Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Chiqit saqlash omborining rekonstruksiya ishlari qizg‘in pallada

08 Iyul 2025, 14:5 847

Chodak kon boshqarmasining Oltin saralash fabrikasiga qarashli 2-sonli chiqit saqlash omborining 5-bosqich rekonstruksiya qilish ishlari qizg‘in pallaga kirdi.

Kapital qurilish boshqarmasi tog‘-kon kapital qurilishi bo‘yicha yetakchi muhandis Ulug‘bek Tashaliyevning ma'lumotiga ko‘ra, mazkur obyektda qurilish-montaj ishlari 2024-yil dekabr oyida boshlangan bo‘lib, qurilish ishlari “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti tomonidan amalga oshirilmoqda.

Kapital qurilish boshqarmasining buyurtmasiga asosan amalga oshirilayotgan rekonstruksiya ishlariga shuningdek, Texnologik transport boshqarmasi va Avtomobil transport boshqarmasidan 10 dona maxsus texnikalar safarbar etilgan.

Trest ish boshqaruvchisi Xislat Abdulhamidovning ma'lum qilishicha, mazkur chiqit saqlash omborida yer ishlari asosida 227,33 ming metr kub mahalliy tuproqdan to‘g‘on devorini ko‘tarish belgilangan. Bugungi kunga kelib 129 ming metr kub to‘g‘on devori ko‘tarilgan. Hozirda to‘g‘onning tayanch qismiga shuningdek, 70 ming metr kub tuproq ko‘tarish ishlari amalga oshirilayapti. Chiqindixonaning 912,75 sathidan 915,75 sathiga mahalliy tuproqdan to‘g‘on hosil qilingan.

Bundan tashqari, chiqindixonadan ishlab chiqarishda to‘xtovsiz foydalanish barobarida qurilish-montaj ishlari ham parallel ravishda olib borilmoqda. Xususan, diametri 219 mm bo‘lgan temir quvurlarni demontaj va montaj qilish ishlari amalga oshirilayapti. Shu kungacha 912,75 sathdagi 2078 pogonometr diametri 219 mm temir quvurlar demontaj qilinib, diametri 219 mm bo‘lgan 2000 pogonmetr temir quvurlar 915,75 sathga montaj qilindi.

Hozirgi kunga qadar loyihaga asosan yer ishlari 59%ga bajarildi.

Ma'lumot uchun: Mazkur to‘g‘onnning umumiy maydoni 50 gektar bo‘lib, foydali yuzasi 28 gektarni tashkil etadi. Sutkasiga ushbu chiqindi to‘plash omboriga 2400 tonna texnogen chiqindilar to‘kiladi. Rekonstruksiya ishlariga jami bo‘lib 19,9 milliard so‘m mablag‘ sarflanishini belgilangan. Ushbu chiqindixonaning kengayishi ko‘proq texnogen chiqindilarni saqlash imkonini beradi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech