Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Yevropa standartlariga javob beradigan Respublikamizdagi yagona muhandislik maktabi, zamonaviy kempinglarga ega “Moviy tog‘lar” dam olish maskani, O‘zbekiston Davlat filarmoniyasi... bu ro‘yxatni yanada davom ettirish mumkin. Bugun gigant korxona maqomida bo‘lgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati juda ko‘plab yirik mega loyihalar bilan ishlash asnosida shahrimiz, qolaversa, viloyat hamda mamlakat miqyosidagi ijtimoiy ob'yektlarni ta'mirlash, rekonstruksiya qilish, umuman bunyodkorlik ishlarida ham o‘z tashabbuslarini namoyon qilib kelmoqda.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining ilmiy, bunyodkorlik salohiyati haqida gap ketganda uning ilg‘or tarkibiy bo‘g‘ini - Loyihalash ishlari boshqarmasining faoliyati ko‘zga tashlanadi.
Boshqarma tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, u o‘tgan asrning 50 yillari oxirlarida Mis-molibden va Qo‘rg‘oshin-rux zavodlarining qo‘shilishi natijasida tashkil topgan bo‘lib, kombinatdagi har bir loyiha mazkur boshqarma nazoratida bo‘ladi.
Keyingi yillarda “Moviy tog‘lar” oilaviy dam olish maskani, OKMK Tibbiy-sanitar qismi, Tumanlararo perinatal markazi, Krasnogorsk posyolkasidagi “Chotqol” madaniyat saroyi, O‘zbekiston va Belorus Texnika universiteti kabi ob'yektlarni qayta qurish hamda rekonstruksiya qilish ishlari bo‘yicha loyihalar tayyorlanganini ta'kidlab o‘tish zarur.
- Hozirgi kunga kelib boshqarmamiz tomonidan alohida texnologik jarayonlarni rekonstruksiya qilish, og‘ir va ko‘p mehnat qiladigan ishlarni mexanizatsiyalash, muhandislik tarmoqlari va inshootlarni rekonstruksiya qilish, namunaviy qurilish maydonchalari, binolar loyihalarini ulash bilan bog‘liq loyihalash ishlarini amalga oshirish bo‘yicha loyiha va smeta hujjatlari asosida ishlar davom ettirib kelinmoqda. Shuningdek, yangi bunyod etilayotgan OKMK Muhandislik maktabining loyihalash ishlarida loyiha bosh arxitektori Odilxon Abilqosimov, iqtisodiy masalalar bo‘yicha LIB boshlig‘i o‘rinbosari - smeta, loyihalarni texnik- iqtisodiy asoslash va qurilish loyihalarini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i Nailya Kozlova, Texnologik bo‘limi boshlig‘i Aydar Yaxudin, Muhandislik tarmoqlari bo‘limi boshlig‘i Shermuhammad Jo‘rayev singari hamkasblarimiz faol ishtirok etayotganligini alohida e'tirof etib o‘tishim kerak, - deydi biz bilan suhbatda boshqarma rahbari muovini Bunyod Rahmatullayev. - Bundan tashqari, “Yoshlik I” investitsiyaviy loyihasi, loyihaviy qiymati 1480 million dollarni tashkil etayotgan yangi 3-Mis boyitish fabrikasining qurilish ishlariga doir loyiha ishlarini amalga oshirish zimmamizdagi ulkan vazifadir.
Loyiha bosh muhandislari byurosi, Texnologiya bo‘limi, Loyihalarning texnik- iqtisodiy asoslarini smetalash va qurilishini tashkil etish loyihalari bo‘limi, Arxitektura-qurilish boshqarmasi, Bosh reja va transport sektori, Loyihalarning elektrotexnika qismini ishlab chiqish sektori, Loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha yaxlit guruhlar faoliyat yuritayotgan boshqarmamizda hozirgi kunga kelib 100 nafardan ziyod ishchi-xodimlar, malakali mutaxassislar ishlab kelishmoqda.
Asosiy faoliyati sanoat inshootlariga yo‘naltirilganiga qaramay, hozirda ko‘plab ijtimoiy loyihalarga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan Loyihalash ishlari boshqarmasining istiqbolli faoliyatiga muvaffaqiyat tilab qolamiz.
Dilafro‘z EGAMBERDIYEVA