Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Har qanday inson ulug‘ manzil qarshisida turar ekan, bu yo‘l oson va samarali kechishini birinchi navbatda orzu qiladi. Bunga erishishda esa shu sohaning yetuk mutaxassislari - murabbiylari kishining eng yaqin ko‘makchisiga aylanadi.
Apple asoschisi Stiv Jobs o‘z davrida Mark Sukerbergga(Facebook asoschisi) ustozlik qilgan. Barcha sohalarda bu kabi misollarni ko‘plab keltirish mumkin. “Olmaliq KMK” AJning eng takchi korxonalaridan biri bo‘lgan Mis boyitish fabrikasida ayni davrga kelib muhim o‘ringa chiqqan “Ustoz-shogird” an’analari korxonaning ilk faoliyati boshlangan yillarga borib taqaladi. Fabrika bunyod etilayotgan bir vaqtda yangi joriy qilinayotgan ishlab chiqarishlar uchun tezkor ravishda boyitish sohasining mutaxassislari, jarayonlarni amalga oshirib boruvchi xodimlarni tayyorlash masalasi yuzaga kelgan.
1990-yillar boshida esa iqtisodiy aloqalarning uzilishi va yetuk mutaxassislarning ko‘chib ketishi muno s abati bilan ish joylarini malakali xodimlar bilan ta'minlash borasida ham yechim topishga zarurat tug‘ildi. Ustoz va shogird tizimining eng muhim jihati tajribali usta, malakasi yuqori bo‘lgan ishchi-xodim o‘zi tomonidan mukammal o‘zlashtirilgan aniq bir ish uchastkasidagi ishlarning mohiyatini yosh hamkasblariga meros qilib qoldirishidir. MBFning qariyb 70 yillik faoliyati davrida bu yo‘nalish doimo rivojlanib bordi.
- Ustozlik oliy rutba, yuqori maqomdir. Unga erishish uchun erinmay mehnat qilish va ter to‘kib ishlashga to‘g‘ri keladi. Bemisl mehnat, tinimsiz izlanish, bilim javohirlarini yig‘ib, uni shogirdlariga ulashish ustozlik obro‘sini ulug‘ qiladi - deydi kombinat O‘quv markazining Mis boyitish fabrikasi bo‘yicha ishlab chiqarish ta'limi ustasi Samandar Mavlonov.
- Fabrikada o‘z sohasining yetuk bilimdoni bo‘lgan jonkuyar ustozlarni barcha sex va uchastkalarda uchratish mumkin. Yosh ishchi-xodimlarning esa sohaning muhim qirralarini samarali va mukammal darajada o‘zlashtirishlari uchun keng qamrovli ishlar doimiy yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, ularni o‘qitish, qayta o‘qitish va malakasini oshirishga doir nizom, qoidalar hamda kasb yo‘riqnomalari, har bir kasblar uchun tasdiqlangan o‘quv dasturlari asosida ishlar olib borilmoqda. MBF rahbariyati va O‘quv markazi tomonidan ishlab chiqilgan rejaga asosan, yil boshidan beri 78 nafar muhandis-texnik xodimlar, 518 nafar ishchi-xodimlar qayta o‘qitilib, malakasi oshirildi. 141 nafar xodimlar ikkinchi kasbga o‘qitildi. Kasb-hunar maktablari va oliy o‘quv yurtlarining 250 dan ziyod o‘quvchi va talabalari amaliyot o‘tashlari uchun sharoitlar yaratib berildi. Bir so‘z bilan aytish mumkinki, bu ishlar rahbariyatning qat'iy nazorati ostida doimiy ravishda olib borilmoqda.
Boy ish tajribasi, yuqori malakasisiz yosh hamkasblarni ishlarni to‘g‘ri olib borishga o‘rgatish qiyin. Ustoz-murabbiy barqaror yuksak mehnat ko‘rsatkichlari bilan ham o‘z shogirdlariga ibrat bo‘lishi kerak. Boyitish jarayonlarining texnologik uskuna va jihozlari, ularning ehtiyot va butlovchi qismlarini ta'mirlash, tayyorlash va qayta tiklash ishlari olib boriladigan Ta'mir-mexanika sexida ana shunday insonlardan bo‘lgan tokar Nasiba Ataboyevani barcha hamkasblari ustoz sifatida hurmat qilishadi. Shu bugunning o‘zida uning o‘ndan ziyod shogirdlari o‘z ustozlari bilan bir jamoada mehnat qilib kelishmoqda. Tokarlik ishida yaroqsizliklarga yo‘l qo‘yilishi ehtimoli yuqori, yaroqsiz mahsulotlarni qayta tiklash esa qo‘shimcha moddiy resurslar sarfini talab qiladi. Nasiba Ataboeva esa dastgohni ishga tushirish, to‘xtatishdan boshlab, ke suvchi as boblar, ishlov beriladigan mahsulotlarni o‘rnatish va chiqarib olish kabi operatsiyalarni zimdan o‘rgatib keladi.
Har qanday ishlab chiqarishni bugungi kunda yuk ko‘tarish mashina va mexanizmlarisiz tasavvur qilish qiyin.
Korxona tomonidan “Sanoatxavfsizligi” davlat inspeksiyasi ro‘yxatidan o‘tkazilgan 72 ta, yerdan turib boshqariladigan 140 ga yaqin yuk ko‘tarish mexanizmlari ekspluatasiya qilib kelinadi. Bevosita kranlarni boshqaruvchi 150 nafar kran mashinistlari va yuklash-tushirish ishlarini olib boruvchi 1000 dan ziyod ishchi-xodimlarni o‘qitish, ular bilan 60 dars soatidan iborat mashg‘ulotlar olib borish yuk kranlari bo‘yicha elektromexanik Sarvar Qarshiboev tomonidan amalga oshirilmoqda. Bu vazifa nihoyatda mas'uliyatli ekanligini inobatga olgan holda yosh muhandis har bir dars soatini o‘ziga xos pedagogik uslublarda o‘tkazib boradi.
So‘nggi yillarda axborot texno- logiyalarini ishlab chiqarishga joriy etish borasida MBFda nihoyatda keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Avtomatlashtirilgan texnik vositalar majmuasi boshlig‘i Alisher Turdiyev, uning qo‘l ostida mehnat qilib kelayotgan nazorat-o‘lchov jihozlari va apparatlari chilangarlari sex va uchastkalarning shu yo‘nalishdagi xodimlarini yangi NO‘JvaA to‘g‘ri ekspluatasiya qilinishiga o‘rgatib kelishmoqda. Ayni kunlarda Moskva milliy texnologik tadqiqotlar instituti (MISSiS) Olmaliq filialining o‘nlab talabalari aynan shu yerda diplom ishi oldi amaliyotini o‘tashmoqda.
Mis boyitish fabrikasi sexlarini modernizasiya qilish va qayta jihozlash yo‘nalishida olib borilayotgan ishlarda ham ustoz va murabbiylarni o‘rni alohida bo‘lmoqda. Jumladan, sex bosh energetigi o‘rinbosari Jahongir Abdunazarovning yangi boyitish qurilmalarini montaj qilinishi, qabul qilib olinishi va sinovlardan o‘tkazilishida mahorat va tajribasi muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Kombinat korxonalari ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish dasturi doirasida 7-monoseksiyada yangi boyitish liniyasini qurish ishlari bugun o‘zining yakuniy bosqichiga kirgan. Yanchish bo‘limi mexanigi Hasan Eshpo‘latov tajribali muhandis va ustoz-murabbiy sifatida mazkur yangi uchastkada ibrat namunasini ko‘rsata oldi.
Fabrika sex va uchastkalaridagi ustoz va murabbiylar nafaqat o‘z ish joylaridagi hamkasblari, balki boshqa bo‘limlar bilan ham ishchan aloqalarni yo‘lga qo‘yishgani diqqatga molikdir. Bunda ularning tashkilotchilik va pedagoglik qirralari to‘liq namoyon bo‘layotganiga guvoh bo‘lamiz. Ustoz o‘z qarashlari va ishlab chiqarishga munosabatini qancha tiniq va batafsil tarzda shogirdlariga yetkazib bera olar ekan, bu yosh ishchi-xodimlarning o‘z sohalarida dadil qad rostlashlarida asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi.
MBF ish uchastkalaridagi ustoz va murabbiylar faoliyati bilan tanishib chiqar ekanmiz, ular tizimning binokorlari, ongu tafakkur muhandislari va ma'rifat bog‘ining bog‘bonlari ekanligiga yana bir bor guvoh bo‘ldik. Ustoz va murabbiylar hayot bo‘stonidagi niholning baquvvat daraxtga aylanishi uchun beqiyos mehnat qilib kelishmoqda. Bu esa iqtisodiyot rivojida muhim jihatdir.
Hasan ABDULLAYEV