Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Biz OITSga qarshimiz

23 Aprel 2026, 15:38 78

Bugungi kunda OIV infeksiyasi va OITSga qarshi kurashish sog‘liqni saqlash muassasalarining eng dolzarb vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Mutaxassislar ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu kasallikning yangi yuqish holatlari ham aniqlanib, bu sharoitda aholi o‘rtasida o‘z vaqtida hamda tizimli profilaktika ishlarini olib borish alohida ahamiyat kasb etadi.Aynan shu maqsadda joriy yilning 23-aprel kuni “Metallurg” madaniyat saroyida Toshkent viloyati hokimligi bilan hamkorlik rejasi doirasida targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.

Tadbir kombinatning dekretiv guruhiga kiruvchi xodimlar o‘rtasida OIV va OITSning oldini olishga qaratildi. Unda Toshkent viloyati OITSga qarshi kurash markazining yetakchi mutaxassislari ishtirok etdi. Shifokor Axmadjon Ayitbayev ehtiyot choralari, virusning manbalari va yuqish yo‘llari haqida batafsil ma’lumot berib, shuningdek, aniqlangan kasallanish holatlari soni dunyoda muttasil ortib borayotgani kabi tashvishli holatga alohida e’tibor qaratdi. Shifokorlar Behzod Odilov va Abror Jo‘rayevlar ham ushbu kasallikni nafaqat tibbiyot xodimlari, davlat tuzilmalari va har bir insonning birgalikdagi sa’y-harakatlari orqali yengish mumkinligini ta’kidladilar. Shuningdek, “Olmaliq KMK” AJ xodimlari kasaba uyushmasi kengashi tibbiy-sanitariya qismi bosh shifokori Abdujabbor Tuxtabayev ham yig‘ilganlarga murojaat qilib, bugungi tadbirdan maqsad ishchi-xodimlrani bu kasallikdan ogoh etish va uni oldini olishga qaratilgani ekanligini aytib o‘tdi.

Profilaktika ishlari faqat madaniyat saroyi doirasida cheklanib qolmadi. Shu kuni Ijtimoiy obyektlar boshqarmasiga qarashli maktabgacha ta’lim tashkilotlarida, Iste'mol mollari ishlab chiqarish boshqarmasi hamda kombinat tibbiy-sanitariya qismida ham shunga o‘xshash tadbirlar o‘tkazilib, barcha xodimlarga muhim ma’lumotlar yetkazildi va kasallikdan saqlanish to‘g‘risidagi alohida ko‘rsatmalar berildi.

Tadbir yakunida mutaxassislar ishtirokchilarning savollariga javob berdi. Har bir qatnashchiga amaliy tavsiyalar berilgan targ‘ibot bukletlari tarqatildi. Uchrashuvning yakuniy qismida ekspress test sinovi o‘tkazildi: dekretiv guruhga kiruvchi kombinat xodimlaridan (mehnat faoliyati oziq-ovqat mahsulotlari va ichimlik suvini ishlab chiqarish, saqlash, tashish va sotish, shuningdek bolalarni tarbiyalash va o‘qitish bilan bog‘liq bo‘lgan shaxslar) so‘lak namunasi olindi. Bu tezkor va og‘riqsiz jarayon kasallikni erta aniqlash imkonini beradi.

Tadbirda global muammoga aylangan ushbu xastalikning kelib chiqishi va tarqalishining oldini olish, fuqarolarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish, aholi o‘rtasidagi targ‘ibot tadbirlari samaradorligini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.

 Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech