Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

OKMK gandbolchilari – Markaziy Osiyo chempionlari!

09 Aprel 2026, 10:15 59

Joriy yilning 30-mart - 5-aprel kunlari Toshkent shahridagi “Olimpiya shaharchasi” majmuasida gandbol bo‘yicha ayollar va erkaklar jamoalari o‘rtasida Markaziy Osiyo ochiq chempionati o‘tkazildi.

Mazkur nufuzli musobaqada murabbiy Hasan Qayumov boshchiligidagi OKMK erkaklar jamoasi hamda murabbiy Vladimir Mo‘minov boshchiligidagi OKMK ayollar jamoasi ham ishtirok etishdi.

Erkaklar o‘rtasidagi musobaqa 2 ta guruhda tashkil etilgan bo‘lib, “A” guruhida OKMK hamda Navoiy viloyati  jamoasi, shuningdek Qozog‘istonning “Chimkent”, “Astana” va Hindiston-2 jamoalari o‘rin oldi.

“B” guruhida Xorazmning “Ma’mun”, Surxondaryoning “TerDU”, U-18 terma jamoasi hamda Hindiston-1 va Qozog‘istonning “Turan” jamoalari o‘zaro kurashga kirishdi.

Ayollar o‘rtasidagi bahslar ham  ikki guruhga bo‘lingan holda o‘tkazildi.

“A” guruhidan O‘zbekiston terma jamoasi, Qozog‘istonning “Astana” va “Chimkent” hamda Navoiy viloyati jamoalari o‘zaro raqobatga kirishdi.

 “B” guruhida yurtimizning U-18 hamda OKMK jamoalari bilan bir qatorda Qozog‘istoning “Turan-Turkistan” va “Astana yoshlar” jamoalari o‘rin oldi.

Musobaqada barcha uchrashuvlarni ko‘tarinki ruhda o‘tkazgan Hasan Qayumov shogirdlari finalda “Ma’mun” jamoasi 29-28 hisobida mag‘lub etib, musobaqa g‘olibligini qo‘lga kiritishdi.

Vladimir Mo‘minov shogirdlariga biroz omad yetishmadi. Ular “Turan-Turkistan” jamoasi bilan uchinchi o‘rin uchun o‘tkazilgan o‘yinda 29-22 hisobida imkoniyatni boy berishdi.

Shu tariqa OKMK erkaklar gandbol jamoasi Markaziy Osiyo chempionlari sifatida e’tirof etilishdi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech