Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Eco Expo Central Asia 2025 ko‘rgazmasi OKMK uchun foydali bo‘ldi

24 Iyun 2025, 15:51 880

2025-yil 19-21 iyun kunlari o‘tkazilgan Eco Expo Central Asia 2025 – Markaziy Osiyo mintaqasida ekologik sohaga bag‘ishlangan eng yirik ko‘rgazmalardan biri bo‘lib, unda turli mamlakatlardan ishlab chiqaruvchilar, tadqiqotchilar va davlat muassasalari 100 dan ortiq mahalliy va xorijiy kompaniyalar ishtirok etdi.

Mazkur nufuzli tadbirda atrof-muhitni muhofaza qilish, barqaror rivojlanish va yashil texnologiyalarni targ‘ib qilishga qaratilgan xalqaro miqyosdagi muhim tadbirlardan biri hisoblanadi. Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ham ushbu ko‘rgazmada faol ishtirok etib, o‘zining ekologik yo‘nalishda amalga oshirayotgan islohotlari, videoroliklar va innovatsion yechimlarini taqdim etdi.

Jumladan, OKMK tomonidan ko‘rgazmada 2025-yilda atmosferaga chiqariladigan tashlamalarni kamaytirish bo‘yicha, Mis boyitish fabrikasida 24 ta aspiratsiya tizimi to‘liq rekonstruksiya qilinib, markazlashtirilgan 4 ta yangi tizimga o‘tkazilgan modernizatsiya ishlari, Sulfat kislota sexida o‘rnatilgan atmosferaga chiquvchi chang va gazlarni avtomatik tahlil qilish hamda ma'lumotlarni yagona bazaga integratsiya qilish tizimi kabi yo‘nalishlar taqdim etildi.

Shuningdek, Rux zavodi velslash sexining kuydirish bo‘limida bajarilgan texnologik aspiratsiya tizimlari modernizatsiya ishlari va natijada uskunalarning ishlash samaradorligi 45–50% dan 99,5% gacha oshirilganligi, filtrlash-quritish bo‘limida o‘rnatilgan 2 ta zamonaviy press-filtr va natija orqali kuniga 305 kg zararli chang atmosferaga chiqishi bartaraf etilgani namoyish etildi. Tanlab eritish va oksidlarni qayta ishlash bo‘limlarida T-1, T-2, T-3 aspiratsiya tizimlari to‘liq yangilanib, samaradorligi 99,5%ga ko‘tarilganligi taqdim etildi.

Chiqindilarni kamaytirish va chiqindisiz texnologiyalarni joriy etish borasida bir qator natijalarga erishildi.

Xususan, Rux zavodining 106 ming tonna mis klinkeri qayta ishlandi, mis eritish jarayonida hosil bo‘lgan 680 ming tonna toshqol qayta ishlanib, tarkibidan ajratilgan 45 373 tonna temir chiqindisi sement zavodlariga xom ashyo sifatida realizatsiya qilindi.

110 ming tonna dolomit kukunidan 50 519 tonnasi pudrat tashkilotlariga berilib, texnogen chiqindi poligoni 50% ga qisqartirildi.

Suv resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha aylanma suv ta'minotidagi nasoslar germetik ta'mirdan chiqarildi. 4-sonli yangi magistral quvurlar yotqizildi.

Ko‘ch-buloq koni kimyoviy suvlarni tozalash inshootiga Finlyandiyaning EPSI OY kompaniyasi bilan oqova suvlarini tozalashga qaratilgan pilot qurilmasi o‘rnatildi.

Energiyani tejash bo‘yicha ham samarali ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, OKMK tomonidan 850 mVt mo‘ljallangan quyosh panellari o‘rnatildi. Xizmat avtotransportlarini elektromobil va gibrid avtomobillarga o‘tkazish borasida texnik loyiha ishlab chiqilib, tajriba tariqasida 20 dona elektromobil avtotransporti sotib olindi.

Biologik xilma-xillikni muhofaza qilish bo‘yicha 300 gektar lalmi yer maydonlari o‘zlashtirilib, jami bo‘lib 1,9 mln tup manzarali va terak ko‘chatlari ekildi.

2025-yil fevral oyida “Sustainable Fitch” agentligi tomonidan ESG tashqi auditi o‘tkazilib, audit natijalariga ko‘ra, kombinat faoliyati yuqori reyting bilan baholandi.

-ISO 50001 (Energiya samaradorligi), ISO14001 (ekologik boshqaruv), ISO 45001 (mehnat xavfsizligi), ISO 37001 (xatarlarni boshqarish) xalqaro standartlari joriy etildi.

-Yangi 3-MBF, 4-MBF, 5-MBFda “Flash Smelting” va “Flash Converting” texnologiyalari joriy etilishi natijasida eski yallig‘ qaytarish pechi ishdan chiqarilib, barcha gaz tashlamalari qayta ishlashga yo‘naltiriladi.

5-sonli Sulfat kislotasi sexi orqali yiliga 1,8 mln tonna sulfat kislota ishlab chiqariladi. Natijada atmosferaga chiqariladigan SO₂ gazlari 0,03% gacha qisqaradi.

Ko‘rgazmada OKMKning ishtirokidan asosiy ko‘zlangan maqsad korxonada amalga oshirilayotgan ekologik islohotlarni taqdim etish, Eko-loyihalar, yashil texnologiyalar va qayta tiklanadigan energiya manbalari bo‘yicha hamkorlar bilan aloqa o‘rnatish, barqaror rivojlanish sohasida xalqaro tajriba bilan tanishish va o‘rtoqlashish, korxonaning ijtimoiy va ekologik javobgarlik siyosati bilan jamoatchilikni tanishtirishdan iborat bo‘ldi.

Ko‘rgazma yakunlariga ko‘ra, ko‘plab mahalliy va xalqaro kompaniyalar bilan ekologik loyihalar bo‘yicha hamkorlik o‘rnatish yuzasidan dastlabki kelishuvlarga erishildi.

“GreenTech Solutions” (Qozog‘iston) kompaniyasi bilan sanoat chiqindilarini qayta ishlash sohasida,  “EcoEnergy Systems” (Germaniya) kompaniyasi bilan energiya tejovchi uskunalarni joriy etish bo‘yicha, “UZHydromet” kompaniyasi bilan monitoring tizimlarini modernizasiya qilishda hamkorlik masalasida muzokaralar o‘tkazilib, shartnomalar tuzishga kelishildi.

Shuningdek, ko‘rgazmada Yaponiya, Janubiy Koreya kabi mamlakatlar kompaniyalari bilan ekologik texnologiyalar sohasida hamkorlik bo‘yicha dastlabki kelishuvlar muhokama qilindi.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining Eco Expo Central Asia 2025 ko‘rgazmasidagi ishtiroki nafaqat tashkilotning ekologik tashabbuslarini namoyish etish, balki uning barqaror rivojlanishga sodiq ekanligini tasdiqladi. Ko‘rgazma davomida olib borilgan muloqotlar, ma'lumot almashinuvi va xalqaro hamkorlar bilan o‘rnatilgan aloqalar kelgusidagi loyihalar uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Ayniqsa, qayta tiklanadigan energiya, chiqindilarni qayta ishlash, ekologik monitoring va ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirish kabi yo‘nalishlarda tuzilgan shartnomalar va kelishuvlar, korxonada amalga oshirilayotgan yashil transformasiya jarayonini jadallashtiradi. Bu esa OKMKni nafaqat milliy, balki mintaqaviy miqyosda ham ekologik mas'uliyatli yetakchi sanoat korxonasi sifatida namoyon etadi.

OKMK rahbariyati tomonidan bunday tadbirlarda doimiy va samarali ishtirok etishni ta'minlash, xalqaro tajriba va innovasion yechimlardan keng foydalanish, hamda eng muhimi, ekologik barqarorlikni ishlab chiqarish siyosatiga to‘liq integratsiya qilish bo‘yicha strategik rejalar ishlab chiqilmoqda.

D. Abduraxmanov,

Atrof-muhitni muhofaza

qilish bo‘lim boshlig‘i   

Bo`lishmoq:
Text to speech