Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

3-Mis boyitish fabrikasi: zamonaviy texnologiyalar va yuqori samaradorlik uyg'unligi

23 Iyul 2026, 8:16 809

Bugungi kunda “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ tomonidan amalga oshirilayotgan eng yirik investitsiya loyihalaridan biri bo'lgan 3-Mis boyitish fabrikasi mamlakatimiz kon-metallurgiya sanoatini yangi bosqichga olib chiqmoqda. Zamonaviy texnologiyalar, raqamlashtirilgan ishlab chiqarish jarayonlari va yuqori unumdor uskunalar bilan jihozlangan mazkur korxona nafaqat O'zbekiston, balki Markaziy Osiyodagi eng yirik boyitish fabrikalaridan biri sifatida e'tirof etilmoqda.

Fabrikaning loyihaviy quvvati yiliga 60 million tonna ma'danni qabul qilish va qayta ishlashni tashkil etadi. Bu esa ishlab chiqarish hajmini sezilarli darajada oshirish, eksport salohiyatini mustahkamlash va mamlakat iqtisodiyotiga qo'shimcha yuqori qiymat yaratish imkonini beradi. Korxonada ishlab chiqarish jarayonlari energiya tejamkor texnologiyalar, raqamli monitoring va avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari asosida tashkil etilgan bo'lib, ekologik xavfsizlik hamda barqaror rivojlanish tamoyillariga alohida e'tibor qaratilgan.

Ma'danni qayta ishlash jarayoni ma'danni qayta tayyorlash korpusidan boshlanadi. Bu yerda ruda suvli g'alvirlash texnologiyasi yordamida saralanib, –6 millimetrdan kichik o'lchamdagi bo'lgan mahsulot keyingi yanchish bosqichiga yuboriladi. Bunday yondashuv texnologik jarayonlarning samaradorligini oshirish, energiya sarfini qisqartirish va asosiy uskunalarning ish unumdorligini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.

Yanchish jarayonining asosiy bo'g'inini “Uralmashzavod” tomonidan ishlab chiqarilgan MSHS 7,3×13,0 rusumli sharli tegirmonlar tashkil etadi. Loyiha doirasida jami 12 ta sharli tegirmon o'rnatilgan bo'lib, ular ma'dan zarrachalarining 80 foizdan ortig'ini -74 mikron va undan kichik o'lchamgacha maydalaydi. Bu esa flotatsiya jarayonida mis minerallarini yuqori darajada ajratib olish va tayyor mis konsentrati sifatini ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ayni paytda fabrikada sharli tegirmonlarning 7 tasi muvaffaqiyatli ishga tushirilgan bo'lib, har biri soatiga o'rtacha 730 tonna ruda qayta ishlash quvvatiga ega. Shu bilan birga, 8-sonli sharli tegirmonni ishga tushirish ishlari jadal davom ettirilmoqda. Qolgan texnologik uskunalarni ham bosqichma-bosqich ishga tushirish ishlari xorijiy kompaniyalar mutaxassislari va kombinat muhandislari hamkorligida amalga oshirilmoqda. Bu ishlar yakunlanganidan so'ng fabrika to'liq loyihaviy quvvatda ishlaydi.

3-Mis boyitish fabrikasining eng muhim afzalliklaridan biri bu ishlab chiqarish jarayonlarining yuqori darajada avtomatlashtirilganidir. Barcha sharli tegirmonlar va texnologik uskunalar zamonaviy sensorlar, intellektual boshqaruv shkaflari hamda markazlashtirilgan dispetcherlik tizimi orqali boshqariladi. Bo'tananing zichligi, sarfi, tegirmon yuklamasi, elektr energiyasi va suv iste'moli kabi muhim texnologik ko'rsatkichlar real vaqt rejimida doimiy nazorat qilinib, avtomatik tahlil qilinadi. Bu esa jarayonlarning barqarorligi, mahsulot sifati va ishlab chiqarish samaradorligini yuqori darajada ta'minlaydi.

Shuningdek, fabrikada avtomatik shar yuklash, suv sarfini intellektual boshqarish, ma'dan yuklamasini avtomatik tartibga solish va texnologik parametrlarni onlayn optimallashtirish kabi raqamli yechimlar joriy etilgan. Bu innovatsiyalar inson omilini kamaytirish, resurslardan oqilona foydalanish, energiya tejamkorligini ta'minlash va uskunalarning ishonchliligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Bugun 3-Mis boyitish fabrikasi nafaqat zamonaviy sanoat korxonasi, balki innovatsiyalar, raqamlashtirish va muhandislik salohiyati uyg'unlashgan yuqori texnologiyali ishlab chiqarish majmuasiga aylanib bormoqda. Bu yerda joriy etilayotgan ilg'or texnologik yechimlar mamlakatimiz kon-metallurgiya sohasining raqobatbardoshligini yanada oshirish, milliy iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish va O'zbekistonning xalqaro sanoat maydonidagi o'rnini mustahkamlashga munosib hissa qo'shmoqda.

Oybek Ismatov,

3-MBF Ishlab chiqarish texnik bo'limi boshlig'i

Bo`lishmoq:
Text to speech