Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

3-Mis boyitish fabrikasi faoliyatida muhim ahamiyat kasb etuvchi sex

14 Oktyabr 2025, 8:40 608

3-Mis boyitish fabrikasining ishlab chiqarish tizimida asosiy texnologik jihozlarni ta’mirlash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan ta’mirlash-montaj sexi alohida o‘rin tutadi. Mazkur sex fabrikadagi barcha asosiy texnologik uskunalarning ishonchli ishlashini ta’minlash, ularni rejali-ogohlantirilgan ta’mirlash jadvaliga muvofiq sifatli va o‘z vaqtida ta’mirlash, yig‘ish, sozlash hamda montaj qilish orqali ishlab chiqarish jarayonlarining uzluksizligi va barqarorligini ta’minlaydi.

Sexning asosiy vazifasi — asosiy texnologik jihozlarni yuqori malakali mutaxassislar yordamida belgilangan muddatda va sifatli ta’mirlash, yig‘ish, sozlash, o‘rnatish hamda montaj qilishdan iborat. Shuningdek, sex ishchi-xodimlari ishlab turgan asosiy texnologik uskunalarning texnik holatini doimiy nazorat qilib boradi hamda zarurat tug‘ilganda tezkor ta’mirlash ishlarini bajaradi.

Bugungi kunda sexda 11 nafar muhandis-texnik xodim va 69 nafar tajribali ishchi-xodim mehnat faoliyatini olib bormoqda. Ularning barchasi o‘z sohasining mohir mutaxassislari bo‘lib, fabrikada o‘rnatilayotgan asosiy texnologik jihozlarni ishga tushirish, sozlash va montaj qilish ishlarida bevosita ishtirok etmoqda.

Sex jamoasi shu kunga qadar ko‘plab muhim texnologik uskunalarni muvaffaqiyatli o‘rnatgan. Jumladan, yirik maydalash sexining metall konstruksiyalarini yig‘ish va o‘rnatish, o‘rta konusli maydalagich shaxtasini montaj qilish, bunkerlar futerovkasini o‘rnatish, zinapoyalar hamda elash korpuslarining metall konstruksiyalarini yig‘ish kabi ishlarni sifatli amalga oshirgan.

Bundan tashqari, maydalash va flotatsiyalash sexlarida MShS 7,3×13,0 tegirmonlarini yig‘ish va o‘rnatish, shuningdek, mis-molibden kontsentratlarini saralash va filtrlash sexida “Metso Outotec” kompaniyasining Larox PF 144/156 M60 press-filtrlarini yig‘ish hamda ishga tushirish ishlari ham sex jamoasi tomonidan muvaffaqiyatli bajarilgan.

Shu bilan birga, uzatuvchi konveyerlar va bunkerlarning metall konstruksiyalarini o‘rnatish, mayda maydalash korpusidagi tasmali konveyerlarni yig‘ish va montaj qilish ishlari ham sex mutaxassislarining muhim yutuqlaridan hisoblanadi.

Ushbu faoliyatlar sexning fabrikadagi ishlab chiqarish jarayonlarini samarali va uzluksiz ishlashini ta’minlashdagi muhim o‘rnini yanada mustahkamlamoqda.

Ixtisoslashtirilgan ta’mirlash-montaj sexining faoliyati natijasida 3-MBF sexlarida texnologik uskunalar doimo ishga tayyor holatda saqlanmoqda, ularning ekspluatatsiya muddati uzaytirilishi hamda avariyaviy to‘xtashlarning oldi olinmoqda. Bu esa o‘z navbatida fabrikada ishlab chiqarish jarayonlarining uzluksizligi, barqarorligi va ishonchliligini ta’minlashda beqiyos ahamiyat kasb etadi.

Xulosa qilib aytganda, ixtisoslashtirilgan ta’mirlash-montaj sexi 3-Mis boyitish fabrikasining ajralmas tarkibiy qismi bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonining uzluksiz va samarali ishlashini ta’minlaydi. Sex faoliyati fabrikadagi texnologik barqarorlikni saqlash, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda iqtisodiy natijalarni yaxshilashda muhim o‘rin tutadi. Sex jamoasining har bir a’zosi mehnati bilan fabrikamizning ishonchli va muvaffaqiyatli kelajagiga xizmat qilmoqda.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech