• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Avtomatlashtirish samarasi

26 Mart 2024, 10:52 480

Avtomatlashtirishning ilk o‘chog‘i sifatida qadimgi Gretsiya tilga olinar ekan, bunda olim Geron nomi alohida ta'kidlanadi. Avtomatlashtirish bilan bog‘liq ilk tushunchalar uning asarlarida uchrashi tarixiy manbalardan ma'lum. 13 asrda nemis kimyogari Albert fon Bolshtad eshiklarni ochish va yopish mexanizmiga ega “temir odam”ni ixtiro qilishi bu sohaning taraqqiy topayotganidan darak berardi.

Bugun “inson omilisiz” degan tushunchalar asosida yuqori sifat bilan avtomatlashtirilayotgan sohalardan biri bu sanoat jabhasi deb baralla aytish mumkin. Uskunalarning ishlash ishonchliligini oshirish, avariyalar va undan keyingi uskunaning ishlamay qolish xavfini kamaytirish, normal va avariyadan oldingi ish rejimlarida texnologik jarayonlarni samarali nazorat qilish, kerakli sifat va miqdorda mahsulot ishlab chiqarishni ta'minlash, texnologik asbob-uskunalar va xodimlarni texnologik jarayondagi uzilishlar yoki nosozliklar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin bo‘lgan avariyalar va favqulodda vaziyatlardan himoya qilish maqsadlarida avtomatlashtirilayotgan shunday jabhalardan biri sifatida “Olmaliq KMK” AJ Angren kon boshqarmasining Oltin saralash fabrikasini misol tariqasida keltirishimiz mumkin. Hozirda fabrikaning flotatsiya bo‘limi to‘liq avtomatlashtirilgan bo‘lib, qolgan tarmoqlarda ham raqamlashtirish ishlari olib borilayotgani diqqatga molikdir.

- Boyitish fabrikalarining texnologik jarayonlarini avtomatlashtirilgan tarzda boshqarish tizimlari(TJATBT) EHM bazasidagi boshqaruv tizimining o‘ziga xos zamonaviy boshqaruv avtomatlarini o‘zida mujassam etadi, - deydi biz bilan suhbatda fabrika sozlash guruhi rahbari Javohir Hoshimov.

- Boyitishning barqaror sharoitlarini ta'minlash va olinayotgan yakuniy boyitish mahsulotlarining yuqori sifatiga erishish maqsadida qayta ishlanayotgan xom ashyolar va mahsulotlar, shuningdek fabrika texnologik rejimlarini xususiyatlaydigan parametr(kattalik)lar ustidan doimiy nazoratni amalga oshirib borish zarur bo‘ladi. Bugungi kunda fabrikada avtomatlashtirish jarayonlari Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish boshqarmasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Shu o‘rinda xaqli bir savol tug‘iladi: Xo‘sh, biz tilga olayotgan avtomatlashtirish tizimi nimalarga xizmat qiladi, foydali jihatlari nimalarda namoyon bo‘ladi?

Boyitish fabrikasini avtomatlashtirilish darajasi uning ish quvvati, xom ashyolarning mineral tarkiblari va qayta ishlanayotgan rudalar xususiyatlarining turg‘un o‘zgarib borishi asosida belgilanadi. Yanchish rudalar holatini o‘zgartirishning bosh texnologik jarayoni hisoblanib, uning texnologik uskunalari holati butun bir fabrikaning ish quvvatlarini belgilab beradi. Jarayonlarning yuqori energiya iste'moli, murakkab mehnat sharoitlari, yanchish agregatlarining maksimal ishlab chiqarishlariga erishish zaruriyatlari nazorat va boshqaruv operatsiyalari yuqori darajada avtomatlashtirilishi sharti va talablarini qo‘yadi. Shuningdek, jarayonlarni boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimi uskunalar va jarayonning borishini doimiy markazlashtirilgan monitoringi, texnologik parametrlarni yig‘ish, qayta ishlash va arxivlash, joriy axborotni real vaqt rejimida operator uchun qulay shaklda taqdim etish kabi funksiyalarni bajaradi. Ushbu jihatlardan kelib chiqqan holda fabrika flotatsiya bo‘limining to‘liq avtomatlashtirilishi bugun o‘z samarasini ko‘rsatmoqda.

Navbatdagi avtomatlashtirish jarayonlarida Texnologik jarayonlar tizimlarini avtomatlashtirishni boshqarish xizmati boshlig‘i X.Ismoilov, sozlash guruhi rahbari J.Hoshimov, nazorat - o‘lchov jihozlari va avtomatlari chilangarlari K.Mamatov, E.Rahmatillayev, sozlovchilar Sh.Ismoilov, S.Boymuratov, S.Qarshiboyevlar avtomatlashtirish jarayonlarida faol ishtirok etib kelishmoqda. Fabrikada mazkur jarayonlar sarhisob yilida to‘liq amalga oshirilishi kutilmoqda.

Dilafro‘z EGAMBERDIYEVA

Bo`lishmoq:
Text to speech