Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Daraxt ekish – ezgu amal

06 May 2026, 13:52 291

Xalqimizda azal-azaldan tabiatni asrash, daraxt ekish va uni parvarishlash yuksak qadriyat sifatida e’zozlanib kelingan. Har bir yerga qadalgan ko‘chat savobli amal, kelajak avlod uchun qoldirilgan bebaho merosdir. Yurtimizda olib borilayotgan ko‘kalamzorlashtirish ishlari milliy an’analar bilan uyg‘unlashib, bu ezgu tashabbuslarning bardavomliligini ta’minlamoqda.

Shu yo‘nalishda, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Ohak zavodi mehnat jamoasi tomonidan keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Xususan, korxonaga ajratilgan yer maydoniga so‘nggi uch yil davomida 12 410 tup terak ko‘chati va 17 200 dona qalamcha o‘tqazildi. Bundan tashqari, 2026-yil davomida 300 dan ortiq mevali hamda 400 ga yaqin manzarali daraxtlar ekildi.

Ohak zavodi Mehnatga xaq to’lash va rag’batlantirish bo’yicha muhandisi Shahboz Ismoilovning maʻlum qilishicha, bugungi kunda zavod hududi va unga tutash maydonlarda olma, o‘rik, shaftoli, olxo‘ri, behi, gilos, xurmo hamda anjir kabi mevali daraxtlarni parvarishlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu bilan birga, sug‘orish tizimlari takomillashtirilib, yashil hududlar maydoni kengaytirilmoqda.

Shuningdek, Ohak zavodiga biriktirilgan markaziy ko‘chalar hamda “O‘zbekiston” MFY hududida ham gul va ko‘chatlar ekish, hududni obodonlashtirish ishlari o‘z vaqtida va sifatli bajarilmoqda.

Ma’lumot o‘rnida: Terak — tez o‘suvchi, havoni tozalovchi va kislorod ishlab chiqarish xususiyati yuqori bo‘lgan daraxtdir. Bir dona terak bir kunda yetti nafar inson uchun zarur miqdorda kislorod ajratadi. Shuningdek, uning kuchli ildiz tizimi tuproqni mustahkamlaydi, eroziya xavfini kamaytiradi va shamolning zararli ta’sirini yumshatadi.

Ohak zavodi tomonidan amalga oshirilayotgan bu kabi ishlar nafaqat yurtimizni yanada ko‘rkam va yashil maskanga aylantiradi, balki kelajak avlod uchun ekologik toza muhit yaratish yo‘lida ham muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi. Zero, bugun ekilgan har bir nihol — ertangi toza havo, serhosil zamin va sog‘lom avlod uchun qo‘yilgan mustahkam poydevordir.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech