Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

2-mis boyitish fabrikasi: Istiqlol yillaridagi taraqqiyot va yangi marralar

30 Iyul 2026, 15:39 164

Vatanimiz mustaqilligining 35 yillik shonli to‘yi nishonlanayotgan qutlug‘ 2026-yilda, 2-mis boyitish fabrikasi mehnat jamoasining yurtimiz iqtisodiy qudrati va sanoat salohiyatini yuksaltirish yo‘lidagi fidokorona mehnati bilan haqli ravishda faxrlanamiz.

Oʻtgan davrni tahlil etar ekanmiz bu davrda erishilgan har bir yutuq, amalga oshirilgan modernizatsiya loyihalari va ishlab chiqarish sur’atlarining barqaror o‘sishi fidoyi ishchi-xizmatchilarimizning yuksak mas’uliyati hamda davlatimiz mustaqilligining mevasidir.

Tarixiy burilishlar va mustaqillik davridagi yangilanishlar

Dastlab 1954-yilda Qo‘rg‘oshin-rux boyitish fabrikasi sifatida ishga tushirilgan ushbu korxona bugungi kunda ishlab chiqarish zanjirining eng muhim bo‘g‘inlaridan biriga aylandi. Kombinat boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish maqsadida 2011-yil avgust oyidan boshlab korxona 2-Mis boyitish fabrikasi deb qayta nomlandi.

E’tiborli jihati shundaki, fabrikaning 70 yillik faoliyati davomida jami 139,2 million tonna qo‘rg‘oshin-rux ma’dani, 87,8 million tonna mis-molibden ma’dani hamda 19,8 million tonna Mis eritish zavodi toshqollari qayta ishlangan. Ushbu davr mobaynida mamlakat iqtisodiyotiga konsentrat tarkibida 1 million 338 ming tonna qo‘rg‘oshin, 1 million 352 ming tonna rux va 444,1 ming tonna mis yetkazib berilgani korxonaning strategik ahamiyatini yaqqol ko‘rsatadi.

Mustaqillik yillarida fabrika xomashyo bazasini diversifikatsiya qilish borasida muhim qadamlar tashladi. Chunonchi, 1998-yildan boshlab barcha boʻlimlarda "Sariq-Cho‘qqi" konining mis ma’danlari, 2004-yildan esa kombinat Mis eritish zavodi toshqollarni qayta ishlash o‘zlashtirildi. Davlatimiz mustaqilligining yangi bosqichida — 2024-yildan boshlab esa istiqbolli "Yoshlik-1" konining mis ma’danlarini qayta ishlashga kirishilgani korxonaga yangi hayot bag‘ishladi.

2026-yilning birinchi yarim yilligi: Yuksak texnologik intizom natijalari

Mustaqillikning 35 yillik to‘yiga munosib tuhfa sifatida fabrika jamoasi 2026-yilning yanvar–iyun oylari yakunlari bo‘yicha ishlab chiqarish reja ko‘rsatkichlarini muvaffaqiyatli bajardi. Hisobot davrida xomashyo qabul qilish ko‘rsatkichi 101,7 foizga, uni qayta ishlash 100,7 foizga yetkazildi. Eng yuqori o‘sish sur’ati mis ishlab chiqarishda kuzatilib, reja 114,2 foizga uddalandi.

Ushbu raqamlar fabrikada texnologik intizomning tubdan mustahkamlangani, ichki zaxiralardan oqilona foydalanilgani va mehnat unumdorligi oshirilganidan dalolat beradi. Amaldagi keng ko‘lamli modernizatsiya va avtomatlashtirish jarayonlari nafaqat ishlab chiqarish barqarorligini, balki rejalarning ortig‘i bilan bajarilishini ta’minlamoqda.

Kelajakka poydevor: Yangi boyitish majmuasi va yangi ish o‘rinlari

Bugungi kunda fabrikada ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish bo‘yicha yangi tarixiy bosqich amalga oshirilmoqda. Maydalash va yuvish uchastkasi hududidagi 3,1 gektar maydonda yiliga 5 million tonnagacha ma’danni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lgan yangi boyitish majmuasi qurilmoqda. Loyiha to‘liq "Yoshlik-1" koni ma’danlaridan qimmatbaho metallarni samarali ajratib olishga qaratilgan.

Hozirgi kunga qadar yer tayyorlash bosqichida 46 942 metr kub hajmda burg‘ulash-portlatish va qariyb 100 442 metr kub hajmda grunt tashish ishlari bajarildi. Qurilish-montaj ishlari jadal davom etayotgan bo‘lib, mayda maydalash korpusi uchun temir-beton ustunlar, poydevorlar va rejalashtirilgan 9 ta tayanch devordan 7 tasi barpo etildi. Shuningdek, yanchish va flotatsiyalash bo‘limlari uchun maydonlar parallel ravishda tayyorlanmoqda.

Ushbu yirik loyihaning eng muhim jihati — u to‘liq kombinatning ichki imkoniyatlari, o‘z ishlab chiqarish va muhandislik salohiyati asosida amalga oshirilmoqda. Bu mustaqillik yillarida milliy kadrlarimiz va sanoatimiz qay darajada ulkan salohiyatga ega bo‘lganini isbotlovchi omildir. Qurilish ishlarining birinchi bosqichini 2026-yil oxiri – 2027-yil boshlarida yakunlash ko‘zda tutilgan. Majmua to‘liq ishga tushgach, qo‘shimcha 600 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Xulosa qilib aytganda, 2-Mis boyitish fabrikasida mustaqillikning 35 yilligi arafasida olib borilayotgan ishlar mamlakatimiz sanoat strategiyasining yorqin namunasidir.

Aziz vatandoshlar, fursatdan foydalanib Sizlarni jonajon O‘zbekistonimiz Mustaqilligining 35-yillik shonli to‘yi bilan samimiy qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt va yurtimiz tinchligi hamda ravnaqi yo‘lidagi ezgu ishlaringizda ulkan zafarlar tilayman.

 Xasan Miraxmedov,

2-Mis boyitish fabrikasi direktori

Bo`lishmoq:
Text to speech