Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi hukumatining topshirig‘i bilan "Olmaliq KMK" AJ homiylik mablag‘lari hisobidan joriy yilning aprel oyida Parkent tumani, Qiziltog‘ shaharchasi, "Fayzobod" mahallasida joylashgan "Chotqol" madaniyat markazi binosini mukammal ta'mirlash ishlari boshlangan edi.
Qisqa muddatda ushbu bino zamonaviy qiyofaga keltirilib, joriy yilning 23-sentyabr kuni madaniyat markazi binosining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, OKMK boshqaruvi raisi, senator Abdulla Xursanov, O‘zbekiston xalq artisti Yodgor Sa'diyev va jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirda so‘z olgan mas'ullar yurtimizda olib borilayotgan islohotlar zamirida inson manfaatlari mujassam ekanligini, ushbu madaniyat markazi ham hudud aholisiga xizmat qilishini ta'kidlashdi.
Tadbir davomida markaz qurilish ishlarida faol bo‘lgan bir guruh quruvchi va mutasaddilar qimmatbaho sovg‘alar bilan rag‘batlantirildi.
Tadbirda ramziy lenta qirqilib, ramziy kalit madaniyat markazi rahbariga topshirildi va maskan rasman foydalanishga topshirildi.
Quruvchilar tomonidan binoning hovlisiga ajoyib favvora o‘rnatilgan.
Obyektning tom qismidagi shiferlar profnastilga almashtirilgan. Fasad qismi va xonalar suvoqdan chiqarilib, pardoz ishlari amalga oshirilgan. Eski turdagi oynalar o‘rniga plastik romli oynalar o‘rnatilib, isitish tizimi ham to‘liq yangilangan. Binoning tungi yoritish tizimi iqtisodiy tejamkor chiroqlar bilan jihozlandi.
Madaniyat saroyida 1 ta katta tomoshalar zali bo‘lib, u 350 o‘ringa mo‘ljallangan. Shuningdek, 4000 dona badiiy adabiyotlarga ega zamonaviy kutubxona, badiiy to‘garaklar uchun xonalar mavjud.
Madaniyat maskani musiqa asboblari, musiqiy markazlar hamda ko‘chma sahnalar bilan ham ta'minlandi.
Ikkinchi qavat esa Hi-Tech usulida bezatildi.
Mazkur binoning ta'mirlash ishlari va jihozlashga jami bo‘lib 12 mlrd so‘mlik mablag‘ sarflandi.
Tadbir ishtirokchilariga viloyat madaniyat sohasi vakillari va “Metallurg”madaniyat saroyi ijodkorlari hamda san'atkorlar tomonidan tayyorlangan konsert dasturi manzur bo‘ldi.
Endilikda 1000 nafarga yaqin o‘g‘il-qizlar 10 ta turli xil to‘garaklarda shug‘ullanish imkoniga ega bo‘lishdi.
Bir so‘z bilan aytganda, “Chotqol” madaniyat saroyi Parkentliklarga kombinatning o‘ziga xos sovg‘asi bo‘ldi.
OKMK Axborot xizmati