Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

2-Mis boyitish fabrikasida yangi boyitish majmusi qurilishi qizg‘in pallada

10 Iyun 2026, 10:26 126

Bugungi kunda mis shunchaki oddiy rangli metall emas, balki global geosiyosat, energetika va texnologiyalar kelajagini belgilab beruvchi strategik resursga aylanib bormoqda.

Bu esa mis ishlab chiqaruvchi davlatlar jumladan, O‘zbekiston uchun katta iqtisodiy imkoniyatlar eshigini ochadi. Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ham ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish borasida amalga oshirib kelinayotgan loyihalar mis ishlab chiqarish hajmini oshishiga zamin yaratadi.

Jumladan, 2-Mis boyitish fabrikasida ma’danlarni qayta ishlash hajmini 5 mln tonnaga oshirish maqsadida barpo etilayotgan boyitish majmuasining ishga tushirilish ham mis ishlab chiqarish hajmini oshishiga xizmat qiladi.

3,1 gektar yer maydonida joylashadigan majmuaning qurish ishlari “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti tomonidan amalga oshirilmoqda. Majmuani loyihasi esa Loyiha ishlar boshqarmasi tomonidan tayyorlandi. Majmuaga o‘rnatiladigan texnologik uskunalarni montaj va o‘rnatish ishlari esa Ixtisoslashtirilgan ta’mirlash ishlari boshqarmasi tomonidan bajariladi.

2-MBF Ishlab chiqarish texnik bo‘limi yetakchi muhandis-texnologi Sardor Xasanovning ma’lum qilishicha, loyiha doirasida hozirga qadar yer tayyorlash ishlari bosqichida 29 700 m³ hajmda burg‘ulash-portlatish ishlari, qariyb 80 000 m³ hajmda grunt tashish ishlari bajarilgan.

Ayni paytda hududda qurilish-montaj ishlari faol davom etmoqda. Maydalash bo‘limining mayda maydalash korpusi uchun temir-beton ustunlar va poydevor asoslari barpo etilmoqda. Shuningdek, 4 ta mayda maydalagich o‘rnatilishi rejalashtirilgan poydevorlar qurilishi olib borilmoqda. Hudud bo‘ylab umumiy uzunligi 231 metrni tashkil etuvchi 9 ta tayanch devordan 7 tasi qurib bitkazildi.

Bundan tashqari, yanchish va flotatsiyalash bo‘limlari hamda yordamchi ishlab chiqarish korpuslari uchun maydonlarni tayyorlash ishlari ham parallel ravishda davom ettirilmoqda. Bu esa kelgusida barcha texnologik zanjirlarning uzluksiz va samarali ishlashiga zamin yaratadi.

Yangi boyitish majmuasi yiliga 5 million tonnagacha ma’danni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lib, 74,2 ming tonna konsentrat olinadi. Natijada mis katodi, oltin va kumush kabi qimmatbaho metallarni ishlab chiqarish hajmi oshiriladi.

Loyiha doirasida “Yoshlik-1” koni rudalarini qayta ishlash va ularning tarkibidan qimmatbaho metallarni samarali ajratib olish ko‘zda tutilgan. Qurilish ishlarining birinchi bosqichi 2026-yil oxiri – 2027-yil boshlarida yakunlash rejalashtirilgan bo‘lib, loyiha to‘liq ishga tushirilgach, qo‘shimcha 600 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

E’tiborli jihati majmuaning uskunalari Markaziy ta’mirlash mexanika zavodida tayyorlanmoqda.

Zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlariga ega bo‘lgan majmua maydalash, yanchish, flotatsiya, filtrlash va quyultirish bo‘limlari hamda kompressor stansiyalaridan iborat bo‘ladi.

Mazkur ishlab chiqarish quvvati foydalanishga topshirilgach, 2-mis boyitish fabrikasda ma’danni qayta ishlash hajmi deyarli 10 mln tonnaga yetkaziladi.

Muhim jihati shundaki, ushbu yirik loyiha kombinatning ichki imkoniyatlari va mavjud ishlab chiqarish hamda muhandislik salohiyati asosida amalga oshirilmoqda. Bu esa korxonaning o‘z kuchiga tayangan holda yirik sanoat loyihalarini muvaffaqiyatli bajarish salohiyatini yana bir bor namoyon etadi.

Xulosa qilib aytganda, jahon bozorida mis narxining qulay konyunkturasi va kombinatda yangi quvvatlarning ishga tushirilishi o‘zaro uyg‘unlashib, sanoat rivoji, eksport hajmlarining ortishi hamda mamlakat iqtisodiy barqarorligini mustahkamlashga zamin yaratadi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech