• Call-markaz

    (+998 78) 141-90-99
  • Ishonch telefoni

    (+998 70) 619-23-33
Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

“Samarchuq” uchastkasida ishlar qizg‘in

03 Mart 2022, 15:0 1444

Angren kon boshqarmasining “Qizil olma” koni, “Samarchuq” uchastkasi, kombinatning investitsiya dasturi doirasidagi yirik loyihalaridan biri sanaladi. “Samarchuq” uchastkasida yerosti konini qurish loyihasiga 2016-yildan start berilgan. Konni o‘zlashtirish, rudagacha yer bag‘riga kirib borish ishlari jadallik bilan olib borilayotgan uchastkaning ayni paytda 5- va 6a- shtolniyalarida ruda qazib olish jarayonlari ham avjida.

Angren KB tarkibidagi “Ko‘chbuloq” koni “Uzun” va “Semg‘uron” uchastkalarining ruda zaxiralari 2023-yilga borib tugayotganligi sababli “Samarchuq” uchastkasini o‘zlashtirish loyihaning asosiy maqsadidir. Ushbu uchastkada 2019-yili diametri 4 metr va chuqurligi 507 metr bo‘lgan shaxta stvoli qurildi. 2021-yilda esa 8ta ruda gorizontiga kirish ishlari bajarildi. Shu yili shaxtaning ko‘taruvchi mashinasi ishga tushirildi. Ushbu mashina konchilar, vagonetkalar, yuklarni yer ustidan vertikal holatda 500 metrdan ziyod bo‘lgan masofaga yetkazib qo‘ya oladi.

Oraliqdagi gorizontlarda esa aynan gorizontal holatda 460 metr masofa uzoqlikkacha shaxta ishchilari o‘z faoliyatini olib boradi. Shuningdek, shaxtaning suv chiqarish kompleksi qurilishi yakunlandi.

Joriy yilning yakuniga qadar foydalanishga topshirilishi rejalashtirilayotgan “Samarchuq” uchastkasida ayni paytda qurilish montaj ishlari deyarli yakunlangan. Qurilish ishlari “Olmaliqmetallurgqurilish” trestining 23 kishilik jamoasi tomonidan olib borilmoqda.

Albatta, ishlab chiqarish jarayonlari uchun binolarning mustahkamligi muhimdir. Bu borada esa, ishchi-odimlar o‘zlariga berilgan vazifalarni belgilangan tartibda bajarayotganligini kuzatish mumkin.

Uchastka hududidagi sanoat inshootlari to‘liq foydalanishga topshirishga tayyor. Bu yerda ishchilar uchun oshxona va yuvinish xonalari ham mavjud bo‘lib, uskunalar bilan jihozlangach, tez orada foydlanishga topshiriladi.

Uchastkaning asosiy uskunalari Ukraina va dunyodagi eng yirik mashinasozlik zavodlaridan sanalgan Novokramatorskiy mashinasozlik zavodidan  keltirilgan bo‘lib, yuqori mehnat unumdorligini ta'minlab kelmoqda.

Shaxta yer sirtida qazib olingan va yuqoriga ko‘tarilgan ruda, puch tog‘ jinslarini ag‘darish uchun 2ta OK-2,2 ag‘dargichi  foydalanishga shay holatda. Qurilma mashinist tomonidan masofaviy, boshqaruv pul'ti orqali boshqarilib, har bir gorizont komp'yuter kuzatuvida.

Shaxtadagi texnikalar uchun zarur bo‘lgan siqilgan havoni yer ostiga jo‘natish uchun uchastka 4 ta kompressor uskunasi bilan ta'minlangan.

Yerosti konining bosh ventilyasion uskunasida VO-21 ventilyatori o‘rnatilib, ushbu uskuna yerosti konini soatiga 63,3 m kub havo bilan ta'minlab beradi.  Mazkur jarayonlar kechadigan bo‘linmalar va ishchi-xodimlar faoliyati ham boshqarma nazoratida.

Samarchuq uchastkasida shaxtalarni ochish va tayyorlov ishlarida yuklash yetkazish mashinalari, sig‘imi 2 kubli texnikalar, avtosamosvallar, elektrovozlar, 08 kubli vagonlar xizmat qilib kelmoqda.

Hozirgi kunda uchastkada  asosiy ob'yektlar foydalanishga taxt qilindi. Kelgusi ikki yil davomida ushbu uchastkaning yillik quvvati 100 000 tonnaga yetkaziladi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Ohangaron tumani, Angren shahridan 5-7 km g‘arbda hamda “Obliq” temir yo‘l stansiyasidan 6 km uzoqlikda joylashgan “Qizil-olma” koni tarkibidagi “Samarchuq” uchastkasining geologik zahiralari 2256,9 ming tonnani tashkil etadi. Bu esa 21318,8 kg oltin, 71200 kg kumush demakdir. Konchi va uchastka ishchilarining bugungi sa'y harakatlari esa ana shunday yuqori natijalarga asos bo‘ladi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech