Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Joriy yilning 1-may kuni O‘zbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi, xususan, ilmiy-ta'lim sohasidagi hamkorlikning jadal rivojlanishi fonida Rossiya Federatsiyasi fan va Oliy ta'lim vaziri Valeriy Falkov boshchiligidagi Rossiya Federatsiyasi delegatsiyasi yurtimizga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida delegatsiya a'zolari hamda MTTU “MISiS” rektori Alevtina Chernikova Milliy tadqiqot texnologik universiteti "MISiS"ning Olmaliq shahridagi filialida ham bo‘lishdi.
Mehmonlar filialning o‘quv va ilmiy faoliyati bilan tanishdilar. Talabalarning o‘qishi va hordiq chiqarishi uchun yaratilgan sharoitlarni o‘rganib chiqishdi. Delegatsiya o‘quv laboratoriyalari, auditoriyalarda bo‘lib, talabalar va professor-o‘qituvchilar bilan suhbatlashdilar.
V.Falkov va boshqa mehmonlar Filialning o‘quv jarayoni yuqori darajada tashkil etilganligini ta'kidlab, talabalar va o‘qituvchilarga muvaffaqiyatlar tilashdi.
- "Biz filialni muvafaqiyatli loyiha sifatida amalga oshganini, u samarali va uyg‘un rivojlanayotganini ko‘rdik. Bu yerda yuqori sifatli oliy ta'lim olish, yoshlarni Rossiya va O‘zbekiston madaniyati va tarixining xilma—xilligi, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik dinamikasiga mos qilib tarbiyalash uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan", - deydi V.Falkov.
Mehmonlar ishtirokida filialda “Tog‘ jinslarining fizik-mexanik xossalari” laboratoriyasining ochilish tadbiri ham o‘tkazildi.
Tashrif yakunida vazir Olmaliq filiali hududida daraxt ekish tadbirida ham ishtirok etdi.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati rahbariyati va mehmonlar o‘rtasida tashkil etilgan uchrashuvda ta'lim dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ish beruvchilarning rolini kuchaytirish, amaliyot hajmini oshirish, talabalarni dolzarb ishlab chiqarish vazifalarini hal etishga jalb qilish kabi keng ko‘lamli masalalar muhokama qilindi.
- MTTU “MISIS” ning Olmaliq shahridagi filiali 2018-yilda tashkil etilgan. Bu vaqt ichida biz yuqori malakali professor-o‘qituvchilar tarkibini shakllantirishga muvaffaq bo‘ldik. Biznes hamkorlar bilan birgalikda biz ilmiy-tadqiqot ishlarini olib boramiz, ta'lim dasturlarini ishlab chiqamiz, talabalar uchun amaliyot dasturlarini tashkil qilamiz, infratuzilma va ijtimoiy loyihalarni amalga oshiramiz. MTTU “MISiS” ning Olmaliq filiali talabalarining olgan bilim, ko‘nikma va malakalari muvaffaqiyatli kasb yo‘lini barpo etishda mustahkam poydevor bo‘lmoqda. 2023-yilning ko‘plab bitiruvchilari o‘qish davomida ishga taklif olishdi va O‘zbekistonning yetakchi korxonalari “Olmaliq KMK” AJ, “O‘zmetkombinat” AJ, “Navoiy KMK” AJ, Toshkent metallurgiya zavodi, Toshkent quvur zavodi va boshqalarda ishlamoqda. Ishonchim komilki, yosh mutaxassislar Respublika sanoatini rivojlantirishga, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga katta hissa qo‘shadilar", - deydi MTTU “MISIS” rektori Alevtina Chernikova.
Filial infratuzilmasi metallurgiya va tog‘-kon sanoati sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borish imkonini beradi: filialda zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan 20 dan ortiq ixtisoslashtirilgan laboratoriya va markazlar mavjud.
Filialda Respublikamizning turli nuqtalaridan kelib tahsil olayotgan 850 dan ortiq talabalar bor. 2022-yilda birinchi bitiruvchilar chiqqan bo‘lib ularning 85 foizi O‘zbekistonning yetakchi kon-metallurgiya korxonalarida ish bilan ta'minlandi, qolganlari “MISiS” universitetining magistraturasida o‘qishni davom ettirdilar.
2024-2025 o‘quv yilidan boshlab mavjud "Konchilik ishi", "Metallurgiya" va "Texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish" yo‘nalishlariga ikkita "Iqtisodiyot" va "Axborot tizimlari va texnologiyalari" bakalavr dasturlari qo‘shiladi.
Axborot xizmati