"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Vatanimiz mustaqilligining 35 yillik shonli bayrami nishonlanayotgan qutlug' 2026-yilda Avtomobil transporti boshqarmasi mehnat jamoasi ham mamlakatimiz iqtisodiy qudrati va sanoat salohiyatini yuksaltirishga munosib hissa qo'shayotganidan faxrlanadi.
O'tgan davrni tahlil qilar ekanmiz, bu yillarda erishilgan har bir yutuq, amalga oshirilgan modernizatsiya ishlari, avtotransport parkini yangilash, ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish hamda xizmat ko'rsatish sifatining yuksalishi fidoyi ishchi-xizmatchilarimizning mehnati va istiqlol yaratgan keng imkoniyatlarning amaliy natijasidir.
Tarixiy taraqqiyot va mustaqillik davridagi yangilanishlar
1965-yilda “Oltin-Topkan”, “Qo'rg'oshinkon” va “Qalmoqqir” konlarida qazib olish ishlari jadal rivojlangan davrda, sexlarning texnika va mexanizmlarini birlashtirish, ularni markazlashtirilgan tartibda ta'minlash hamda ta'mirlash maqsadida maxsus transport tuzilmasini tashkil etish zarurati yuzaga keldi. Ana shu ehtiyoj negizida bugungi kunda kombinatning eng muhim tarkibiy bo'linmalaridan biri hisoblangan Avtomobil transporti boshqarmasiga asos solindi.
2026-yilda Avtomobil transporti boshqarmasi tashkil yetilganiga 61 yil to'ldi. O'tgan davr mobaynida boshqarma mustaqil xo'jalik yurituvchi yirik ishlab chiqarish tuzilmasi sifatida shakllanib, kombinatning uzluksiz faoliyatini ta'minlash, yuk va yo'lovchi tashish xizmatlarini samarali yo'lga qo'yish, maxsus texnikalarni yekspluatatsiya qilish hamda ishlab chiqarish jarayonlarini transport bilan uzviy bog'lashda muhim o'rin egallab kelmoqda.
Barqaror natijalar va yuqori samaradorlik
Mustaqillikning 35 yilligi arafasida boshqarma jamoasi 2026-yilning yanvar–iyun oylarida belgilangan ishlab chiqarish va xizmat ko'rsatish vazifalarini muvaffaqiyatli ado etdi. Hisobot davrida konlardan tog' jinslarini tashish ishlari yuqori sur'atlarda bajarilib, tog' massasini kub metr hisobida tashish rejasi 119,2 foiz, tonna hisobida tashish rejasi yesa 112,5 foizga bajarildi. Shuningdek, xo'jalik avtotransporti faoliyati bo'yicha mashina-soat ko'rsatkichi 108,2 foizni tashkil etib, belgilangan vazifalar ortig'i bilan bajarildi. Texnologik transport parki faoliyati bo'yicha traktor-soat ko'rsatkichi esa 100 foizga bajarilib, rejalashtirilgan barcha ishlar to'liq va sifatli amalga oshirildi. Kombinat tarkibiy bo'linmalarga transport xizmatlari uzluksiz ko'rsatilib, texnik tayyorgarlik darajasi yuqori darajada saqlandi. Avtotransport vositalarining ish unumdorligi hamda ulardan foydalanish samaradorligi yanada oshirildi.
Tejamkorlik siyosati
Boshqarmada ishlab chiqarish hajmlarini oshirish bilan bir qatorda resurslardan oqilona va tejamkor foydalanishga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. 2026-yilning birinchi yarim yilligida elektr energiyasi sarfi bo'yicha prognoz ko'rsatkichi 62,00 kVt·soat/ming tkm etib belgilangan bo'lsa, amalda ushbu ko'rsatkich 41,48 kVt·soat/ming tkmni tashkil etdi va natijada 20,51 kVt·soat/ming tkm elektr energiyasi tejalishiga erishildi.
Shuningdek, dizel yoqilg'isini tejash bo'yicha ham salmoqli natijalar qayd etildi. Hisobot davri uchun rejalashtirilgan 2 430,2 tonna dizel yoqilg'isi o'rniga amalda 2 240,3 tonna sarflanib, jami 189,9 tonna dizel yoqilg'isi iqtisod qilindi. Mazkur ko'rsatkichlar zamonaviy boshqaruv yondashuvlari, transport vositalaridan samarali foydalanish va yoqilg'i-energetika resurslarini tejash borasida olib borilayotgan tizimli ishlar o'zining amaliy samarasini berayotganini ko'rsatadi.
Avtoparkni modernizatsiya qilish – taraqqiyotning muhim omili
Mustaqillik yillarida Avtomobil transporti boshqarmasida transport parkni bosqichma-bosqich yangilash, zamonaviy texnika va texnologiyalarni joriy etish ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilanib, bu borada keng ko'lamli ishlar amalga oshirildi. Natijada boshqarmaning texnik salohiyati sezilarli darajada oshirilib, ishlab chiqarish jarayonlarining samaradorligi va transport xizmatlari sifati yanada yuksaldi.
2026-yil iyul holatiga ko'ra, Avtomobil transporti boshqarmasi tasarrufida jami 857 ta transport vositasi mavjud. Shundan 265 tasi yuk tashuvchi avtomobillar, 222 tasi yengil xizmat avtomobillari, 127 tasi maxsus texnikalar, 68 tasi yo'l-qurilish texnikalari, 173 tasi avtobus va vaxta avtobuslari, shuningdek, 2 ta elektr skuterdan iborat.
Joriy yilda avtoparkni yanada modernizatsiya qilish va ishlab chiqarish ehtiyojlarini ta'minlash maqsadida 15 ta yangi zamonaviy transport vositasi xarid qilinib, foydalanishga topshirildi. Ular tarkibiga 7 ta Isuzu D-Max rusumli pikap, 3 ta yengil xizmat avtomobili, 2 ta mikroavtobus, 1 ta maxsus texnika hamda 2 ta skuter kiradi.
Avtoparkning zamonaviy transport vositalari bilan muntazam yangilanib borishi ishlab chiqarish bo'linmalarini transport bilan uzluksiz ta'minlash, tashish ishlari samaradorligini oshirish, texnik tayyorgarlik darajasini mustahkamlash, xizmat ko'rsatish sifatini yanada yuksaltirish hamda transport harakati xavfsizligini ta'minlashga xizmat qilmoqda. Bu esa mustaqillik yillarida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli modernizatsiya siyosati va sanoatni rivojlantirishga qaratilgan izchil islohotlarning amaliy samarasi hisoblanadi.
Raqamli transformatsiya – zamonaviy boshqaruv asosi
Avtomobil transporti boshqarmasida ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish bo'yicha ham izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Transport vositalari harakati GPS monitoring tizimlari orqali nazorat qilinib, ularning harakat yo'nalishi, ish vaqti va yoqilg'i sarfi onlayn tarzda kuzatib borilmoqda. Bu esa transport vositalaridan samarali foydalanish, xarajatlarni qisqartirish hamda yoqilg'i-energetika resurslarini tejash imkonini yaratmoqda.
Shuningdek, texnik xizmat ko'rsatish, dispetcherlik boshqaruvi, elektron hujjat aylanishi va hisobot tizimlari bosqichma-bosqich raqamlashtirilib, boshqaruv jarayonlarining tezkorligi, shaffofligi va samaradorligi yanada oshirilmoqda. Kelgusida ham raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali transport xizmatlari sifatini yanada yuksaltirish bo'yicha ishlar davom ettiriladi.
Kelajakka poydevor: Modernizatsiya va yangi imkoniyatlar
Bugungi kunda Avtomobil transporti boshqarmasida ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, avtoparkni zamonaviy texnikalar bilan boyitish, raqamli boshqaruv tizimlarini keng joriy etish va xizmat ko'rsatish infratuzilmasini rivojlantirish bo'yicha ishlar davom ettirilmoqda.
Shuningdek, texnik xizmat ko'rsatish ustaxonalari rekonstruksiya qilinib, zamonaviy diagnostika uskunalari o'rnatilmoqda, ehtiyot qismlar bazasi mustahkamlanmoqda hamda energiya tejamkor texnologiyalar keng tatbiq etilayapti. Ushbu islohotlar transport xizmatlari sifati va ishonchliligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Eng muhimi, amalga oshirilayotgan barcha bunyodkorlik va modernizatsiya ishlari kombinat mutaxassislari hamda mahalliy muhandislarning bilim va salohiyatiga tayangan holda olib borilmoqda. Bu esa mustaqillik yillarida milliy kadrlar salohiyati yuksalganining yana bir yorqin ifodasidir.
Xulosa qilib aytganda, Avtomobil transporti boshqarmasida mustaqillikning 35 yilligi arafasida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar, modernizatsiya ishlari va samarali mehnat natijalari Yangi O'zbekiston taraqqiyoti yo'lida olib borilayotgan bunyodkorlik siyosatining amaliy ifodasidir.
Bugun 61 yillik boy tajribaga ega Avtomobil transporti boshqarmasi jamoasi mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlarni yanada mustahkamlab, zamonaviy transport infratuzilmasini rivojlantirish, kombinatning uzluksiz faoliyatini ishonchli transport bilan ta'minlash hamda mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyotiga munosib hissa qo'shish yo'lida fidoyilik bilan mehnat qilishda davom etadi.
Fursatdan foydalanib, barcha hamkasblarimizni va yurtdoshlarimizni Vatanimiz istiqlolining 35 yillik shonli bayrami bilan muborakbod etaman. Yurtimiz tinch, mustaqilligimiz abadiy bo'lsin!
Aziz Saidqodirov,
ATB boshlig'i