"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 09Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Joriy yilning 30-iyul kuni “Olmaliq KMK” AJ tarkibiy bo‘linmalarida xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan profilaktika targ‘ibot tadbirlari bo‘lib o‘tdi. Olmaliq ixtisoslashtirilgan prokuraturasi hamda OKMK Xotin-qizlar va gender tenglik bo‘yicha maslahat kengashi hamkorligida tashkil etilgan “Ayol — jamiyat tayanchi: jinoyatchilikka qarshi birgalikda kurashaylik!” shiori ostidagi tadbirlar Mis boyitish fabrikasi hamda Mis eritish zavodida ishchi xotin-qizlar ishtirokida tashkil etildi.
Unda Olmaliq ixtisoslashtirilgan prokuraturasi prokuror o‘rinbosari Ag‘zam Nuriddinov, Olmaliq shahar IIB boshlig‘ining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Iroda Musurmonqulova, OKMK boshqaruv raisining Ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi, Xotin-qizlar va gender tenglik bo‘yicha Maslahat kengashi raisi Kamola Umaraliyeva, shuningdek, korxonalar rahbariyati qatnashdi.
Tadbir ishtirokchilari kun tartibidagi masalalar bilan tanishtirilib, mavzuga oid maxsus videorolik namoyish etilgach, soha mutaxassislarining chiqishlari tinglandi.
Xususan, uchrashuvda Olmaliq ixtisoslashtirilgan prokuraturasi prokuror o‘rinbosari Ag‘zam Nuriddinov so‘zga chiqib, jamiyatda xotin-qizlarning huquqiy ongini oshirish va jinoyatchilikka qarshi kurashishda ularning faolligini kuchaytirish masalalariga to‘xtaldi. Bugungi kunda xotin-qizlar o‘rtasida sodir etilayotgan jinoyatlar turlari, ularning kelib chiqish sabablari va oqibatlarini aniq hayotiy misollar bilan tahlil qilib berdi hamda ayollarni bunday salbiy illatlardan yiroq bo‘lishga chaqirdi.
Olmaliq shahar IIB boshlig‘ining Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, katta inspektor Iroda Musurmonqulova o‘z ma’ruzasida bugungi kunda ayollar duch kelayotgan dolzarb hayotiy muammolarga alohida to‘xtaldi. Oilaviy janjallar va er-xotin o‘rtasidagi kelishmovchiliklarning oqibatlari, ularning oldini olish choralari haqida gapirib, tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan ayollarga beriladigan himoya orderining ahamiyati va huquqiy kuchini tushuntirdi. Shuningdek, firibgarlik qurboniga aylanmaslik, kredit olish va kafillik masalalarida xotin-qizlar huquqiy jihatdan nihoyatda ehtiyotkor bo‘lishlari zarurligini alohida qayd etdi.
OKMK boshqaruv raisining Ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi, Xotin-qizlar va gender tenglik bo‘yicha Maslahat kengashi raisi Kamola Umaraliyeva o‘z nutqida ayollarning oiladagi va ishlab chiqarishdagi o‘rni, ularga kombinatimizda yaratilayotgan sharoitlar hamda ish jamoalarida sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash ahamiyatiga alohida urg‘u berdi.
Tadbirda korxona mas’ullari va xotin-qizlarni qiziqtirgan savollar, takliflar atroflicha muhokama qilindi.
Axborot xizmati