Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

ATBda dispetcherlik xonalari rekonstruksiya qilindi

11 Mart 2026, 9:34 80

So‘nggi yillarda “Olmaliq KMK” AJ rahbariyati tomonidan amalga oshirilayotgan izchil islohotlar va yangilanishlar ishchi-xodimlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratishga xizmat qilmoqda. Kombinatning barcha tarkibiy bo‘linmalarida oshxonalar, tibbiyot punktlari, yuvinish hamda kiyinish joylari bosqichma-bosqich ta’mirlanib, zamonaviy va qulay ko‘rinishga keltirilyapti.

Ana shunday e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir yorqin namunasi sifatida kuni kecha Avtomobil transporti boshqarmasiga qarashli xo‘jalik ta’mirlash uchastkasi ishchi-xodimlari tashabbusi va boshqarma ichki imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda 1-avtokorxonaning dispetcherlik xonalari rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi. 

Ochilish marosimida Transport va logistika departamenti rahbariyati, kasaba uyushmasi faollari, Yoshlar ittifoqi vakillari hamda mehnat faxriylari ishtirok etishdi. 

Tadbirda so‘zga chiqqanlar ta’mirlash ishlari natijasida dispetcherlik xonalari zamonaviy va shinam maskanga aylanganini alohida ta’kidlashdi. Shuningdek markaz zamonaviy yoritish tizimi, konditsioner, qulay mebellar, yangi kompyuterlar hamda zarur texnik vositalar bilan jihozlangani hamda dispetcherlik ishlari uchun yuqori sifatli maxsus quloqchinlar xarid qilingani ham aytib o’tildi. Yaratilgan qulay sharoitlar avtokorxona ishchi-xodimlarining samarali va mas’uliyatli faoliyat yuritishlariga xizmat qiladi. Zero, mazkur kasb egalaridan yuksak e’tibor va aniqlik talab etiladi. Aynan dispetcherlar haydovchilar faoliyatini muvofiqlashtirib, kombinat bo‘linmalaridan kelib tushadigan buyurtmalarni qabul qiladi hamda ular o‘rtasida uzviy bog‘lovchi bo‘g‘in vazifasini bajaradi.

Dispetcherlarning kundalik vazifalari qatoriga yo‘l varaqalarini rasmiylashtirish, yo’nalishlarni hisobini yuritish, transport vositalarining harakat jadvalini ishlab chiqish, yuk va yo‘lovchi tashish qoidalarini mukammal bilish, logistika jarayonlarini nazorat qilish hamda yo‘l harakati qoidalariga qat’iy amal qilish kiradi. Shuningdek, ular transport vositalaridan samarali va oqilona foydalanilishini ta’minlashga ham ma’suldirlar.

Yangilangan dispetcherlik xonalarida yaratilgan qulay va zamonaviy muhit 1-avtokorxona jamoasining o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarini aniq reja asosida, puxta va tizimli ravishda amalga oshirilishida muhim ahamiyat kasb etadi desak mubolag’a bo’lmaydi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech