"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida ishlab chiqarish va boshqaruv jarayonlarining ochiqligi, shaffofligini ta’minlash hamda tizimda korrupsiyaga qarshi qat’iy kurashish borasida keng qamrovli komplayens-nazorat ishlari izchil amalga oshirib kelinmoqda.
Xususan, korxonada moliyaviy mablag’larning maqsadli sarflanishi, davlat xaridlarining shaffofligi, raqobat qonunchiligiga muvofiqligi va xodimlarni (HR) boshqarish jarayonlarida inson omilini kamaytirish boʻyicha joriy etilgan va raqamlashtirilgan tizimlar bugun oʻz mevasini bermoqda. Mana shunday tizimli va izchil islohotlarning mantiqiy davomi sifatida, OKMK AJda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi muvaffaqiyatli sertifikatlashtirildi va natijada korxona navbatdagi yirik xalqaro yutuqni qoʻlga kiritdi.
ISO 37001:2025 (Korrupsiyaga qarshi boshqaruv tizimi) — tashkilotlarda korrupsiya va poraxoʻrlik xavflarining oldini olish, aniqlash va ularga chek qoʻyish boʻyicha Xalqaro Standartlashtirish tashkiloti (ISO) tomonidan ishlab chiqilgan eng nufuzli jahon standarti hisoblanadi.
Ushbu xalqaro Muvofiqlik sertifikatining yangi 2025 yildagi tahriri bugun Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga tantanali ravishda topshirildi. Bu voqea korxona tarixida shaffoflik, qonun ustuvorligi va xalqaro ishonchning yangi davrini boshlab beradi.
Bugungi kunda London metall birjasi, Copper Mark va Yevropa Ittifoqi bozorlari tizimida shaffoflik va komplayens nazorati tizimi joriy qilingan kompaniya va tashkilotlar oʻz mahsulotlarini realizatsiya qilishda alohida ustuvorlikka ega boʻladi.
Shu boisdan ham, mazkur yangi tahrirdagi xalqaro sertifikat OKMK mahsulotlarining dunyo bozoridagi raqobatbardoshligini karrasiga oshirib, xalqaro bozorlarga toʻsiqsiz chiqish imkonini kengaytiradi. Xalqaro investorlar va yirik transmilliy banklar korrupsiya xavflari minimallashtirilgan korxonalarga katta hajmdagi imtiyozli kreditlar va toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni xavfsiz ajratadi.
Bundan tashqari, ISO 37001:2025 standarti tizimining Kombinatda mavjudligi global ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) koʻrsatkichlarida OKMKning bahosini keskin yuqoriga koʻtaradi.
Ichki tizimda esa korxonaning barcha boʻgʻinlarida moliyaviy xavflar qat’iy nazoratga olinganligini anglatadi, ochiqlik indeksi mustahkamlanadi.
Reyting koʻrsatkichlari va solishtirish mezonlari boʻyicha olib qaraydigan boʻlsak, an’anaviy davlat ichki reytingi faqat Oʻzbekiston Respublikasi doirasida milliy ahamiyatga ega boʻlib, davlat organlarining axborot berish koʻrsatkichlarini baholaydi.
Yangi tahrirdagi ISO 37001:2025 xalqaro sertifikati esa butun dunyo miqyosida tan olingan oliy andoza boʻlib, 32 ta eng qat’iy xalqaro mezon va tizimli xavflarni xolis audit qilish orqali taqdim etiladi.
Ichki reytinglar milliy agentliklar tomonidan masofaviy yoki ichki baholash asosida shakllantirilsa, ISO standarti mustaqil xalqaro auditorlik tashkilotlari tomonidan joyiga chiqqan holda, ikki bosqichli qat’iy audit natijasiga qarab taqdim etiladi.
Eng muhimi esa, xorijiy investorlar uchun milliy reyting shunchaki lokal ma’lumot hisoblansa, yangi tahrirdagi ushbu xalqaro sertifikat investitsiya kiritish va toʻgʻridan-toʻgʻri yirik transmilliy shartnomalar imzolashda asosiy talab sifatida soʻraladi.
OKMK yangi tahrirdagi ushbu nufuzli xalqaro sertifikatni qoʻlga kiritish orqali nafaqat ishlab chiqarish hajmi va texnologik quvvati boʻyicha, balki korporativ boshqaruv, shaffoflik va ochiqlik yoʻnalishida ham dunyoning eng ilgʻor kompaniyalari qatoridan joy olganini amalda isbotladi.
Ma’lumot oʻrnida: OKMKda Xalqaro ekspertlar bilan birgalikda korrupsiyaga qarshi kurashishga oid 19 ta ichki idoraviy hujjat ishlab chiqildi.
2026-yil birinchi yarim yilligida imzolangan barcha 3 722 ta tijorat shartnomasiga 100% aksilkorrupsiya shartlari kiritildi. Oʻtgan davrda 20 nafar xodimlar aynan ISO 37001:2025 talablari asosida oʻqitildi. Sertifikatlar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Direktorining “OKMK yoshlari bilan o’tkazilgan uchrashuvi” chog’ida tantanali ravishda topshirildi.
Ishga qabul qilingan xodimlar bilan tuzilgan 975 ta mehnat shartnomasiga ham korrupsiyaga qarshi qat’iy talablar qoʻshildi.
Kombinatning 66 ta asosiy funksiyasi xavf darajasi boʻyicha toʻliq baholashdan oʻtkazildi.
Korxona va boʻlimlardagi 5 447 nafar rahbar xodim manfaatlar toʻqnashuviga oid deklaratsiyalarni toʻldirdi va bosqichma-boshqich tahlil qilinmoqda.
Kombinatning xaridlar jarayonida raqobat qonuni talablariga riyoya etilishini ta’minlash maqsadida 90dan ziyod kontragentlar (sherik korxona) “KYC”, “Forensic audit”, “Due diligence” qoidalariga muvofiq kompleks tekshiruvdan o’tkazildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishida kombinatning 65 nafar mas’ul rahbarlari maxsus kurslarda oʻqitildi.
Hisobot davrida komplayens xizmati tomonidan jami 24 ta ichki xizmat tekshiruvlari oʻtkazildi.
Tekshiruvlar natijasida 5,1 milliard soʻmlik maqsadsiz va asossiz xarajatlarning oldi olindi.
Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan 28,6 million soʻmlik moliyaviy zarar toʻliq undirilib, Kombinat balansiga qaytarildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash natijalariga koʻra, 2025-yil yakuni bilan OKMK 89 ball toʻplab, respublikada eng yuqori natijani qayd etgan korxona va tashkilotlar qatoridan joy oldi.
Kombinatda 2021-yil may oyidan joriy qilingan aksilkorrupsiyaviy tizim, Sertifikatsiya organi tomonidan tashqi auditdan oʻtkazildi hamda ISO 37001:2025 Xalqaro standarti, shuningdek, Oʻz MSt ISO 37001:2025 milliy standartlari qoʻlga kiritildi.
OKMK Axborot xizmati