Call-markaz
(+998 78) 141-90-99Ishonch telefoni
(+998 70) 619-23-33Prezidentimizning 2018-yil 30-sentyabrdagi PQ-3954 sonli qarori asosida “Olmaliq KMK” AJ ning asosiy ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya qilish va barqarorlashtirish dasturiga hamda “Olmaliq KMK” AJ ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya qilish va barqarorlashtirish investitsiya loyihasining “YO‘L XARITASI”ga asosan Mis boyitish fabrikasida modernizatsiya ishlari amalga oshirib kelinmoqda.
Jumladan, fabrikada ma'danlarni yanchish bosqichidagi 23 ta nasos-gidrosiklon qurilmalarini almashtirish ishlari rejalashtirilgan bo‘lib, 2025-yilning 8-yanvar kuni Yanchish va flotatsiyalash sexida Weir Minerals kompaniyasining 4-avtomatlashtirilgan nasos-gidrosiklon qurilmasini o‘rnatish ishlari yakunlanib, foydalanishga topshirildi.
Navbatdagi nasos-gidrosiklon qurilmasi Yanchish va flotatsiyalash sexi I texnologik seksiyasining №3 (1) yanchish tegirmonlarida o‘rnatildi.
Bunga qadar Weir Minerals kompaniyasining 3 ta nasos-gidrosiklon qurilmalari Yanchish va flotatsiyalash sexi VIII, IX va I seksiyalarining №24 (23A), №26 (25) va №2A (2) yanchish tegirmonlarida o‘rnatilib, foydalanishga topshirilgan edi.
Yanchish va flotatsiyalash sexi smena ustasi Yorqinjon Usmonovning ta'kidlashicha, ushbu qurilmalar bir qator afzalliklarga ega. Xususan, yanchilgan mahsulotning sinflanish jarayonini avtomatlashtirish, flotatsiya jarayoniga kiruvchi -0.074 mm sinf o‘lchami bo‘yicha mahsulot kattaligi rejim ko‘rsatkichlarining 10%ga yaxshilash (amalda 60-61%) hamda mahsulotning texnologik jarayondagi aylanma harakatini qisqartirish evaziga ishlab chiqarish unumdorligiga erishiladi. Natijada, rejim ko‘rsatkichlariga ega mahsulotning flotatsiya jarayoniga berilishi ma'dandan metallarni ajratib olish ko‘rsatkichini rejadan og‘ishlarsiz bajarish imkonini yaratadi.
Rejalashtirilgan demontaj va montaj ishlari tufayli belgilangan rejaviy ko‘rsatkichlardan og‘ishlar vujudga kelmasligi uchun Yanchish va flotasiyalash sexi hamda 2-sonli maydalash va boyitish majmuasining har bir yanchish liniyasida ketma-ketlikda tasdiqlangan ta'mirlash jadvallari asosida nasos-gidrosiklon qurilmalarini almashtirish ishlari amalga oshiriladi.
Ma'lumot uchun: shu kunga qadar 4 ta nasos-gidrosiklon qurilmalari jamlanmasi fabrika sexlariga o‘rnatildi. Yana 19 ta ushbu qurilmalarning jamlanmasi 2026-yilning boshiga qadar o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan.
Axborot xizmati