan sun’iy intellekt imkoniyatlari, katta hajmdagi raqamli ma’lumotlar bilan ishlash hamda avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Ta’kidlanganidek, mazkur zamonaviy texnologiyalar faqatgina ishlab chiqarish samaradorligini oshirish yoki xarajatlarni optimallashtirishga emas, balki tizimda shaffoflikni ta’minlash va korrupsiyaviy xavflarni bartaraf etishning eng ishonchli vositasi bo‘lib xizmat qilishi qayd etildi.

Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar, taklif va yangi innovatsion g‘oyalari bilan faol ishtirok etishdi.

Tadbirda Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi ISO 37001 xalqaro standarti talablariga muvofiq maxsus kurslarda tahsil olgan hamda imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan bir guruh kombinat xodimlariga maxsus sertifikatlar topshirildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov va agentlik vakillari “Metallurg” madaniyat saroyidagi muzeylar faoliyati bilan yaqindan tanishishdi. Qalmoqqir va “Yoshlik-1” konlaridagi ishlab chiqarish jarayonlari, Texnologik transport boshqarmasi faoliyati, yangi ishga tushirilgan 3-Mis boyitish fabrikasining ishlab chiqarish quvvatlari ham mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

OKMK Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech