"Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" aksiyadorlik jamiyati
Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Call-markaz
+998 78 141 90 99Ishonch telefoni
+998 71 619 23 33Munosabat
Muhtaram Prezidentimizning joriy yil 16-mart kuni “Olmaliq KMK” AJga tashrifi doirasida 3-Mis boyitish fabrikasining ilk bosqichi ishga tushirilishi biz uchun ulkan sharaf va yuksak mas’uliyatdir. Bu tarixiy voqea nafaqat jamoamiz, balki butun mamlakatimiz sanoati taraqqiyotida yangi bosqichni boshlab berdi.
Bugungi kunda 3-Mis boyitish fabrikasi oddiy ishlab chiqarish obyekti emas, balki shakllanayotgan “mis klasteri”ning strategik tayanch nuqtasi sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Fabrikaning strategik ahamiyati, avvalo, uning ijtimoiy-iqtisodiy ta’sirida yaqqol ko‘rinadi. Loyiha to‘liq quvvatga chiqqanidan so‘ng 4 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Eng muhimi, ushbu ish o‘rinlarining asosiy qismi zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mahalliy yoshlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Shu bilan bir qatorda, fabrika yiliga 60 million tonna ma’danni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lib, natijada 900 ming tonnaga yaqin mis konsentrati ishlab chiqariladi. Ushbu konsentrat tarkibidan 166 ming tonnadan ortiq mis, shuningdek oltin, kumush va boshqa qimmatbaho rangli metallar ajratib olinib, keyingi bosqich — Mis eritish zavodiga uzluksiz ravishda yetkazib beriladi.
3-MBFning ustunligi faqat ishlab chiqarish quvvati, balki uning yuqori texnologik darajasi va zamonaviy avtomatlashtirilgan tizimlari bilan ham belgilanadi. Fabrikada dunyoning yetakchi kompaniyalari — Metso Outotec, FLSmidth, PAO “Uralmashzavod”, Weir Minerals va Siemens uskunalari asosida yagona integratsiyalashgan texnologik majmua yaratilgan.
Jumladan, HPGR texnologiyasi energiya sarfini sezilarli darajada kamaytirib, qayta ishlash samaradorligini oshiradi. Zamonaviy flotatsiya va filtrlash uskunalari esa yuqori sifatli konsentrat olishni ta’minlaydi. Siemens PCS 7 va AVEVA PI Vision platformalari orqali barcha texnologik jarayonlar real vaqt rejimida nazorat va boshqaruv qilinadi.
Shu bilan birga, Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalardan kelib chiqqan holda, o‘zimiz va jamoamiz oldiga aniq va mas’uliyatli strategik maqsadlarni qo‘yib oldik.
Jumladan, energiya tejamkorligini ta’minlash, resurslardan oqilona va samarali foydalanish, ishlab chiqarish samaradorligini izchil oshirish hamda mamlakatimizning eksport salohiyatini yanada kengaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilab olindi.
2026-yil yakuniga qadar ishlab chiqarish quvvatlarini bosqichma-bosqich oshirish, texnologik liniyalarni barqaror ish rejimiga chiqarish orqali 20 million tonna ma’danni qayta ishlash, 288 ming tonnadan ziyod mis konsentrati ishlab chiqarish hamda uni Mis eritish zavodiga uzluksiz va barqaror yetkazib berishga qaratilgan aniq rejalar ishlab chiqildi.
Shu bilan birga, joriy yil yakuniga qadar fabrikani to‘liq ishga tushirish va uni loyihaviy quvvatga olib chiqish pirovard maqsadimiz.
Bundan tashqari, ishlab chiqarish jarayonlarida qo‘llaniladigan reagentlar, sarf materiallari va ehtiyot qismlarni mahalliylashtirish darajasini izchil oshirish, muqobil hamda innovatsion yechimlardan samarali foydalanish orqali mahsulot tannarxini sezilarli darajada kamaytirishga qaratilgan ishlar belgilab olindi.
Oliy ta’lim muassasalari bilan uzviy va samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, dual ta’lim tizimini sanoat talablari bilan uyg‘unlashtirish orqali zamonaviy bilim va kompetensiyalarga ega yuqori malakali muhandis-texnik kadrlarni maqsadli tayyorlash va ishlab chiqarishga keng jalb etish vazifalari ham asosiy reja sifatida belgilandi.
Shuningdek, ishlab chiqarish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish, avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarini keng joriy etish hamda sun’iy intellekt asosida texnologik jarayonlarni chuqur tahlil qilish va optimallashtirish orqali samaradorlik, barqarorlik va boshqaruv aniqligini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan aniq vazifalarni amalga oshiramiz.
Bizga bildirilgan yuksak ishonchni mas’uliyat bilan qabul qilib, uni amaliy natijalar, yuqori mehnat unumdorligi va Vatanimiz iqtisodiy qudratini mustahkamlashga qo‘shayotgan munosib hissamiz orqali to‘liq oqlaymiz.
Erkin Artikboyev,
3-MBF direktori