Рус O'z En
Ishonch telefoni
Qayta bog'lanish

Halollik — eng oliy fazilat

17 Aprel 2026, 10:48 475

“Jonajon kombinatimizni korrupsiyadan mutlaqo holi hududga aylantiraylik!” shiori ostidagi navbatdagi profilaktik tadbir kuni kecha Texnologik transport boshqarmasida o‘tkazildi.

Tadbirda Toshkent viloyati IIB OKMKdagi IIB tezkor xodimi Muhammad To‘raqulov, Olmaliq IIB TB katta tergovchisi Ixtiyor Jo‘raqulov, “Ramazoni sharif” jome masjidi noib imomi Saidislomxon Abdullaxanov, OKMK Komplayens bo‘limi mas’ul xodimi Gulnoza Sabriyevalar ishtirok etishdi.

Ochiq muloqot tarzida o‘tkazilgan tadbirda mas’ullar diniy ekstremizm, turli yot diniy oqimlarning ta’siriga tushib qolmaslik, poraxo‘rlik, korrupsiyaga qarshi kurashish, onlayn firibgarlik jinoyatlari borasida o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

- Bugungi kunda ishga kiritib qo‘yaman yoki haydovchilik guvohnomasini olib beraman, deb sodda odamlarni ishonchiga kirib, aldov yo‘li bilan pul mablag‘larini o‘zlashtirish orqali firibgarlik jinoyatini sodir etish holatlari ko‘plab uchramoqda, - deydi I.Jo‘raqulov. -Jinoyat kodeksida pora olganga ham berganga ham va o‘rtada vositachilik qilganganga ham jazo muqarrarligi belgilab qo‘yilgan. Bugun yurtimizda jamiyatning bu illatiga qat’iy ravishda kurash olib borilmoqda. Qayerda korrupsiyaviy holatlarga duch kelsangiz zudlik bilan huquq-tartibot idoralariga xabar bering.

- Mashiy korrupsiya - davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida fuqarolar va davlat xizmatchilari o‘rtasida kelib chiqadigan korrupsiya turiga aytiladi. Bundan tashqari, biznesdagi korrupsiya, deb davlat xizmatchilari va tadbirkorlar o‘rtasida kelib chiqadigan korrupsiya turi tushuniladi. Hokimlar, vazirlar, sud hokimiyati, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan sodir etiladigan korrupsiya esa siyosiy elitar korrupsiya turiga kiradi, - deydi Gulnoza Sabriyeva. -  Korrupsiyaning har qanday turi jamiyat rivojiga jiddiy xavf bo‘lib, unga qarshi kurashishda barcha birdek harakat qilishi lozim.

Shunday ekan, har birimiz, avvalo, o‘z mehnat faoliyatimizda halol bo‘laylik va har qanday korrupsiyaviy holatlarga nisbatan murosasiz munosabatimizni bildiraylik. Unutmaylikki, korrupsiya – taraqqiyot dushmani. Unga qarshi kurashish har birimizning burchimizdir.

Eslatib o‘tamiz, bu kabi tadbirlar barcha tarkibiy bo‘linmalarda o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, tadbirlarda “Manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va bartaraf etish”, “Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish”, shuningdek “Prezidentimizning 2025-yil 26-dekabrdagi O‘zbekiston xalqi va Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasi” kabi mavzular qamrab olinadi.

Axborot xizmati

Bo`lishmoq:
Text to speech