Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

3-Mis boyitish fabrikasi: zabardast o‘ntalik navqironi

02 Sentyabr 2025, 14:13 1107

O‘zbekiston hududida barpo etilayotgan 3-Mis boyitish fabrikasi (3-MBF) jahon miqyosidagi eng yirik sanoat obyektlaridan biri sifatida alohida ahamiyat kasb etadi. Mazkur fabrika yiliga 60 million tonna ma’danni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lib, natijada yiliga 894 ming tonna mis boyitmasi va 1,5 ming tonna molibden boyitmasi ishlab chiqariladi. Ushbu ko‘rsatkichlari bilan 3-MBF Markaziy Osiyodagi eng yirik, jahon miqyosida esa kuchli o‘ntalikka kiruvchi sanoat majmualaridan biri hisoblanadi.

Bugungi kunda dunyodagi eng yirik mis-molibden boyitish fabrikalari sifatida Chilining Escondida, Los Pelambres, Collahuasi, Chuquicamata, El Teniente, Peruning Cerro Verde, Toromocho, Antamina, Toquepala hamda AQShning Bingham Canyon korxonalari e’tirof etiladi. Ular o‘z quvvati bilan xalqaro miqyosda yetakchi o‘rinlarni egallab kelmoqda.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasida bunyod etilayotgan 3-Mis boyitish fabrikasi yiliga 60 million tonna ma’danni qayta ishlash quvvati bilan jahonning eng yirik ishlab chiqarish majmualari qatoridan o‘rin olmoqda. Mazkur yirik loyiha mamlakatimizni dunyoning eng ilg‘or Top-10 talik gigantlari qatoriga olib kirib, O‘zbekiston sanoatining xalqaro nufuzini yanada yuksaltirdi.

3-MBFning yutug‘i faqatgina ishlab chiqarish quvvatining yuqoriligida emas, balki texnologik jarayonining avtomatlashtirilgan tizimi yoqoriligida ham yaqqol ko‘rinadi. Boyitish sohasidagi dunyoning yetakchi ishlab chiqaruvchilari hisoblangan – Metso Outotec, FLSmidth, Weir Minerals, Siemens kabi kompaniyalarning uskunalari 3-MBF majmuasida uyg‘unlashtirilgan. Ulkan hajmdagi ma’danni dastlabki bosqichda maydalash uchun KKD-1500/180 maydalagichi, asosiy qayta ishlash uchun esa MSHTS-7,3x13,0 sharli tegirmoni o‘rnatilgan. FLSmidth kompaniyasining yuqori bosimli HPGR maydalagichlari energiya sarfini 30 foizgacha kamaytirib, samaradorlikni oshiradi. Metso Outotec kompaniyasining TankCell e300 flotatsiya kameralari flotatsiya bo‘limida o‘rnatilgan bo‘lib, bugungi kunda sanoatda mavjud eng yirik flotatsiya kameralaridan biri hisoblanadi. Ushbu qurilma to‘liq avtomatlashtirilgan tizimda ishlashi va yuqori ishlab chiqarish quvvatga ega bo‘lgani natijasida mis va molibden boyitmalarini yuqori aniqlik bilan ajratadi. SEPRO Falcon konsentratori mikron darajadagi zarrachalarni boyitish imkonini bersa, LAROX press-filtrlari konsentratni yuqori darajada suvsizlantirib, uni keyingi eritish jarayoniga tayyor holga keltiradi.

Fabrikada zamonaviy avtomatlashtirish va dispetcherlik tizimlari joriy qilingan bo‘lib, Siemens kompaniyasining PCS 7 (Process Control System 7) va AVEVA’ kompaniyasining PI Vision platformalari asosiy boshqaruv vositalarini tashkil qiladi. PCS 7 orqali, maydalash, yanchish, boyitish va suvsizlantirish hamda suv ta’minoti va chiqindilarni boshqarish jarayonlari yagona tizim ostida nazorat qilinadi. 20 mingdan ortiq uskuna bilan integratsiya imkoniyati esa mintaqada yagona texnologik yondashuv hisoblanadi. PI Vision platformasi esa ishlab chiqarishni real vaqt rejimida monitoring qilish, nosozliklarni oldindan aniqlash va resurslardan samarali foydalanishni ta’minlaydi. Shuningdek, APL (Advanced Process Library) va APG (Advanced Process Graphics) texnologiyalari operatorlar uchun qulay interfeys yaratib, ko‘rsatkichlar asosida tezkor qarorlar qabul qilish imkonini beradi.

Energiya va ekologiya samaradorligi ham 3-MBFning ustuvor jihatlaridan biridir. HPGR yuqori bosimli maydalash texnologiyasi tufayli elektr energiyasi tejaladi, press-filtrlar esa suvni qayta ishlash imkoniyatini yaratadi va ekologik xavfsizlikni ta’minlaydi. Natijada, fabrika nafaqat iqtisodiy, balki ekologik barqarorlik nuqtayi nazaridan ham ilg‘or loyihalardan biri sifatida namoyon bo‘ladi.

Xulosa qilib aytganda, 3-Mis boyitish fabrikasi quvvat, zamonaviy texnologiyalar va raqamli boshqaruv tizimlari uyg‘unlashgan holda nafaqat O‘zbekiston Respublikasida, balki butun dunyo miqyosida o‘z o‘rnini egallamoqda. U jahonning eng yirik kon-boyitish majmualari bilan bellasha oladigan darajada kuchli, raqamli texnologiya darajasi bo‘yicha esa ko‘plab global gigantlardan ustundir. 3-MBF nafaqat bugungi kunning ulkan loyihasi, balki kelajak fabrikasi sifatida ham Markaziy Osiyo sanoatining ramziga aylanmoqda.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech