Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

“Gender tenglik faoli” milliy tanlovida OKMK e’tirof etildi

19 Dekabr 2025, 13:54 637

Ma’lumki, Oliy Majlis Senati, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi hamda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tashabbusi bilan “Gender tenglik faoli” milliy tanlovi o‘tkazib kelinmoqda.

Tashkilotlar va jamoatchilik o‘rtasida gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan siyosatni shakllantirish, bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarga keng jamoatchilik e’tiborini qaratish, soha rivojiga hissa qo‘shayotgan faol subyektlarni rag‘batlantirish hamda ularning ilg‘or tajribalarini ommalashtirish maqsadida o‘tkazib kelinayotgan “Ayol ma’rifati - jamiyat taraqqiyotining mustahkam poydevori!” shiori ostidagi tanlovning Toshkent viloyati bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bugun “Metallurg” madaniyat saroyida tashkil etildi.

Tadbirda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, OKMK boshqaruv raisining xodimlar va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Sa’di Shermatov va soha mas’ullari ishtirok etishdi.

Tadbir avvalida so‘z olgan Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev davlatimiz rahbari rahnamoligida yurtimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, huquq va manfaatlarini ta’minlash borasida keng ko‘lamli, izchil islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Bu kabi tanlovlar mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni, salohiyati va faolligini yuksaltirishga qaratilgan ezgu tashabbuslarning yorqin ifodasi ekanligini bildirdi.

Tadbir davomida kombinatda faoliyat yuritib kelayotgan “Oltin qo‘llar” iste’dodli xotin-qizlar klubi tomonidan tayyorlangan qo‘l mehnatini aks ettiruvchi ko‘rgazmalari, milliy liboslar namoyishi taqdim etildi.

E’tiborlisi tanlovning viloyat bosqichida “Olmaliq KMK” AJ "Gender tenglikni ta’minlashda eng faol respublika darajasidagi davlat organi" nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib deb topilib, Respublika bosqichiga yo‘llanmaga sazovor bo‘ldi.

Shuningdek, bugun “Yil ayoli”, “Eng namunali mahalla xotin-qizlar faoli” milliy tanlovlarining Toshkent viloyati bosqichi g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham o‘tkazildi.

OKMK Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech