Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

“Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!”

30 Iyun 2025, 10:7 1000

Joriy yilning 28-iyun kuni “Moviy tog‘lar” dam olish maskanida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” tashkil etildi.

Tadbirda “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ boshqaruv raisi, senator Abdulla Xursanov hamda kombinat tarkibiy bo‘linmalarining faol yoshlari ishtirok etishdi.

Ochiq tabiat qo‘ynida tashkil etilgan uchrashuvda mamlakatimizda yoshlar siyosatiga bo‘lgan e'tibor, ularga yaratilayotgan shart-sharoitlar, belgilangan imtiyozlar haqida ma'lumotlar berildi.

- Bugun kombinatimiz jahonga chiqmoqda. Bizga ko‘plab davlatlarning yetakchi kompaniyalari vakillari kelishmoqda. Xalqaro investitsiya forumida ham ko‘plab davlatlarning rahbarlari, taniqli bank moliya tashkilotlarining vakillari kombinat bilan hamkorlik qilishga katta qiziqish bildirishayapti. Hozirgi kundagi yoshlarga yaratilayotgan sharoitlar avval bo‘lmagan, deydi- Abdulla Xursanov. - Buyuk bobolarimizni bizga qoldirgan boy ma'naviy merosini qancha o‘rgansak shuncha kam. Masalan, Abu Rayxon Beruniy bobomiz misolida qaraydigan bo‘lsak, buyuk bobomiz o‘zi yaratgan globusda belgilangan yerning koordinatlari, meridianlari orqali qanday ma'danlar qayerda joylashganligini aniqlab bergan. Uning 1000 yil oldin yozilgan Mineralshunoslik asarida ma'danlar haqida keng yoritilgan, qimmatli ma'lumotlar berilgan. Beruniy matematik va geometrik hisob-kitoblarga qarab, suv va suvdan keyin quruqlik borligini to‘g‘ri aniqlab bergan. Bugungi yaratilgan sharoitlardan to‘g‘ri va oqilona foydalanib, barcha zarur bilimlarni egallasangiz, o‘ylaymanki, buyuk bobolarimizga munosib avlodlar bo‘lasiz.

Tadbir davomida Mudofaa vazirligi tomonidan tayyorlangan infomobil ko‘chma madaniyat markazi ham namoyish etildi.

Samimiy ruhda o‘tkazilgan uchrashuvda yoshlar o‘zlarining takliflarini bildirishdi. Jumladan, erkin muloqot muhitida yoshlar tomonidan IOB tasarrufidagi MTT uchun yagona elektron platforma yaratish, kombinatdagi mavjud kasblar haqida batafsil ma’lumot beruvchi dastur tuzish, OKMKda umumiy ayollar akademiyasini yoʻlga qoʻyish hamda jamoaviy muhitni shakllantiruvchi koʻrik-tanlovlarni koʻproq oʻtkazish kabi qiziqarli loyihalar taklif etildi. 

Rahbariyat yoshlarning har bir fikrini diqqat bilan tinglab, ayrim g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Ochiq muloqot maydoniga aylangan uchrashuv shaxmat-shashka, arqon tortish kabi sport musobaqalari hamda rasm chizish kabi ijodiy tanlovlar bilan davom etdi.

Shuningdek, tadbirda bir guruh faol yoshlar, qimmatbaho sovg‘alar hamda Faxriy yorliqlar bilan rag‘batlantirildi.

Havaskor yoshlar tomonidan yoshlikni tarannum etuvchi qo‘shiqlar ijro etildi.

Ma'lumot uchun: bugungi kunda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida jami yoshlar soni 10 320 nafarni tashkil etib, ularning 1 489 nafari oliy ma'lumotli(128 nafari magistr),  872 nafari esa rahbar va muhandis texnik xodimlardir.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech