"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33O‘zbekiston va Belarus davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik so‘nggi yillarda izchil rivojlanib sanoat, ilm-fan, investitsiya va ta’lim yo‘nalishlarida yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Ikki mamlakatning samarali sheriklik munosabatlari - yirik ishlab chiqarish loyihalari, ilg‘or innovatsion tashabbuslar hamda tajriba almashinuvi orqali tobora mustahkamlanib boryapti.
Xususan, shu yo‘nalishda kuni kecha Belarus Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Aleksandr Ogorodnikov boshchiligidagi delegatsiya Olmaliq kon-metallurgiya kombinati faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida tashrif buyurdi.
Dastavval mehmonlar Qalmoqqir konida ma’danlarni qazish hamda ularni ulkan kon transportlari yordamida tashish jarayonlarini ko‘zdan kechirishdi.
Navbatdagi manzil Markaziy ta’mirlash mexanika zavodi bo‘ldi. Delegatsiya a’zolari korxonada amalga oshirilayotgan ta’mirlash va modernizatsiya ishlari, yuqori aniqlikga ega uskunalar faoliyati bilan tanishishdi.
Mega loyiha doirasida barpo etilgan 3-Mis boyitish fabrikasining ishlab chiqarish quvvatlari mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Aleksandr Ogorodnikov, Belarus Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi: - Bilasizmi, men bu yerga birinchi marta kelayotganim yo‘q. Har safar tashrif buyurganimda OKMKning ko‘lami, investitsiyalar salohiyati meni yana-da hayratga soladi. Buni ko‘rib chin dildan quvonaman. Yarim yil avval ham shahringizga kelib, 3-mis boyitish fabrikasining qurilish ishlari yakunlanish arafasida ekanini ko‘rgan edim. Bugun esa uning ishlayotganiga guvoh bo‘lyapman. Bu kabi yirik ishlab chiqarish korxonasi har qanday mamlakatning texnologik darajasini belgilaydi. Bu yerda nafaqat ishlab chiqarish, balki geologik izlanishlar va asosiy jarayonlarga xizmat qiluvchi yordamchi tizimlar ham uyg‘un holda faoliyat yuritmoqda. Eng muhimi, bu jarayonlar orqali yuqori qo‘shimcha qiymat yaratilmoqda. Ammo eng katta boylik — bu yerda mehnat qilayotgan insonlardir. Aynan ularning salohiyati va fidoyiligi tufayli eng murakkab vazifalar ham yuksak natijalarga aylanmoqda.
Mehmonlar tashrif doirasida MTTU MISiS Olmaliq filialida ham bo‘lishib, oliygohda talabalarga yaratilgan zamonaviy sharoitlar, o‘quv jarayonidagi innovatsion yondashuvlar hamda ilmiy-tadqiqot imkoniyatlari bilan tanishdilar.
Tashrif so‘ngida tomonlar o‘rtasida davra suhbati tashkil etilib, unda Aleksandr Ogorodnikov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollariga OKMK mutaxassislaridan batafsil javoblar olishdi.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, uchrashuv ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish, yangi qo‘shma loyihalarni ilgari surish hamda o‘zaro tajriba almashinuvini chuqurlashtirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
Axborot xizmati