Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Zamonaviy dam olish maskani kombinat mehnat jamoasi uchun ajoyib sovgʻa

13 Iyun 2025, 10:27 1287

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan ishchi-xodimlarga munosib sharoitlar yaratish, ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishlarini ta’minlash doim ustuvor vazifa sanalgan. Ayniqsa, ishchi-xodimlarni ijtimoiy himoya qilish borasida samarali ishlar amalga oshirib kelinayapti. Ijtimoiy sohani qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bardavomlik kasb etib, ayni kunlarda Jizzax viloyatining bahavo Zomin togʻlari bagʻrida kombinat xomiyligida zamonaviy dam olish oromgohi qad rostlamoqda.

Jizzax viloyati, Zomin tumani “Duoba” MFY Oʻriklisoy qishlogʻida joylashgan  ushbu dam olish maskanining umumiy maydoni 5 gektarni tashkil etib, 200 oʻringa moʻljallangan. Mazkur obyektda lyuks, yarim lyuks va standart tipidagi kottejlar, oshxona, sauna va yopiq choʻmilish suv havzasi qurilmoqda. Shuningdek, maskanda hajmi V-500m3 dan iborat boʻlgan 2 dona yongʻinga qarshi suv rezervuari, tashqi va ichki ichimlik suv tizimlari hamda oqova suv tizimlari, shiyponchalar, oromgohga kirish binosi, bolalar oʻyingohlari, futbol maydoni, avtoturargoh va avtotransportlarga xizmat koʻrsatish binosi, koʻngilochar dasturlar uchun alohida binolar ham barpo etilayapti.

Kapital qurilish boshqarmasi ishlab chiqarish texnik boʻlimi boshligʻi Xurshid Davronovning ma’lum qilishicha, bugungi kunda loyihada koʻzda tutilgan binolar va futbol maydoni qurib bitkazildi. Ichki pardozlash ishlar amalga oshirilmoqda. Tashqi va ichki ichimlik suv tizimlari, kanalizatsiya tizimlari tortilgan, binolarda isitish tizimlari radiatorlar va pol osti isitish tizimlari montaj qilingan. Tashqi va ichki elektr ta’minoti birinchi sikl ishlari hamda ventilyatsiya tizimlari yakunlangan.

Binolarning energosamaradorligini oshirish maqsadida fasad qismi bazalt qoplamsi bilan qoplangan. Bundan tashqari, loyihada fotoelektr stantsiya oʻrnatish koʻzda tutilgan.

Hozirgi kunda qurilish ishlari bilan bir qatorda hududga daraxt va gul koʻchatlari ham ekilib, obodonlashtirish ishlari olib borilayapti.

Qurilish ishlariga tashqi pudrat tashkiloti hamda “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti, Ixtisoslashtirilgan ta’mirlash ishlari boshqarmasi jalb etilgan.  Qurilish ishlari OKMK Kapital qurilish boshqarmasi tomonidan nazoratga olinib, qurilish sifati muntazam ravishda tekshirib borilmoqda.

Mazkur zamonaviy oromgohda dam oluvchilar uch mahal ovqat bilan ta’minlanadi, sogʻliq uchun zarur boʻlgan togʻ archalaridan taralayotgan shifobaxsh musafo havolar va yer qaridan chiqayotgan mineral suvlaridan bahramand boʻlishadi. Nafas yoʻllari faoliyatini mustahkamlaydi va sogʻligʻini tiklash imkoniyatiga ega bo’lishadi.

Joriy yilning kuz oylarida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan ushbu maskan OKMK ishchi-xodimlarining dam olishlari uchun sevimli manzillaridan biriga aylanadi, desak mubolag’a bo’lmaydi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech