Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Joriy yilning 15-oktyabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tashrifi davomida 4-mis boyitish fabrikasining qurilishiga start berilgan bo‘lib, ayni kunlarda mazkur fabrikaning atrof muhitga ta'sirini baholash loyihasi bo‘yicha joylarda jamoatchilik eshituvlari o‘tkazilmoqda.
Yakuniy jamoatchilik eshituvi joriy yilning 12-noyabr kuni Piskent tumani Murotali MFY madaniyat markazida tashkil etildi.
Tadbirda Toshkent viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishlari inspeksiyasi, Piskent tumani hokimligi va Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mas'ullari va mutaxassislari, mahalla raislari va mahalla ahli ishtirok etishdi.
Tadbirda “Yoshlik I” konini o‘zlashtirish” investitsiyaviy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha Loyiha ofisi direktorining birinchi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Aziz Muratov kombinatda qurilayotgan 4-sonli Mis boyitish fabrikasi va uning siklik oqim texnologiyasi, qoldiqlarni saqlash ombori va infratuzilma ob'ektlari loyixalari taqdimotini o‘tkazdi.
Jamoatchilik muhokamasida yangi qurilayotgan fabrikaning atrof-muhitga ta'siri, unda qo‘llaniladigan texnologiyalar bo‘yicha batafsil ma'lumot berildi.
- Bugungi kunda jahon bozorida misga bo‘lgan talab kundan-kun oshib borayotganini hisobga oladigan bo‘lsak 4-sonli MBFning ishga tushirilishi natijasida mis ishlab chiqarish hajmi sezilarli darajada oshadi. Bu esa misdan yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish imkonini yaratadi. Fabrika va uning infratuzilmalarida 3 mingdan ortiq ish o‘rinlari ochiladi. Undan yiliga 60 mln tonna ma'dan qayta ishlanib, 800 ming tonnadan ortiq mis konsentrati ishlab chiqariladi. Bu mamlakatimizning iqtisodiyotini rivojlanishiga turtki beruvchi omillardan biridir. Hozirda mutahassislar tomonidan loyihaoldi ishlari amalga oshirilmoqda.
Ishlab chiqarishda yuqori texnologik, ekologik xavfsiz va tejamkor texnologiyalar qo‘llanishini belgilangan bo‘lib, fabrika va uning qoldiqlarni saqlash omboriga zamonaviy texnologiyalar joriy etiladi. Siklik oqim texnologiyasini joriy etilishi karьerdan keladigan ma'danlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri joyida birlamchi maydalab, ortiqcha shovqin va changlarsiz fabrikaga konveyer yo‘li orqali kelishini ta'minlaydi. Bunda biz temir yo‘li, uning xarajati, xavf-xatari va ortiqcha shovqin va zararlaridan voz kechilishiga erishamiz. Fabrikaning qoldiqlarni saqlash ombori ichki qismi 2 mm qalinlikdagi geomembrana bilan qoplanadi va uning osti tuproqlari mustahkam zichlashtiriladi. Bu esa omborda to‘planadigan koldiqlar va suvni yer qa'riga singib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi. Yana bir e'tiborli jihat ma'danni yuklash paytida chang tarqalishini oldini olish maqsadida aerasiya, ya'ni suv sepib chang bostirish tizimi qo‘llaniladi. 4-MBFda flotatsiya qoldiqlarini quyuqlashtirish zamonaviy texnologiyasi joriy etiladi, bu esa yangi suvga bo‘lgan ehtiyojni 3-MBFga nisbatan 50% ga kamaytiradi. Shuningdek, fabrika omborlari atrofi o‘ralib, sexlarning ichida aspirasiya tizimlari joriy etiladi. Dunyoning eng ilg‘or kompaniyalari fabrikada ishlatiladigan zamonaviy jihoz va qurilmalarni biz uchun ishlab chiqarishadi va o‘rnatib ishga tushirib berishadi - deydi Aziz Muratov.
Tadbirda mas'ullar tomonidan loyihaning Piskent tumani hududi rivojida tutgan o‘rni, hudud ekologiyasini yaxshilash borasidagi roli haqida ham to‘liq ma'lumotlar berilib, tarqatma materiallar taqdim qilindi.
Tuman mahallalarning aholisi o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mas'ullardan batafsil javob olishdi.
Hurmatli fuqarolar, Sizlarda loyiha bo‘yicha taklif va e'tirozlaringiz bo‘lsa ularni (+998 70) 619-23-33 telefon raqamiga yoki info@agmk.uz elektron manziliga yuborishingizni so‘rab qolamiz.
Axborot xizmati