Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Rux zavodi Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining asosiy bo‘linmalaridan biri bo‘lib, metall, rux va kadmiy ishlab chiqarish bo‘yicha Respublikamizdagi yagona korxona hisoblanadi.
Mazkur korxonani texnik va texnologik jihatdan qayta qurollantirish dasturi doirasida o‘tgan 2022-yili zavod 17-quyuqlashtirgichining metall konstruksiyalari korroziyadan tozalandi, bo‘yash va tomini yopish, elektr energiya ta'minoti tizimi, aspiratsiya va ventilyatsiya qurilmalarini modernizatsiyalash ishlari olib borilgan bo‘lsa, ayni kunga kelib kuyindilarni sinf(klass)larga ajratish bo‘limi reaktorlarida kapital ta'mir ishlari yakunlanib, impulsli puflantirishli СРФ-15 yeng filtrlari to‘liq quvvatda ishga tushirildi. Mazkur yangi uskuna texnologik va tayyorlov operatsiyalarini amalga oshirishda yuzaga keladigan qattiq uchuvchan hamda aerozol changlarini yuqori samaradorlikda tutib qoluvchi qurilma hisob-lanadi. Ushbu aspiratsiya tizimi samaradorligi seksiyalar sonini ko‘paytirish hisobiga oshirish, fil'trlanish maydonini kengay-tirish va uning alohida elementlariga changli yuklanmalarni keskin tushirish imkoniyatlari yuqoriligi bilan ajralib turadi. Tizim bitta seksiyasining ish quvvati 7500 dan 1500 m3 gacha chang ushlab qolinishini tashkil etadi. Tozalanishning yuqori darajasi, universalligi, seksiyalar sonini oshirib borish imkoniyati mavjudligi, havoni mayda, o‘rta, yirik tashlanmalardan tozalashi, yuqori ishonchliligi va xizmat qilib berish muddati uzoqligi yangi qurilmaning eng muhim afzalik jihatlari hisoblanadi. Ish muhitida mayda dispersiyali changlar mavjudligida ham yeng filtrining tozalab berish darajasi 99% ni tashkil etadi.
Yangi qurilmalar nafaqat ish joylaridagi havo muhitini yaxshilash, balki atrof-muhit muhofazasi hamda atmosferaga changlar bilan qo‘shilib chiqib ketadigan foydali komponentlarni yana qayta ishlashga jalb etishi bilan ahamiyatlidir. Ushbu yangi uskunalar o‘z ish quvvatlariga chiqib borishida tegirmon mashinisti Olimjon Omonboyevning tajriba va mahorati muhim ahamiyat kasb etdi. Ma'lumki, Bahrom Ishmurodov rahbarlik qilib kelayotgan Tanlab eritish sexi 22 ta reaktorlar va 18 ta quyuqlashtirgichlar bilan jihozlangan holda rux kuyindilari va velsokislarini qayta ishlab, metalli rux olinishida foydalaniladigan nordon eritmalarni tayyorlab beradi. Kuyindilarni sinf(klass)larga ajratish bo‘limi, kuyindilarni neytral tanlab eritish va pulpalarni quyuqlashtirish bo‘limi, velsokislarini qayta ishlash bo‘limi, neytral eritmalarni mis va kadmiydan tozalash bo‘limi, ramalar, vakkum-filtrlar bilan quyuqlashtirgichlarning pastki oqimlarini filtrlash bo‘limida olib borilgan texnik va texnologik qayta qurollantirish ishlari natijasida so‘nggi yillarda sexning ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini keskin oshirilishiga muvaffaq bo‘lindi. Birgina o‘tgan aprel oyining o‘zida 8248 tonna miqdorida metalli rux ishlab chiqarilishiga erishilib, belgilangan reja ortig‘i bilan bajarildi. Bu kabi salmoqli natijalarga 5-texnologik smenasi ustasi A.Ne'matov, elektromontyor R.Pardaliyev, gidrometallurg-apparatchilar N.Djabborova va A.Inomovalar munosib ulush qo‘shib kelishmoqda.
“Olmaliq KMK” AJning ikkinchi metallurgiya korxonasi tomonidan rux metalli, kadmiy, sulfat kislotasi va Xondiza kon boshqarmasi ehtiyojlari uchun rux kuporosini ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarining bajarilishi importga keltiriladigan sulfidli konsentratlarning o‘z vaqtida yetkazib berilishi va sifatiga, shu bilan birga korxona mehnat jamoasining bahamjihat harakatlariga va yangi tenologiyalar, zamonaviy uskuna va jihozlar ishlab chiqarishga joriy etilishiga uzviy bog‘liq. Texnologik materiallar bilan uzluksiz ta'minot va ishlab chiqarishni barqarorlashtirish dasturi doirasida olib borilayotgan ishlar korxona jamoasining ko‘zlangan marralar yo‘lida shahdam qadam tashlashiga omil bo‘lmoqda.
Hasan ABDULLAYEV