• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Angrenning ko‘hna va navqiron konlari

24 Mart 2023, 13:56 1304

Angren kon boshqarmasi boyitilgan konsentratlar olinishi bilan kechadigan foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash jarayonlari amalga oshirib kelinadigan “Olmaliq KMK” AJning o‘ziga xos ishlab chiqarish bo‘g‘inlaridan biri hisoblanadi. Ko‘chbuloq, Qizil-olma va Qayrag‘och kon maydonlari shaxtalari, oltin tarkibli rudalarni qayta ishlovchi Oltin saralash fabrikasini o‘z ichiga olgan boshqarma jamoasi yilning dastlabki ikki oyini yuqori ko‘rsatkichlar bilan yakunladi. Ushbu natijalar yillar davomida orttirilgan tajriba, istiqbolli marralarni aniq belgilab olinishining natijasidir.

Angren kon boshqarmasi Ishlab chiqarish texnik bo‘limi boshlig‘i Sherzod Egamberdiyev bilan suhbatimiz boshqarma konlarining o‘ziga xos tarixiy yo‘li va oldinda turgan vazifalar xususida bo‘ldi.

- O‘tgan asrning 60-yillari o‘rtasida loyiha quvvati 50 ming tonna rudani tashkil etuvchi tajriba-ekspluatatsiya korxonasi bugunga kelib 740 ming tonnalik rudalarni qazib olish va qayta ishlash imkoniyatiga ega bo‘lgan zabardast kon boshqarmasiga aylandi. Tabiiyki ushbu natija o‘z-o‘zidan bo‘lmagan.

- Sharqiy Qurama geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi tomonidan o‘rganilib, ilk faoliyati yo‘lga qo‘yilgan Ko‘chbuloq konida olib borilgan tog‘-kon kapital ishlari natijasida 1975-yilga kelib kon quvvati 200 ming tonnagacha chiqarildi. 1989-yilda esa yillik quvvati 150 ming tonna rudani tashkil qiladigan Qizil-olma konining birinchi navbati foydalanishga topshirildi. Qizil-olma kon maydoni g‘arbiy flangi Markaziy uchastkasida olib borilgan geologiya-qidiruv ishlari yakunlanishi bilan 1993-yilda Razvedochnaya stvolida kon qazib olish ishlariga kirishildi. Yillar o‘tib bu stvolning ish quvvati yilliga 100 ming tonnaga chiqarildi. Yuqoridagi konlardan qazib olinayotgan rudalarni qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan Angren Oltin saralash fabrikasi 1973-yilda foydalanishga topshirildi. O‘sha davrda fabrika quvvati bor-yo‘g‘i 300 ming tonna xom ashyolarni qayta ishlashni tashkil etgan bo‘lsa, 1995-yilda fabrikaning ikkinchi navbati ishga tushirilishi bilan boyitish fabrikasi yiliga 600 ming tonnalik rudalarni qayta ishlash darajasiga yetdi.

Men yuqorida sanab o‘tgan kon maydonlari, ulardagi uchastkalarning bosqichma-bosqich ishga tushirilishining o‘zi alohida bir tarix, lekin 2002-yildan boshlab Angren kon boshqarmasi Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tarkibiga qo‘shilishi haqiqatdan ham Angren konchiligi tarixida yangi davrni boshlab berdi. Semg‘uron, Samarchuq, Uzun va Qayrag‘och hamda Mejdurech'e uchastkalarini esa Angren konchilari tomonidan yaratilgan yangi tarix sifatida baholash kerak bo‘ladi. Aynan mazkur uchastkalar faoliyati tugab borayotgan zahiralarni to‘ldirish bilan birga yangi istiqbolli maqsadlarimizni ishonch bilan belgilab olishimizga xizmat qilmoqda.

- Kombinatning investitsiya dasturlari doirasida amalga oshirilgan “Samarchuq yer osti konini o‘zlashtirish loyihasi” e'tirofga molikdir. Shu o‘rinda konchilar mehnat sharoitlarini yaxshilash, ularning xavfsiz faoliyat yuritishi yo‘nalishida qanday ishlar amalga oshirildi?

- Konchilik sharafli va o‘z o‘rnida mas'uliyatli kasb. Mazkur matonatli kasb egalari uchun sog‘lom va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish doimo kon boshqarmasining diqqat markazida.

Mamlakatimiz Prezidentining 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan investisiya dasturini tasdiqlash hamda investisiya loyihalarini boshqarishning yangi yondashuv va mexanizmlarini joriy etish to‘g‘risidagi qaroriga asosan, Angren kon boshqarmasi Qizil-olma va Razvedochnaya kon shaxtalarida “Tog‘-kon dispetcheri” dispetcherlik nazoratining avtomatlashtirilgan tizimi joriy qilindi. Mazkur tizim shaxtalarda smenadan avvalgi elektron tibbiy ko‘rik tizimi, 44 ta transport va texnik vositalar ishini monitoring qilish hamda 759 nafar xodimlarning harakatini kuzatish va xavfsizligini ta'minlash, shuningdek videokuzatuv tizimi va sifatli radio aloqa bilan ta'minlanish imkonini yaratdi.

Rudalarni qayta ishlashga tayyorlash, maydalash, saralash, flotasiyalash, fil'trlash va quritish jarayonlari olib boriladigan boyitish fabrikasini texnik va texnologik jihatdan qayta qurollantirish borasida katta hajmdagi ishlar olib borilmoqda. Jumladan, o‘tgan yilning oktyabr oyida texnologik jarayonlarga joriy etilgan 2 jamlanma “Falcon SB” gravitasiya konsentratori nodir metallar saralanishini oshirish bilan birga yuqori tarkibli gravitasion konsentratlar olinishi va flotasiya chiqindilariga nihoyatda kam miqdorda foydali komponentlar o‘tishi keskin kamaytirilishini ta'minlamoqda. Yangi “Falcon SB-1350” va “Falcon SB-2500” texnologik uskunalarimiz OKMKning “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti, Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish boshqarmasi va Angren kon boshqarmasi hamda Rossiya, Qozog‘iston va Kanadalik mutaxassislar tomonidan fabrika maydalash uchastkasining ikkita bo‘g‘iniga montaj qilindi. Yangi gravitasion konsentratorlar yuqori ish quvvati, oltining ancha ingichka zarralarini samaradorlikda saralashi, chastota-rostlovchi uzatmasi va dinamik tormozlantirilish tizimlariga ega ekanligi bilan ajralib turadi. Eng kam ekspluatasiyaviy sarf-harajatlarda uskunadan foydalanish koeffisenti 95%ni tashkil qiladi. Yangi texnologiya joriy etilishi bilan oltinning saralab olinishini 1,0-1,5%gacha oshirishga muvaffaq bo‘ldik. Jumladan, yanvar' oyida bu ko‘rsatkich 92% miqdorida belgilangan bo‘lsa, amalda bu borada 93%lik natijaga erishildi.

Oltin saralash fabrikasi boshlig‘i, texnika fanlari nomzodi A'zamjon Haydarov, fabrika bosh mexanigi Rustamxon Nodirxonov rahbarligida yangi texnologiyaning barqaror faoliyati ta'minlandi. Fabrikaning Jasur Erboyev, Rustam Anorboyev, Alisher Aminov, Dilshodxon Nodirov, Qobiljon Haydarov va Otabek Sulaymonov kabi ishchi-xodimlari tomonidan yuqori natijalar qo‘lga kiritib kelinmoqda.

So‘nggi vaqtlarda energetika tizimini uzluksiz va ishonchli yo‘lga qo‘yish barcha sanoat korxonalari uchun muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ma'lumki, fabrika va konlarimiz Toshkent hududiy elektr tarmoqlari korxonasining LEP-110 kV liniyalaridan quvvati 16000 kVA.ni tashkil etadigan transformatorlar orqali elektr energiyasi bilan ta'minlanadi. Bosh kamaytirib beruvchi GPP 110/35/6 kV nimstansiyalarda rekonstruksiya ishlari olib borildi. Qizil-olma va Ko‘chbo‘loq shaxtalarini siqilgan havo bilan ta'minlab beruvchi kompressor stansiyalariga “Samsung” kompressorlari o‘rnatildi. Boshqarma energetiklari tomonidan 220 kVt quvvatli elektr dvigatellariga chastotali qayta rostlovchilar joriy etilishi va mavjud yoritish tizimlari quyosh fotoelektr yoritkichlariga almashtirilishi hisobiga joriy yilning birinchi choragining o‘zida 326,0 ming kVt/soat elektr energiyasi iqtisodiga erishish rejalashtirilgan.

- Angren konchilari tomonidan yilning dastlabki ikki oyi davomida qanday natijalar qayd etildi?

- Bundan yaqin bir necha yillar oldin amalda faoliyat yuritayotgan Ko‘chbuloq koni Qayrag‘och shaxtasi, Qizil-olma koni negizida Samarchuq uchastkasini tashkil etish borasida asosiy ko‘rsatkichlar, bosqichlar va quriladigan ob'ektlar tarkibini belgilash to‘g‘risidagi tashabbuslar ostida loyihalarga kirishilgan bo‘lsa, ayni bugunga kelib mazkur yangi konlar boshqarma yutuqlari asosini tashkil etmoqda. Xususan, yilning dastlabki ikki oyi mobaynida Angren kon boshqarmasi bo‘yicha rudalarni qazib olish topshirig‘i 102,6%ga bajarilgan bo‘lsa, birgina Qayrag‘och shaxtasida bu ko‘rsatkich 104,1%ni tashkil etdi. Rudalarni qazib olish bo‘yicha Semg‘uron uchastkasi tomonidan eng yaxshi natijaga erishilib, uchastka konchilari belgilangan rejani 125,8%ga ortig‘i bilan uddalashga muvaffaq bo‘lishdi. Qazib olingan rudalarda oltin tarkibi bo‘yicha ko‘rsatkich 103,1%ga bajarildi. Rudalar tarkibida kumushning ko‘rsatkichi 123,9%ni tashkil etgani e'tirofga molik natijadir.

Oltin saralash fabrikasi boyi-tuvchilari zimmasiga 680.000 tonna rudani qayta ishlash vazifasi yuklatilgan. Fabrika jamoasi ham yilning dastlabki ikki oyini yuqori natijalar bilan yakunladilar.

- Yutuqlar bardavom bo‘lsin. Angren kon boshqarmasi jamoasiga bundan yuksak zafarlar yor bo‘lishini tilab qolamiz. Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.

- Salomat bo‘ling.

Suhbatdosh

Hasan ABDULLAYEV

 

Bo`lishmoq:
Text to speech