Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Har qanday jarayonlarda ogohlik mashg‘ulotlardan boshlanadi. Ayniqsa, murakkab mehnat jarayonlari olib boriladigan ishlab chiqarishda tayyorgarlikni oshirish muhim ahamiyatga ega.
Shu maqsadda OKMK 2-Mis boyitish fabrikasida maxsus taktik o‘quv-mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi.
Fabrika fuqaro muhofazasi tuzilmalari shaxsiy tarkibining favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etishdagi bilimlari tekshirilgan mashg‘ulot ssenariysiga ko‘ra, 5 balli yer silkinishi yuz beradi.
Natijada korxona bosh korpusi hududida bino konstruksiyasi buzilib, elektr kabellari uziladi hamda yong‘in kelib chiqadi. Holat bo‘yicha zudlik bilan dispetcherlik xizmati ogohlantirilib, 2 nafar jarohatlangan ishchilarga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatildi.
Shundan so‘ng, fabrika fuqaro muhofazasi tuzilmalari va hamkorlikdagi kuchlar kombinat fuqaro muhofazasi otryadi, yong‘in xavfsizligini ta'minlash boshqarmasi, qo‘riqlash xizmati vakillari tomonidan avariya qutqaruv ishlari, obyektni o‘rab olish, hududni tekshirish ishlari bajarildi.
Jabrlanganlarga tez tibbiy yordam ko‘rsatildi hamda zudlik bilan tibbiyot muassasalariga yetkazilib, razvedka guruhi tomonidan qo‘shimcha qidiruv ishlari o‘tkazildi.
Avariya texnik jamoasi tomonidan tovar moddiy boyliklarni saqlab qolish, favqulodda vaziyatlarda oqibatlarni bartaraf etish choralari ko‘rildi. Shuningdek, yong‘in xavfsizligi bo‘limi, ko‘ngilli o‘t o‘chirish otryadi yordamida yong‘in bartaraf etildi.
Mashg‘ulot yakunida tuzilmalarning hamjihatlikdagi tezkor harakatlari hamda xavfsizlik choralariga asosiy e'tibor qaratildi. Fabrika fuqaro muhofazasi hamda kombinat tuzilmalaridan 80 dan oshiq vakillarning o‘quv mashg‘ulotdagi ishtiroki qoniqarli baholandi.
Axborot xizmati