Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

3-Mis boyitish fabrikasida qurilish-montaj ishlari yakuniy bosqichda

23 May 2025, 13:36 1495

“Yoshlik 1” konini o‘zlashtirish investitsiyaviy loyihasi doirasida barpo etilayotgan 3-Mis boyitish fabrikasida qurilish-montaj ishlari ayni kunlarda yakuniy bosqichga kirgan bo‘lib, hozirda obyektlarni bosqichma-bosqich ishga tushirish ishlari olib borilmoqda.

Fabrika direktorining ishlab chiqarish bo‘yicha o‘rinbosari Sherzod Masidiqovning ma'lum qilishicha, bugungi kunda 3-MBFda qurilish-montaj ishlari yakunlanish arafasida bo‘lib, shu bilan birga texnologik qurilmalar va uchastkalarni bosqichma-bosqich ishga tushirish jarayonlari ham jadal sur'atlarda amalga oshirilmoqda.

Jumladan, “Yoshlik-1” koni yaqinida joylashgan Yirik maydalash sexida jami 3ta Maydalash va qayta yuklash majmualari mavjud bo‘lib, ularning bittasi to‘liq bitkazilgan. Ikkitasida ham qurilish-montaj ishlari yakunlanish arafasida.

Shuningdek, “Yoshlik 1” konida maydalangan ma'danni 3-MBFga yetkazuvchi har birining uzunligi 4200 metrni tashkil qiladigan ikki siklik oqim transporti magistral konveerlaridan biri to‘liq ishga tushirilib, ikkinchisida montaj ishlari yakunlanmoqda.

Bundan tashqari, Yirik maydalangan ruda ombori, Quruq g‘alvirlash korpusi, O‘rta maydalash korpusi, Mayda maydalash korpusi, Suvli g‘alvirlash korpusi, Ruda tayyorlash korpusi, Flotatsiyalash korpusi, Mis-molibden konsentratlarini quyiltirish uchastkasi kabi fabrika obyektlarida qurilish-montaj ishlari yakunlanish arafasida.

Filtrlash korpusi, Bosh pasaytiruvchi podstansiyalar, Ma'muriy va maishiy binolarda ham qurilish-montaj ishlari tugallanmoqda.

Xususan, 3-Maydalash va qayta yuklash majmuasi, 1-Siklik oqim transporti magistral konveyeri, Yirik maydalangan ruda omboridagi plastinali ta'minlagichlar, Quruq  va suvli g‘alvirlash korpuslaridagi g‘alvirlagichlar, O‘rta maydalash va mayda maydalash korpuslaridagi maydalagichlar, Ruda tayyorlash korpusidagi tegirmonlar, Flotatsiyalash korpusidagi liniyalar, Mis-molibden konsentratlarini quyiltirish uchastkasidagi quyiltirgichlar, Filtrlash korpusidagi press-filtrlar bosqichma-bosqich ishga tushirilmoqda.

Bo‘tana haydash stansiyasidagi nasoslar, quyiltirgichlar, kompressor stansiyasi, suv sovitish minorasi, texnologik va xom suv haydash stansiyalari, ma'muriy binoda joylashgan dispetcherlik markaziy boshqaruv punkti ham bosqichma-bosqich to‘liq ishga tushirilayapti.

Fabrikada bir necha marotaba o‘tkazilgan yuklama bilan sinovlar ushbu ishga tushirilgan uskunalar orqali amalga oshirilganini alohida ta'kidlash joiz.

E'tiborli jihati joriy yilning 30-mart kuni 3-MBFda birinchi mis konsentrati muvaffaqiyatli olindi va Mis eritish zavodiga yuborildi. Bu tarixiy voqea loyihaning amaliy natijalarining ifodasi sifatida baholanadi. Hozirgi kunda sinov ishlari va to‘liq quvvatda ishlashga o‘tish jarayoni bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

3-Mis boyitish fabrikasi mamlakatimiz sanoati uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lib, mis, molibden va boshqa qimmatbaho metallar ishlab chiqarishni oshirish barobarida eksport salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

OKMK Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech